Toshkent viloyati Yangiobod sport bazasida yig`in olib borayotgan bokschilarimiz orasida Shahram G`iyosovning ham boriligi ko`pchilikning diqqat-markazini tortgani, shubhasiz.
O`zbekiston Milliy Olimpiya qo`mitasi professional boksda ishtirok etayotgan Shahramning havaskor boksga qaytishi, oldinda turgan rejalar haqidagi intervyuni e`tiboringizga havola qilamiz:
– Sizni havaskor boksga nima qaytarmoqda?
– Havaskor boksga o`zimga tashlagan “chaqiruv”im qaytardi. Professional boksga o`tganimdan keyin ko`pchilik meni har tomonlama professional bo`lib ketdi, deb aytmoqda. Maqsadim ham professional, ham havaskor boksda yuqori natija ko`rsatish. Men shuncha vaqt bekorga mehnat qilmaganim, shuncha narsadan voz kechganimni ko`rsatishim kerak. Oldimga bir narsani maqsad qilib qo`ydimmi, unga erishishni istayman. O`sha narsa jonajon vatanimiz bayrog`ini yuqoriga ko`tarish va oltin medalni olish. Shuning uchun o`zimga o`zim “chaqiruv” tashladim.
– Bu yig`indan keyin qachon professional boksga qaytasiz?
– Nasib, jahon chempionati finaliga chiqib, g`alaba qozongach 3-4 kun ichida AQShga jo`nab ketaman.
– Hozir sparringda ko`proq Iglesias bilan ishlayapsiz. So`nggi to`qnashuvingizga ko`p bo`ldi. Aniqki, ikkalangiz ham bor zarbalaringizni ko`rsatmayapsiz. Shunday bo`lsa ham, unda qanday o`zgarishlarni his qilyapsiz?
– 4 yil bo`libdi u bilan jang qilmaganimga. Shuncha vaqtdan beri u havaskor boksda yanada ko`p tajriba to`pladi, Olimpiada chempioni bo`ldi. Men esa professional boksda 11 ta jang o`tkazdim. U juda munosib raqib. Shu paytgacha 3 marta to`qnash kelganmiz. To`g`ri, bir-birimizning “sirlarimizni” oshkor qilmayapmiz. Barchasi ringda aniq bo`ladi.
– Sparring payti bir-biringizning ko`zlaringizga qarasangiz, ichingizdan nima o`tadi?
– Kulgi (kuladi). U ham jiddiy qarab qolsak, kulib yuboradi. Bilasizmi, bir-birimizni kitobdek o`qib bo`lganmiz. Agar qaysidir bosqichda to`qnash kelib qolsak, kim jismoniy va ruhiy jihatdan yaxshi bo`lsa, u g`alaba qozonadi.
– Professional boksda Ahmadaliev chempionlik kamarlarini qo`lga kiritib bo`ldi, Madrimov majburiy da`vogar darajasiga etmoqda. Sizning navbatingiz qachon keladi?
– Xudo xohlasa, kelasi yilga niyat qilyapmiz. Nasib qilsa, 2022 yil chempionlik kamarini O`zbekistonga olib kelaman.
– Maqsadlaringiz yo`lida omad va muvaffaqiyatlar tilab qolamiz!
– Rahmat.