my5
Sevimli

Toshga aylangan tarix – Sarmishsoyga sayohat qilamiz (foto)

Jamiyat 17.10.2021, 19:11
Toshga aylangan tarix – Sarmishsoyga sayohat qilamiz (foto)

O`zbekiston turizmi. Bu so`zlarni eshitishimiz bilan ko`z oldimizga Samarqand, Buxoro, Xiva obidalari va ziyoratgohlari, turli mahalliy hamda hududiy milliy taomlar yoki zamonaviy shaharlarimizning diqqatga sazovor maskanlari ko`z oldimizga keladi. Biroq yana bir shunday turizm yo`nalishi borki, haqiqiy zavq, adrenalin va sarguzashtlari bilan barchani birdek o`ziga qiziqtira oladi – ekstremal va eko turizm. Mamlakatimizda bunday taasurotlarga eng boy hudud esa Navoiy viloyatidir. 14-15 oktyabr kunlari Turizm va sport vazirligi, Navoiy viloyati hokimligi hamda viloyat Turizm va sport bosh boshqarmasi hamkorligida ommaviy axbort vositalari uchun info-tur tashkil etildi. Maqsad – viloyatning turizm potensiali haqida qiziquvchilarni xabardor qilish.

Darhaqiqat, Navoiydaga har bir manzilgoh boshqa viloyatlarnikiga o`xshamagan, qiziq, sirli va maftunkor. Shu bilan birga eng tarixiy, desak ham yanglishmagan bo`lamiz.

Er yuzidagi eng katta tosh "san`at galereyasi"

Navoiy shahridan 40 km.cha uzoqlikdagi Qoratog` tog`ining janubiy yonbag`ridagi Nurato tog`larida joylashgan Samishsoy darasiga aynan shunday ta`rif beriladi. Sababi uzunligi 2,5 km.ga cho`zilgan bu darada 10 000 ga yaqin tosh qoyalarga o`yib chizilgan petrogliflarni ko`rishingiz mumkin.

Ushbu petrogliflar ilk marotaba qachon Sarmishsoy darasining qoyatoshlarida paydo bo`lganligi nomalum. Ammo olimlarning ta`kidlashicha, qadimgi odamlarning ilk manzilgohlari paleolit davrida aynan Sarmishsoy darasida paydo bo`lgan (taxminan mil. avv. 300-25 ming yillik). Buqa turlarning eng qadimiy tasvirlari esa miloddan avvalgi VII-II ming yillikda yaratilgan. Bu erdagi sak-skif qabilalarining hayoti bilan bog`liq bo`lgan dastlabki temir davri (miloddan avvalgi IX-II asrlar) kiyik, arxar, tuyalar, otlar va chavandozlar tasvirlari, ov manzaralari va marosimlari bilan ifodalanadi. Sarmishsoy tabiiy - arxeologik majmuasi muzey qo`riqxonasiga aylantirilgan bu manzilgohni “tosh kitob” va “ochiq osmon ostidagi tosh ensiklopediya” ham deyish mumkin. 

Shunchaki suratlar emas

Petrogliflarni uzoq kuzatib tursangiz, dara sokinligi bilan uyg`unlashib, o`sha davrlar hayotiga tushib qolasiz go`yo. Tosh asarlarda tasvirlangan olovning kashf etilishi, yovvoyi hayvonlarni xonakilashtirish davrlari, chorvachilik madaniyati tarixi va ov jarayonlari birma-bir ko`z oldingizdan o`taveradi. Ana shunda bu tasvirlar shunchaki suratlar emas, haqiqiy san`at asarlari ekanligiga amin bo`lasiz.

To`kin hayot

Toshlarga o`yib ishlangan, ba`zilari oxra asosida bo`yalgan tasvirlardan ma`lum bo`ladiki, bu darada bir paytlar to`kis hayot uchun barcha sharoitlar bo`lgan. Kiyik, arxar, tuyalar, yovvoyi buqalar, otlar va chavandozlar tasvirlari, ov manzaralari va marosimlar aks etgan suratlar bu fikrlarni tasdiqlab turibdi. Raqs sahnalari esa o`sha davrlarda ham musiqa bo`lganligi, bu hududda madaniyat rivojlanganligiga ishora qiladi.

Olimlarning fikricha, har bir petrofliflar 1-10 kun orasida chizilgan bo`lishi mumkin. Bu esa barcha hayot tashvishlaridan ortib, bu erlik aholi toshga suratlar chizishga ham vaqt topa olganliklaridan dalolatdir.

Bundan tashqari

Mazkur tabiatni muhofaza qilish zonasida petrogliflardan tashqari, qadimiy g`or rasmlari, toshlarni qayta ishlash ustaxonalari, shaxtalar, aholi punktlari, dafn etilgan joylar, tepaliklarni o`z ichiga olgan manzillar ham bor. Shuningdek, Sarmishsoyning o`simlik va hayvonot dunyosi ham juda ajoyib va xilma-xildir. Bu erda o`suvchi 650 dan ortiq o`simlik turlari ro`yxatga olingan. O`rta Osiyo kobrasi, burgutlarning bir nechta turlari, qora tulpor va Qizilqum tog` qo`ylari kabi hayvonlar O`zbekistonning “Qizil kitobi”ga kiritilgan.

U erni qanday topib boramiz?

Sarmishsoyga borish uchun Navoiy shahridan har shanba va yakshanba kunlari qatnaydigan mikroavtobuslar bilan "Sarmish" bolalar sog`lomlashtirish oromgohiga kelasiz. Ryukzagingizga egulik, suv va boshqa kerakli ash`yolaringizni solib, buyog`iga oyoqda yurib borasiz. 3,5 km.cha yursangiz,o`sha sirli va sokin dara qarshingizdan chiqadi. Qoyalarda o`z xavfsizligingizga e`tiborli bo`ling. Yana bir iltimos, sayohatga chiqasizmi yoki ziyoratga o`zingizdan atrof-muhitga axlat qoldirmang. Barcha madaniy boyliklar-u, ekologiyamizni kelajak avlodga o`z holicha etkazaylik. Sarmishsoy sizlarni kutmoqda! 

Safari turizmi

Sarmishsoy rang-barang Navoiy ekstremal va eko turizmi uchun birgina misol edi, xolos. Yuzlab kilometrlarga cho`zilib ketgan qum-barxanlar, sahrolar bag`rida yangidan tashkil etilgan cho`l (safari) turizmi ham viloyatda yaxshi yo`lga qo`yilgan. Konimex tumani markazidan 60 km uzoqlikda joylashgan “Camel travel” dam olish maskani bunga birgina misoldir. Bu erda tuya sutidan ichib, o`tovlarda tunab, gulxan atrofida baxshi ijrosidagi xalq qo`shiqlarini tinglash imkoniga ega bo`lasiz. Info-tur tashkil etilgan kun mazkur manzilgohda germaniyalik sayohlar dam olishayotganining guvohi bo`ldik.

Шарҳлар