Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqanddagi bog`chada mudira pishgan go`shtlarni o`g`irlab ketayotgani aks etgan video tarqalgan edi.
Viloyat Maktabgacha ta`lim boshqarmasi holatga munosabat bildirdi.
Aniqlanishicha, Paxtachi tuman "Hayit Elbegi" MFYda joylashgan 28-sonli MTTda bosh oshpaz O`.A. pishirilgan 4,7 kg go`shtni olib kirxonaga yashirib, so`ngra kirxona derazasidan MTT xo`jalik mudirasi M.E.ga berganini va M.E. pishgan 4,7 kg go`shtni MTT hovlisidan olib chiqib ketayotganda, MTT tarbiyachilari N.N. hamda M.U.lar uni ushlab, holatni videoga olishgan.
Shundan so`ng, O`.A. hamda M.E. bilan suhbat o`tkazilganda, bu ishlarni doimo MTT direktori Sh.U.ning topshirig`i va ko`rsatmasiga asosan qilganini, haqiqatdan ham MTT tarbiyachilarining aytgan gaplari va ular tomonidan olingan videolavhalar to`g`ri ekanligini o`z tushuntirish xatlarida bayon qilishgan.
Shundan so`ng, bosh oshpaz O`.A. va xo`jalik mudirasi M.E. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
MTTdagi mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi mutasaddi tashkilotlar tomonidan qonun doirasida tegishli choralar ko`rilishi ma`lum qilindi.