AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev O`zbekiston o`qituvchi va murabbiylarini kasb bayrami bilan tabrikladi

'Shavkat Mirziyoev O`zbekiston o`qituvchi va murabbiylarini kasb bayrami bilan tabrikladi'ning rasmi

"Muhtaram ustoz va murabbiylar!

Qadrli faxriylar!

Avvalo, siz, azizlarni, ta`lim-tarbiya sohasining barcha jonkuyar xodimlarini umumxalq bayrami – O`qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Ushbu qutlug` ayyomda siz, zahmatkash ustozlarga ko`nglimizda, yuragimizda bo`lgan yuksak hurmat-ehtirom va ezgu tilaklarni so`z bilan to`liq ifoda etish qiyin, albatta. Chunki sizlar dunyodagi eng bebaho boylik va boqiy merosni yaratish, uni xalqimizga, unib-o`sib kelayotgan yosh avlodimizga bezavol etkazish yo`lida chinakam fidoyilik ko`rsatib mehnat qilayotgan ulug` insonlarsiz. Bu ulkan boylik – aql-zakovat va ilm, bu o`lmas meros – yaxshi tarbiyadir.

Shu bois bugun sizlarning sha`ningizga bildirayotgan olijanob istaklarimiz, ta`zim va tashakkurlarimizni butun el-yurtimizning cheksiz hurmat va ehtiromi ramzi sifatida qabul etgaysiz.

Aziz yurtdoshlar!

Mamlakatimizda so`nggi yillarda ilm-fan va ta`lim-tarbiya sohasini davlat siyosatining ustuvor yo`nalishiga aylantirishga qaratilgan, oilada farzand tug`ilganidan boshlab, kamolot yoshiga etgunga qadar uni har tomonlama qo`llab-quvvatlaydigan, hayotda munosib o`rin topishiga xizmat qiladigan yaxlit va uzluksiz tizim yaratilmoqda.

Biz bu jarayonda inson kapitaliga e`tiborni yanada kuchaytirish, buning uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etish borasida muhim dastur va loyihalarni amalga oshirmoqdamiz. Masalan, besh yil oldin yurtimizda 5 ming 211 ta bog`cha faoliyat ko`rsatgan bo`lsa, hozirgi kunda bu raqam 19 ming 316 taga, tizimdagi qamrov 62 foizga, 6 yoshdagi bolalar o`rtasida esa 77 foizga etdi.

Mamlakatimizda yangi turdagi va yangi sifat bosqichidagi ta`lim maskanlari, xususan, Prezident maktablari, ijod maktablari, ixtisoslashgan maktablar faoliyat yuritmoqda. Hozirgi kunga kelib, matematika yo`nalishida 112 ta, fizika yo`nalishida 14 ta, kimyo-biologiya bo`yicha 87 ta, informatika va axborot-kommunikasiya texnologiyalari bo`yicha 99 ta, xorijiy tillar bo`yicha 207 ta ixtisoslashgan maktablar faoliyat olib borayotganini alohida ta`kidlab o`tish lozim.

Oliy ta`lim sohasida ham jiddiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Oxirgi besh yilda chet ellardagi nufuzli oliy ta`lim muassasalari bilan hamkorlikda 67 ta yangi universitet va institutlar hamda filiallari barpo etilib, ularning umumiy soni 144 taga etkazilgani, qamrov darajasi 3 karra ortib, 9 foizdan 28 foizga etgani ham shundan dalolat beradi.

Joriy o`quv yilida eng zamonaviy talab va standartlar asosida tashkil etilgan Yangi O`zbekiston universiteti dastlabki talabalarni o`z bag`riga qabul qildi.

Bunday yangilanish jarayonlarida ustoz-murabbiylarimizning ishga, hayotga munosabati va mas`uliyati tubdan o`zgarib, ularning doimiy izlanib, yangilikka intilib yashayotgani, ilg`or ta`lim texnologiyalari va metodikalarini puxta o`zlashtirib borayotgani, hech shubhasiz, hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.

Muhtaram vatandoshlar!

Bugungi shiddatli zamon oldimizga qanday murakkab vazifalarni qo`yayotganini barchamiz ko`rib, bilib turibmiz. Ularni hal etish va ezgu maqsadlarimizga etish, dunyo miqyosida raqobatbardosh bo`lish uchun xalqimizni, avvalambor, yoshlarimizni  ilm-fan, ma`rifat va ma`naviyat, taraqqiyot yutuqlari bilan qurollantirishimiz kerak.

Ayni shu maqsadda ta`lim mazmunini to`liq yangilash uchun  mamlakatimiz olimlari, tajribali pedagoglar va xorijiy ekspertlarni keng jalb qilgan holda, Milliy o`quv dasturi yaratilib, bosqichma-bosqich amaliyotga tatbiq etilmoqda.

Zamonaviy darsliklarni yaratish bo`yicha dastlabki natijalarga erishilib, joriy yilda ilk bor bir milliondan ortiq boshlang`ich sinf o`quvchilarimiz yangi darsliklar bo`yicha ta`lim olmoqda.

Bugungi kunda oliy ta`lim tizimini yangi sifat bosqichiga ko`tarish, sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish, oliygohlarimizni ta`lim va ilm-fanning yirik markazlariga aylantirish bo`yicha boshlagan katta ishlarimizni jadal davom ettirishimiz lozim.

Ta`lim sohasining yana bir muhim vazifasi – faol fuqarolik pozisiyasiga ega bo`lgan, Vatan va xalq manfaatlarini qat`iy himoya qila oladigan, zamonaviy, keng fikrlaydigan yoshlar avlodini shakllantirishdan iborat.  Shu sababli “Uzluksiz ta`lim tizimida ijtimoiy fanlarni o`qitish tartibi va tamoyillari konsepsiyasi”ni ishlab chiqish va uni amaliyotga joriy etish ob`ektiv zaruratga aylanmoqda, deb o`ylayman.

Hurmatli ustoz va murabbiylar!

Jamiyatimizda bog`cha tarbiyachisi, maktab muallimi, oliygohlarning professor-o`qituvchilari va ilmiy-ijodiy ziyolilarni bugun biz intilayotgan Uchinchi Renessansning to`rt tayanch ustuni deb e`tirof etmoqdamiz.  Shundan kelib chiqib, ularning hurmat-e`tiborini oshirish, xususan, muallim va ustozlarning qadri, sha`ni va g`ururini tiklash, mashaqqatli va sharafli mehnatini moddiy va ma`naviy rag`batlantirish bo`yicha boshlagan ishlarimizni albatta yangi pog`onaga ko`taramiz.

Siz, azizlarni qutlug` bayramingiz bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, ezgu faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Hamisha sog`-omon bo`ling, muhtaram ustozlar!"

 

Shavkat Mirziyoev

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti

    Boshqa yangiliklar