my5
Sevimli

Namangan shahri ham "million" shaharga aylanadi

Siyosat 28.09.2021, 13:11
Теглар: million shahar
Namangan shahri ham "million" shaharga aylanadi

Bundan oldin Samarqand shahrining "million" shaharga aylanishi va bu bilan qanday afzalliklarga erishish mumkinligi haqida yozgan edik. Shavkat Mirziyoev Namanganda bo`lib o`tgan yig`ilishda Namangan shahri ham million kishi yashaydigan shahar bo`lishini ma`lum qildi.

"Darakchi" muxbiri Sardorbek Rahmonqulovning yig`ilishdan xabar berishicha, prezident bu haqda o`z nutqtning uy-joy qurish, yo`l-transport va muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish bandida to`xtalib o`tgan. 

Bunga qanday erishiladi?

Buning uchun Yuksalish massivida 30 ming oila uchun 330 ta ko`p qavatli uylar, maktab, bog`cha, shifoxona, kichik sanoat zonalari, xizmat ko`rsatish ob`ektlarini qamrab olgan “Yangi Namangan” shaharchasi bunyod etiladi. Shuningdek, shaharchada 95 gektar maydonda “Yangi O`zbekiston bog`i” barpo qilinadi. Namangan shahri markazida barcha qulayliklarga ega, Xalqaro ishbilarmonlik markazi quriladi.  

Bundan tashqari, viloyatda kelgusi besh yilda jami 16 ming xonadonli 700 ta ko`p qavatli uylar quriladi. Bu – oldingi yillarga nisbatan 1,9 barobar ko`p, degani.

Infratuzilma-chi?

Namangan shahrida 360 ta ko`p qavatli uylar va 16 ta ijtimoiy soha ob`ektlarining issiqlik tizimini modernizasiya qilishga 15 million dollar yo`naltiriladi.  

Namangan shahridagi avtomobil qatnovi tirband bo`lgan 5 ta ko`chalarda yo`l o`tkazgichlar quriladi.

Kelgusi besh yilda viloyatda markazlashgan ichimlik suvi bilan ta`minlash darajasi 63 foizdan 85 foizga etkaziladi. Ayniqsa, 250 million dollarlik loyihani amalga oshirish hisobiga, Namangan shahri, Mingbuloq, Namangan, Pop, Chortoq va Chust tumanlarining 123 ta mahallasida yashovchi 360 ming nafar aholiga ilk bor markazlashgan ichimlik suvi etib boradi.

Buning uchun, 850 kilometr ichimlik suvi va 60 kilometr kanalizasiya tarmog`i, 30 ta suv inshooti hamda 3 ta oqova suv inshooti barpo etiladi.

Bundan tashqari, elektr energiyasi ta`minotini yaxshilash maqsadida, kelgusi besh yilda 6,5 ming kilometr tarmoqlar yangidan quriladi va rekonstruksiya qilinadi, 2 mingga yaqin transformator va 12 ta podstansiya yangilanadi.

Shuningdek, 7 ming kilometr avtomobil yo`llari va 252 ta ko`prikni qurish va ta`mirlash uchun kelgusi besh yilda 4 trillion so`m mablag` yo`naltiriladi.

Jamoat transporti etib bormagan 40 ta aholi punktiga avtobus qatnovlari yo`lga qo`yilib, ushbu maqsadlar uchun 200 dona avtobuslar xarid qilinadi.

Umuman olganda, kelgusi besh yilda Namangan viloyatini iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish uchun davlat hisobidan 40 trillion so`m yo`naltiriladi.

Bundan 6,5 trillion so`mi davlat byudjeti hisobidan loyihalar, aytib o`tilgan dasturlarga yo`naltiriladi.

Shuningdek, byudjetdan turli yo`nalishlarga yiliga 670 milliard so`m subsidiyalar ham ajratiladi.

Bir narsani aniq tushunib olish lozim. Xalqning pulini adolatli taqsimlash, maqsadli va manzilli ishlatishni tashkil etishimiz zarur.

Buning uchun, kelgusi yillarda hududni “korrupsiyadan xoli qilish” bo`yicha Namangan viloyati barchaga namuna bo`lishi uchun alohida dastur qabul qilinadi.

Шарҳлар