my5
Sevimli

Farzandini bolg`a bilan urib o`ldirgan otaga hukm o`qildi

Jinoyat 18.10.2021, 12:47
Farzandini bolg`a bilan urib o`ldirgan otaga hukm o`qildi

Ota-bolaning navbatdagi janjali fojiali yakun topdi. Ota o`z pushti kamaridan bo`lgan o`g`lining umriga o`zi nuqta qo`ydi...

 

Boshiga ko`rpani tortib, uxlab qoladi

Nazir Xudoyberdiev (ism-shariflar o`zgartirilgan) mast holatda o`g`li Shavkat Xudoyberdiev bilan janjallashib qoladi. U o`g`lini qasddan o`ldirish maqsadida uning uxlab qolishini kutadi. Shavkat Xudoyberdiev televizor tomosha qilib yotadi, birozdan keyin boshiga ko`rpani tortib uxlab qoladi. Nazir Xudoyberdiev esa ilgaridan tayyorlab qo`ygan temir bolg`ani qo`liga olib, o`g`lining bosh qismiga bir necha marotaba urib, o`z farzandini qasddan o`ldiradi.

Sud-tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko`ra, Shavkat Xudoyberidevning o`limiga – bosh miya yumshoq pardasi ostiga qon quyilishi, boshning chap chakka-ensa va asos suyaklarining ko`plab, maydalanib sinishi sabab bo`lgan.

 

“O`sha ayol bilan yashamoqchi bo`lsang, alohida uy top...”

Sudlanuvchi sud majlisida aybiga to`liq iqrorlik bildirib, quyidagilarni ma`lum qildi:

— Bir xonali uyda turmush o`rtog`im, o`g`lim va ikki nafar voyaga etmagan qizim bilan istiqomat qilaman. Voqea sodir bo`lgan kuni turmush o`rtog`im qizlarimni olib, Andijon viloyatida yashovchi otasining uyiga ketgandi. O`sha kuni akamning uyiga uy yumushlariga qarashish uchun borgandim. U erdan kechki payt uyga qaytsam, o`g`lim Shavkat mast holatda o`tirgan ekan. U menga bir farzandli ayol bilan yashamoqchiligini, uni shu uyga olib kelmoqchiligini aytdi. Men unga “Uy tor, o`zimiz tiqilib yashayapmiz, o`sha ayol bilan yashamoqchi bo`lsang, alohida uy top”, dedim. Shunda Shavkat sensirab, “Ha, akangni uyiga borib kelib, yana boshladingmi? O`sha akang senga gap o`rgatadi”, deb akamni, onamni uyatsiz so`zlar bilan haqorat qildi. O`g`limning meni xaqorat qilgani alam qilib, ko`chaga chiqib, spirtli ichimlik iste`mol qildim. Uyga qaytganimda Shavkat televizor ko`rib o`tirardi. Men ham o`g`limning yoniga o`tirib, televizor tomosha qila boshladim. Shu payt uning telefoni jiringladi. Shavkatga o`sha ayol qo`ng`iroq qilib, nimanidir muhokama qilish jarayonida ular tortishib qolishdi. Shunda men o`g`limga “Kech bo`ldi, baqirib gaplashma”, deb tanbeh berdim. Shavkat esa jim bo`lishning o`rniga, meni yana xaqorat qila boshladi. Shundan so`ng menda uni biror narsa bilan qo`rqitib, tinchlantirish fikri tug`ildi. Soat taxminan 22:30 larda yuvinishi xonasida turgan bolg`ani o`g`lim yotgan xonaning burchagiga olib chiqib qo`ydim. So`ng tashqariga chiqib, sigareta chekdim. Ichkariga qaytganimda televizorning ovozi baland qilib qo`yilgan, o`g`lim esa ko`rpachani bo`yi barobar, boshiga tortib, uxlab yotardi. Sekingina borib, televizorni o`chirdim, o`g`lim bunga e`tibor bermadi. Shundan so`ng hojatxonaga kirib, yuz-qo`limni yuvdim. O`g`lim yotgan xonaga qaytib kirib, burchakda turgan bolg`ani qo`limga olib, bosh tomoniga o`tdim. Uning xaqoratlari, barcha qiliqlari ko`z o`ngimdan o`tdi, shundan keyin jahl bilan bosh qismiga ikki-uch marotaba urdim. Shundan keyin bolg`ani yuvinish xonasiga tashlab, uyni tashqaridan qulflagancha ko`chaga chiqib ketdim. 10-15 daqiqa aylanib, o`zimga kelganimdan keyin akamning uyiga borib, Shavkatni o`ldirib qo`yganimni aytdim. Akam gapimga ishonmay, men bilan birgalikda uyimga bordi. Meni uyga kirgim kelmay, kalitni akamga berdim, o`zim ko`chada qoldim. U ichkaridan chiqib, Shavkat o`lib qolganini aytdi. Shundan keyin u “102” va”103”ga qo`ng`iroq qildi. IIB xodimlari kelib, meni o`zlari bilan olib ketishdi. O`g`lim oxirgi paytlarda me`yoridan ortiq darajada spirtli ichimlikka ruju qo`ygandi. U ilgari ham ikki marotaba ozodlikdan mahrum qilish jazosini o`tagandi. Aslida o`g`limni o`ldirish niyatim yo`q edi, bu ishni mastligimda qildim. Hozirda qilgan ishimdan pushaymonman, bundan keyin boshqa jinoyat sodir etmaslikka va`da beraman. Shularni inobatga olib, menga engilroq jazo tayinlashingizni so`rayman.

Jinoyatchiga jazo tayinlandi

Nazir Xudoyberdiev Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topildi. Unga JKning 97-moddasi 1-qismi bilan 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

 

Bahriddin IKRAMOV, jinoyat ishlari bo`yicha Yashnobod tuman sudi sudyasi,

Lola ShOIMOVA, jurnalist.

Шарҳлар