my5
Sevimli

Fuqaroning o`limiga sababchi bo`lganlarga sud hukmi o`qildi

Jinoyat 21.09.2021, 12:37
Теглар: jinoyatchi
Fuqaroning o`limiga sababchi bo`lganlarga sud hukmi o`qildi

His-tuyg`ularimizni nazorat qilishni o`rgansak, bu biz uchun koni foyda. Ba`zan jahlimiz chiqishiga asosli sabablarimiz bo`lsa-da, uni jilovlamaslik o`zimizga ziyon qiladi. Zamonaviy tadqiqotchilarning ta`kidlashicha, ko`pincha insonlar jahli chiqib turgan paytda aytgan gaplaridan yoki qilgan ishlaridan keyinchalik qattiq afsuslanishar ekan. Quyidagi voqea qahramonlarining ham bir lahza jahl otiga minishlari bir begunoh insonning umriga zomin bo`ldi.

                                 Qarindoshidan jazolashni iltimos qildi

Karima (ismlar o`zgartirilgan) ishlab chiqarish sexida yollanma tarzda oshpazlik bilan shug`ullangan. U mazkur sexda o`zi kabi oshpaz vazifasida ishlab kelayotgan Rustam bilan ish yuzasidan arzimagan sabablarga ko`ra, ko`p bora o`zaro haqoratli so`zlar bilan og`zaki janjallashib kelgan. U navbatdagi dahanaki janjal vaqtida oshxona pichog`ini qo`liga olib, sexda bo`lgan boshqa ishchilar ko`z o`ngida pichoq bilan namoyishkorona Rustamga tashlanadi. Uni o`ldirish bilan qo`rqitgandan keyin atrofdagi ishchilar ularni ajratib qo`yadi. Karima bu bilan taskin topmaydi. Rustam bilan bo`lgan janjal haqida qarindoshi Nizomga telefon orqali xabar berib, “viloyatlik bezori”ni jazolab qo`yishni iltimos qiladi. Nizom o`z navbatida bu haqda tanishi Shaxbozga ma`lum qiladi. Ular birgalikda Nizom boshqaruvida bo`lgan avtomashinaga o`tirishib, yo`l-yo`lakay Karimani yonlariga olgan holda Rustamning oldiga yo`l olishadi. 

Bu erda yigitlar kafening orqa hovlisida Rustam va u bilan birga ishlovchi Mansur bilan uchrashib, ular bilan o`zaro janjal chiqarishga erishishadi. Nizom jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, bezorilik harakatlarini oldini olish chorasini ko`rgan Mansurga qarshilik ko`rsatib, uni yuz qismiga qo`llari bilan urib-do`pposlab, tan jarohati etkazgan.

Bundan tashqari, Shaxboz mazkur janjal vaqtida, Mansurni bezorilik oqibatida qasddan o`ldirish maqsadida, uni hayotdan mahrum etish qasdi bilan harakat qilib, qilmishining ijtimoiy xavfli oqibatlariga ko`zi etgani holda, o`lim yuz berishini istab, payt poylab, o`zining yonida bo`lgan “finka” pichog`i bilan Mansurning hayoti uchun xavfli bo`lgan chap ko`krak qafasiga bir marotaba urib, odam hayoti uchun muhim a`zoni jarohatlab, voqea joyidan yashiringan.

Shaxboz tomonidan etkazilgan tan jarohati oqibatida Mansur vafot etgan.

                      “Tur” degandek oyog`imni turtdi...

Sudlanuvchi Karima sud majlisida, o`z aybiga to`liq iqrorlik bildirib, dastlabki tergov jarayonidagi ko`rsatmalarini tasdiqlab, quyidagilarni ma`lum qildi:

— Voqea sodir bo`lgan kuni har doimgidek sex ishchilariga nonushta tayyorladim. Ular nonushta qilishayotganda kun sovuq bo`lgani uchun go`shtxonaga chiqib, u erdagi issiq pech yoniga borib o`tirdim. Birozdan so`ng xonaga kirgan Rustam menga qarab, “Nimaga meni ish joyimda o`tiribsan, tur o`rningdan”, deb qo`pol muomala qildi. Uning bunday munosabatidan, sensiraganidan jahlim chiqib, “To`g`ri muomala qil”, dedim. Rustam oldimga kelib, “Tur” degandek oyog`imni turtdi. Uning bu qilig`idan keyin jahl qilib, xonadan chiqib ketdim. Kayfiyatim bo`lmay o`tirganimni ko`rgan birga ishlaydigan Bahrom ismli yigit oldimga kelib, nima bo`lganligini so`radi. O`pkam to`lib turgani uchun bo`lgan voqeani unga yig`lab, aytib berdim. Gapimni eshitgan Bahrom Rustamni chaqirib chiqib, “Nimaga ayol kishiga qo`pol muomala qilding?” deb so`radi. Rustam unga qarab, “Karima seni kiming bo`ladi? Nimaga uning tarafini olyapsan?” deb so`radi. Ular og`zaki aytishib ketishdi, shunda Rustam meni “fohisha”, degan ma`noda haqorat qildi. Bu gapdan so`ng unga “fohishaligimni isbotlab ber”, deb baqirdim. Rustamning gapi alam qilganidan oshxona pichog`ini olib, unga tashlandim. Hamkasblarim qo`limdan ushlab, meni to`xtatib qolishdi, Rustam esa xonadan qochib ketdi. Uning meni fohishalikda ayblagani qattiq ta`sir qildi. O`zimni bosa olmay, amakimning o`g`li Nizomga qo`ng`iroq qilib, Rustamning tanobini tortib qo`yishni iltimos qildim. U birozdan keyin tanishi Shaxboz bilan oldimga keldi. Birgalikda Rustamning oldiga bordik. U erda janjal ko`tarilib, asosiy aybdor Rustam qolib, Shaxboz men bilan birga ishlovchi Mansurni pichoqlab qo`ydi. Hozirda qilmishimdan pushaymonman, sodir etgan harakatlarim oqibatini endi anglab etdim, ayolligimni, aybimga iqrorligimni inobatga olib, menga engillik berishingizni iltimos qilaman...

                                    Hukm o`qildi

Shahboz Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “l” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli, deb topilib, 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Nizom JKning 277-moddasi 3-qismining “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli, deb topilib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Karima JK 112-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli, deb topilib, ish haqining 30 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

 Bobomurod KARIMOV, jinoyat ishlari bo`yicha Uchtepa tuman sudi sudyasi,
 Lola Shoimova, jurnalist

Шарҳлар

Andijonda Koreya Respublikasiga ishga yuborishni va`da qilgan firibgar qo`lga olindi

23.07.2021, 17:44

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning xabar berishicha, DXXning Andijon viloyat boshqarmalari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro Sh.N. boshqa bir fuqaroga o`zini mehnat migrasiyasi sobiq xodimi sifatida...
Buxoroda 8 marotaba sudlangan jinoyatchi qo`lga olindi

10.07.2021, 18:55

Buxoro viloyati IIB ning ma`lum qilishicha, tergov organlaridan yashirinib yurgan jinoyatchiga  Buxoro shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 4-son Ichki ishlar bo`limi huzuridagi tergov...