O`zbekiston elchisi Alisher A`zamxo`jaev Turkiya qishloq va o`rmon xo`jaligi vaziri Bekir Pakdemirli bilan uchrashuv o`tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
Tomonlar mamlakat iqtisodiyoti rivojlanishi va aholi farovonligini ta`minlashda agrosanoat majmui ulkan ahamiyatga ega ekanini ta`kidladi.
O`zbekiston elchisi so`nggi yillarda mamlakatimizda qishloq xo`jaligini isloh qilish, xususan, sohada davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, bozor munosabatlarini keng joriy qilish, qishloq xo`jaligi mahsulotlarini etishtiruvchi, qayta ishlovchi va eksport qiluvchi sub`ektlar o`rtasidagi munosabatlarning huquqiy asosini mustahkamlash, sohaga investisiyalar jalb qilish borasidagi muayyan ishlar haqida ma`lumot berdi.
Bekir Pakdemirli O`zbekistonda qishloq xo`jaligini rivojlantirish bo`yicha amalga oshirayotgan izchil islohatlarni kuzatib borayotganini bildirdi. Uning aytishicha, Turkiya qishloq va o`rmon xo`jaligi vazirligi O`zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor.
Turkiya qishloq va o`rmon xo`jaligi vaziri bog`dorchilik, o`rmon va issiqxona xo`jaliklari sohasi mutaxassislari uchun Turkiyada qisqa muddatli, shu jumladan, masofaviy treninglar tashkil etishga ko`mak berishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv natijasida vazir Bekir Pakdemirli boshchiligidagi Turkiya qishloq va o`rmon xo`jaligi vazirligi delegasiyasining joriy yil noyabr-dekabr oylarida O`zbekistonga tashrifini tashkil etish bo`yicha kelishib olindi.