AsosiyJinoyat

O`zbekistonda “Xalifalik” davlatini qurish haqidagi g`oyalarni doimiy targ`ib qilib kelgan 12 nafar shaxs qo`lga olindi

'O`zbekistonda “Xalifalik” davlatini qurish haqidagi g`oyalarni doimiy targ`ib qilib kelgan 12 nafar shaxs qo`lga olindi'ning rasmi

Bugun, 17 sentyabr kuni, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan Toshkent shahrining Olmazor, Uchtepa, Yashnobod va Yunusobod tumanlarida istiqomat qiluvchi 12 nafar “Hizb-ut Tahrir” diniy ekstremistik tashkiloti a`zolarining jinoiy faoliyatiga chek qo`yishga qaratilgan tezkor tadbirlar o`tkazilib, gumonlanuvchilar ushlandi va qamoqqa olindi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati xabar bermoqda. 

Ushlangan “Tahrirchilar”ning barchasi 1980 y.t. Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi “R.U.”ning g`oyaviy ta`siri ostida ekstremistik faoliyat bilan shug`ullanib kelganlar. “R.U.” va uning jinoiy aloqalari internet ijtimoiy tarmog`i orqali Ukraina davlatida yashirinib kelayotgan 1980 yilda Qirg`iziston Respublikasida tug`ilgan, “Maxmud Abdulmo`min” taxallusli – Xoldarov Maxmudjon Abdumalikovich bilan aloqa o`rnatib, uning ma`ruzalari va “Hizb-ut Tahrir” ekstremistik tashkiloti materiallarini aholi orasida tarqatish hamda uning ko`rsatmalari asosida “tahrirchilar” safiga yangi a`zolarni yollash bilan shug`ullanib kelganlar. Shuningdek, ular Respublikamizda “Xalifalik” davlatini qurish to`g`risidagi g`oyalarni doimiy ravishda targ`ib qilishgan.

Mazkur shaxslarning yashash manzillarida va uyali aloqa vositalarida “Hizb-ut Tahrir” diniy ekstremistik tashkilotining adabiyotlari va materiallari mavjudligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Hozirda ularning noqonuniy xatti-harakatlariga huquqiy baho berish va javobgarlikka tortish maqsadida tergov-surishtiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.

"Hurmatli fuqarolar! Ichki ishlar vazirligi Sizlarni ogohlantiradi. “Hizb-ut Tahrir” diniy ekstremistik tashkiloti safida faoliyat qilish, g`oyalarini qo`llab-quvvatlash, shu bilan birga “Maxmud Abdulmo`min” taxallusi bilan yo`g`rilgan ma`ruza va materiallarni saqlash hamda tarqatish jinoiy javobgarlikka tortilishga sabab bo`ladi. O`zingizni va farzandlaringizni “Hizb-ut Tahrir” va boshqa ekstremistik tashkilotlar safiga qo`shilib qolishidan asrang!"- deyiladi rasmiy xabarda.

    Boshqa yangiliklar