my5
Sevimli

Shavkat Mirziyoev O`zbekiston xalqiga bayram tabrigi yo`lladi

Jamiyat 20.10.2021, 21:05
Shavkat Mirziyoev O`zbekiston xalqiga bayram tabrigi yo`lladi

Qadrli vatandoshlar!

Avvalo, siz, azizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni ulug` ayyom – O`zbek tili bayrami kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Albatta, keyingi yillarda mamlakatimizda yangicha ruhda keng nishonlanayotgan bu bayramning alohida fayzi va shukuhi borligini barchamiz yaxshi bilamiz. Ushbu qutlug` sanada milliy qadriyatlarimiz gultoji bo`lgan ona tilimizning tariximiz va taqdirimiz, bugungi hayotimizdagi o`rni va ahamiyatini, uni rivojlantirish borasida oldimizda turgan dolzarb vazifalarni yanada chuqur his etamiz.

Aziz do`stlar!

So`nggi yillarda O`zbekistonda barcha soha va tarmoqlar kabi ona tilimiz qadri va nufuzini yanada oshirish borasidagi siyosat va amaliy ishlarimiz ham yangi bosqichga ko`tarilayotganidan xabardorsiz. Buning tasdig`ini o`zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi va obro`-e`tiborini tubdan oshirish bo`yicha qabul qilingan tarixiy farmon va qarorlar misolida yaqqol ko`rish mumkin.

Ana shunday sa`y-harakatlarimiz natijasida ona tilimiz nafaqat mamlakatimizda, balki jahon miqyosida ham o`zining munosib o`rni va mavqeiga ega bo`lib bormoqda. Ayniqsa, ona tilimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbarida, ulkan siyosiy sammit va uchrashuvlarda baralla yangrab, tinchlik, do`stlik va hamkorlik vositasiga aylanib borayotgani barchamizni quvontiradi.

Vazirlar Mahkamasi tarkibida Davlat tilini rivojlantirish departamenti hamda O`zbek tilini rivojlantirish jamg`armasi samarali faoliyat ko`rsatib, g`oyat muhim bu sohadagi ishlarni muvofiqlashtirib kelmoqda.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti universiteti tarkibida amaliy filologiya va kompyuter lingvistikasi bo`yicha yangi yo`nalishlar ochilib, o`zbek tilini turli sohalarda qo`llashga oid tadqiqotlar amalga oshirilmoqda. Oliygoh qoshida Davlat tilida ish yuritish asoslarini o`qitish va malaka oshirish markazi, 6 ta maxsus o`quv kursi hamda Alisher Navoiy xalqaro jamg`armasi tashkil etilgani ham ayni shu maqsadlarga qaratilgani bilan diqqatga sazovordir.

Ana shu ishlarning uzviy davomi sifatida yaqin kelgusida asosiy vazifasi chet ellarda o`zbek tili, madaniyati va milliy an`analarimizni keng ommalashtirish, gumanitar aloqalarni mustahkamlashdan iborat bo`lgan Alisher Navoiy xalqaro instituti faoliyati yo`lga qo`yiladi.

O`tgan qisqa davrda o`zbek tilini chuqur o`rganish va o`rgatishga xizmat qiladigan 16 ta kitob, jumladan, 9 ta lug`at nashr qilinganini alohida qayd etish lozim. Ayni vaqtda 5 jilddan iborat “O`zbek tilining izohli lug`ati” fundamental tadqiqoti vazirlik va idoralar, ta`lim-tarbiya maskanlariga, mamlakatimizning chet eldagi diplomatik vakolatxona va konsullik muassasalariga etkazildi. Shuningdek, chet el fuqarolari va yurtdoshlarimizga o`zbek tilini o`rgatadigan onlayn platforma,
o`zbek tili izohli lug`atining mobil ilovasi, xorijdagi vatandoshlarimiz uchun maxsus veb-sayt yaratilgani ham albatta muhim ahamiyatga ega.

