Italiyaning Jesolo shahri mezbonlik qilayotgan kikboksing bo`yicha jahon chempionati vakillarimiz uchun omadli o`tmoqda.
18 oktyabr kuni start berilgan musobaqada hamyurtlarimizning omadli yurishini Dostonbek Ilyashov boshlab berdi. U dastlabki bahsda finlyandiyalik raqibi Jimi Juvonenni mag`lubiyatga uchratdi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Shundan so`ng sportchilarimizdan Muhammadali Muhiddinov, Sherali Musaev, Xusan Baratov, Diyor Xamidullaev, Ilyos Rayimov, Nazar Mahmudov, Botir Xojiboev, Nurbek Urushbekovlar ham raqiblarini tiz cho`ktirgan holda navbatdagi bosqichga yo`l oldi.
E`tiborlisi, butun dunyoning eng kuchli kikboksingchilari yig`ilgan ushbu jahon chempionatida o`zbekistonlik hakam ham ishlamoqda. Asosan og`ir vazn toifasi vakillari ishtirokida ishlayotgan hamyurtimiz bundan oldin Vengriyada bo`lib o`tgan Jahon kubogida ham ajoyib ishtirok bilano`z saviyasini namoyish etgan edi.
Ma`lumot uchun, jahonning 50 dan ortiq davlatlaridan yig`ilgan sportchilar g`oliblik uchun kurash olib borayotgan chempionatning sovrindorlari 24 oktyabr kuni aniq bo`ladi. Hamyurtlarimizga keyingi janglarida ham omad yor bo`lishini tilab qolamiz.