“Alohida ta`lim ehtiyojlari bo`lgan bolalarga ta`lim berishga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to`g`risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi
Qaror bilan, jumladan, Umumiy o`rta ta`lim tashkilotlarida inklyuziv ta`limni tashkil etish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko`ra, o`quvchilarning bino ichida harakatlanishi va ta`lim olishlari uchun maxsus sharoitlar yaratilgan maktablarda inklyuziv va boshlang`ich tayanch korreksion sinflar tashkil etiladi.
Bunda o`quvchilar birinchi sinfga 7 yoshga to`ladigan yilda qabul qilinadi.
Shuningdek, maktablar uchun belgilangan yosh me`yoridan ikki yilga oshgan bolalarni qabul qilishga ruxsat etiladi.
O`quvchilarni mazkur sinflarga qabul qilish hududiy xalq ta`limi boshqarmasi huzurida tashkil etilgan Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya xulosasiga ko`ra, ota-onalar yoki ularning o`rnini bosuvchi shaxslar roziligi bilan amalga oshiriladi.
Inklyuziv ta`lim sinflarida jami o`quvchilar soni 30 nafardan oshmasligi kerak.
Inklyuziv va boshlang`ich tayanch korreksion sinflarga faqat bir xil tibbiy tashxisdagi o`quvchilar qabul qilinadi.
Qarorga ko`ra, inklyuzif ta`lim sinflari o`qituvchilariga mehnatning alohida sharoitlari uchun har oyda to`lanadigan ustama haqi quyidagicha:
➖ sinfda alohida ta`lim ehtiyojlari bo`lgan bir nafar bola uchun – lavozim maoshining 10 foizi;
➖ 2 nafar bola uchun – lavozim maoshining 20 foizi;
➖ 3 nafar bola uchun – lavozim maoshining 30 foizi;
➖ ikki va undan ortiq inklyuziv ta`lim sinflarida 4 nafar va undan ortiq bola uchun ta`lim-tarbiya ishlarini olib borgan o`qituvchilarga va maxsus pedagoglarga – lavozim maoshining 30 foizi miqdorida.