O`zbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a`zo bo`lgani Tashkilot doirasida iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish bilan birga, turkiy tillar, xususan, o`zbek tilining xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda. Mamlakatimiz tashabbusi bilan mazkur tashkilotning Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofoti ta`sis etilgani buyuk ajdodimiz xotirasi va bebaho merosiga, shunday ulug` zotlarni voyaga etkazgan xalqimizga bo`lgan yuksak hurmat-ehtirom ifodasidir.

Bugungi kunda mamlakatimizda 150 ta milliy madaniy markaz ish yuritayotgani, o`zbek tili bilan birga, qoraqalpoq, rus, qozoq, qirg`iz, tojik, turkman tillarida ommaviy axborot vositalari faoliyat ko`rsatayotgani, maktablarimizda ta`lim-tarbiya jarayoni 7 ta tilda olib borilayotgani dunyo amaliyotidagi noyob tajriba ekanini ta`kidlash o`rinlidir. Yurtimizda chet tillarga ixtisoslashgan hamda o`quv mashg`ulotlari xorijiy tillarda o`tiladigan ta`lim maskanlari soni ortib borayotgani ham shu sohadagi muhim o`zgarishlar natijasidir.

Muhtaram vatandoshlar!

O`zbek tilini yanada rivojlantirish, uning davlat tili sifatidagi o`rni va nufuzini yanada mustahkamlash borasida oldimizda katta va mas`uliyatli vazifalar turganini barchamiz yaxshi anglaymiz.

Hozirgi kunda mamlakatimizda yashayotgan turli millat vakillari va chet el fuqarolarida o`zbek tilini o`rganishga qiziqish va e`tibor ortib borayotganini hisobga olib, ular uchun maxsus darslik, lug`at va qo`llanmalar, video va audiomateriallar hajmini oshirish bo`yicha ishlarni yanada kuchaytirishimiz zarur.

O`zbek tili jonajon Vatanimizda yashayotgan barcha fuqarolarimiz uchun aziz va qadrli tilga aylanishi, uning jozibadorligini oshirish uchun barcha kuch va imkoniyatlarni safarbar etishimiz, bu maqsadda nafaqat ma`naviy, shu bilan birga, moddiy rag`batlantirish choralarini ham keng qo`llashimiz darkor. Xususan, tilshunos va lug`atshunos olimlarimizning, shoir-adiblarimizning ushbu sohadagi mashaqqatli va sharafli mehnatini munosib qadrlash, ularning ilmiy tadqiqotlari, darslik va qo`llanmalari, kitob va risolalarini davlat buyurtmasi shaklida nashr etish va keng jamoatchilikka etkazib berish uchun alohida dastur ishlab chiqib, amalga oshirishimiz zarur.

Davlat tiliga oid barcha ma`lumotlarni o`zida jamlagan O`zbek tili milliy korpusini yaratishni tezlashtirish, ona tilimizni Internet global tarmog`ida ommalashtirish va ushbu makonda mustahkam o`rin egallashini ta`minlash, dasturiy mahsulotlarning o`zbekcha ilovalarini yaratish ishlarini jadallashtirish ham oldimizda turgan dolzarb vazifadir.

Aziz va muhtaram yurtdoshlarim!

Hozirgi kunda Yangi O`zbekistonni barpo etishga qaratilgan ezgu intilish va harakatlarimiz hal qiluvchi bosqichga ko`tarilmoqda. Bu yo`lda milliy o`zligimiz, g`urur-iftixorimiz timsoli bo`lgan ona tilimiz, hech shubhasiz, beqiyos kuch-qudrat va ilhom manbai bo`lib xizmat qiladi.

Ana shunday hayotiy e`tiqod va buyuk maqsad bilan yashayotgan xalqimiz doimo omon bo`lsin!

Sizlarni bugungi bayram bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga tinchlik-omonlik, fayzu baraka tilayman.

Ona tilimiz mangu yashasin!

Shavkat Mirziyoev

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti

Шарҳлар