Buyuk ma`rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy “Har bir millatning dunyoda borlig`ini ko`rsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo`qotmak millatning ruhini yo`qotmakdur” – degan so`zlaridan chuqur hikmat bor desak mubolag`a bo`lmaydi.
Darhaqiqat, o`zlikni anglash, milliy ong va tafakkurning ifodasi, avlodlar o`rtasidagi ruhiy-ma`naviy bog`liqlik til orqali namoyon bo`ladi. Jamiki ezgu fazilatlar inson qalbiga, avvalo, ona allasi, ona tilining betakror jozibasi bilan singadi. Ona tili bu millatning ruhidir.
Mamlakatimizda muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan o`zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish, ona tilimizning qadr-qimmatini joyiga qo`yish borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, davlatimiz rahbarining 2020 yil 23 sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining
75-sessiyasida o`zbek tilida so`zlagan nutqi bu boradagi sa`y-harakatlarga keng yo`l ochib, o`zbek tilining nafaqat respublikamizdagi, balki jahondagi nufuzini yanada mustahkamladi.
Barchamizga ma`lumki, 21 oktyabr − O`zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilingan kun. Shu munosabat bilan mustaqil diyorimizda 21 oktyabr sanasi O`zbek tili bayrami kuni sifatida keng nishonlanib kelinmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri, joriy yilning 15 oktyabr kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida O`zbek tili bayrami kuniga bag`ishlangan “Davlat tilini sevish, uning rivojlanishiga hissa qo`shish – barchamizning burchimizdir” mavzuida ma`naviy-ma`rifiy tadbir bo`lib o`tdi.
Tadbirda O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a`zosi, Muhammad Yusuf Fondi raisi, “Fidokorana xizmatlari uchun ordeni” sohibasi
Nazira Salyamova, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar ahkamasining “Ma`naviyat va davlat tilini rivojlantirish departamenti” mas`ul xodimi, O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a`zosi, taniqli shoir, publisist, tarjimon, “Xalq ta`limi a`lochisi” Faxriddin Hayit, O`zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi O`zbek tili, adabiyoti va folklori instituti katta ilmiy xodimi, filologiya fanlari bo`yicha falsafa doktori Zoxida Muqimova, Favqulodda vaziyatlar vazirining davlat tili masalalari bo`yicha maslahatchisi Bahodir Valiev hamda Akademiya professor-o`qituvchilari, harbiy xizmatchilari va kursantlar ishtirok etdi.
Tadbirda so`zga chiqqanlar, ona tilimizning o`ziga xosligi, bugungi kunda davlat tilining nufuzi va maqomini oshirish borasidagi islohotlarga to`xtalib, har bir vatan farzandi o`z ona tilini sevishi, uning qadr-qimmatini joyiga qo`yishda faol ishtirok etishi zarurligini, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti va uning joylardagi vakillari, ya`ni vazirlik, idoralarda faoliyat yuritayotgan davlat tili masalalari bo`yicha maslahatchilar tomonidan idoralarda davlat tilini rivojlantirish, davlat tilida ish yuritishni tashkil qilish ishlarining izchil davom ettirilayotganligini alohida ta`kidladilar.
Shundan so`ng, ijodkor mehmonlarimiz Ona tilini ulug`lovchi bir qator she`rlaridan tadbir qatnashchilarini bahramand etdilar.
Uchrashuvda kursantlar ham so`z olib, el ardog`idagi shoirlarning ijod namunalaridan yod aytib, ustoz shoirlardan esdalik she`riy to`plamlari bilan birga o`zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javoblar oldilar. Tadbir haqiqiy til bayrami va she`riy kecha sifatida qiziqarli o`tganligi bilan tadbir ishtirokchilarining iliq taassurotlar qoldirdi.
Farhodjon XOJAEV,
FVV Akademiyasi
katta o`qituvchisi, kapitan.