“O`zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati bo`yicha 2021 yilning 9 oyligida 1 mln 110,1 ming tonna suyuq uglevodorodlar qazib chiqarilishi belgilangan bo`lsa, amalda 1 mln 148,1 ming tonna qazib chiqarildi yoki prognozga nisbatan 103,4 foizni tashkil etdi (o`sish sur`ati 100,6 foiz).
Mos ravishda jamiyat tasarrufidagi neftni qayta ishlash zavodlarida joriy yilning 9 oyligida 992,3 ming tonna uglevodorod xomashyosi qayta ishlanishi belgilangan bo`lsa, amalda 1 mln 223,8 ming tonna qayta ishlandi yoki prognozga nisbatan 123,3 foizni tashkil etdi.
Joriy yilning 9 oyligida 815,5 ming tonna mahalliy (rejaga nisbatan 120,6 foiz), 312,9 ming tonna import xomashyosi (rejaga nisbatan 115,5 foiz) qayta ishlandi.
Shu bilan birga, joriy yilning 9 oyligida 562,4 ming tonna avtobenzin ishlab chiqarilishi belgilangan bo`lsa, amalda 654,9 ming tonna ishlab chiqarildi yoki prognozga nisbatan 116,4 foizni tashkil etdi (o`sish sur`ati 105,6 foiz).
Ma`lumot uchun: Joriy yilning 9 oyligida 524,6 ming tonna “Ai-80” rusumli, 81,1 ming tonna “Ai-91” rusumli, 43,9 ming tonna “Ai-92” rusumli, 5,0 ming tonna “Ai-95” rusumli, 0,3 ming tonna “Ai-98” rusumli avtobenzin ishlab chiqarildi.
Respublikada O`zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga (2017 yil 14 noyabrdagi 913-sonli, 2019 yil 30 iyuldagi 633-sonli, 2020 yil 4 apreldagi PQ–4664-sonli) asosan iqtisodiyotni liberallashtirish va ma`muriy tartibga solishni qisqartirish, tovarlar va xizmatlar bozorlarida samarali raqobat muhitini yaratish hamda narxlarni bozor tamoyillari asosida shakllantirishga bosqichma-bosqich o`tish bo`yicha qabul qilingan choralar natijasida:
avtomobil benzini chakana narxlarini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilindi va uni neftni qayta ishlash zavodlari tomonidan sotish faqat birja savdolari orqali amalga oshirilishi belgilandi, jumladan:
– 2017 yil 15 noyabrdan boshlab “Ai-92”, “Ai-93”, “Ai - 95” va “Ai-98” markali;
– 2019 yil 15 avgustdan boshlab “Ai-91” markali;
– 2020 yil 1 maydan boshlab “Ai-80” markali;
- avtobenzin narxlarini Hukumat qarorlari bilan belgilash amaliyotidan voz kechildi, sog`lom raqobat muhiti shakllandi va iste`molchilarga sifatli mahsulotlar etkazib berish yo`lga qo`yildi;
- respublikada Buxoro neftni qayta ishlash zavodidan tashqari birja savdolarida 10 dan ortiq sotuvchilar avtobenzin mahsulotini taklif etmoqda;
- hozirda respublikada faoliyat yuritayotgan 2 600 dan ortiq avtomobillarga yonilg`i quyish shoxobchalarida (AYoQSh) mahalliy neft mahsulotlari bilan bir qatorda import avtobenzin mahsulotlari ichki bozorda realizasiya qilinmoqda.
Shuningdek, jahondagi etakchi neft va gaz kompaniyalari kabi “O`zbekneftgaz” AJ nafaqat uglevodorod xomashyosini qazib chiqarish va qayta ishlash bilan chegaralanmasdan, balki ishlab chiqarilgan tayyor neft mahsulotlarini, jumladan, avtobenzin mahsulotini tasarrufdagi “UNG Retro” MChJga tegishli 65 dan ortiq AYoQShlar orqali o`rnatilgan tartibda yuridik va jismoniy shaxslarga realizasiya qilmoqda.
Aholini ijtimoiy himoya qilish maqsadida, “O`zbekneftgaz” AJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan avtobenzinning asosiy qismi, ya`ni 80,1 foizi “Ai-80” markali avtobenzin hisoblanadi.
Jahonda neft kotirovkasi yil boshiga nisbatan 1,7 barobarga oshishiga qaramasdan “O`zbekneftgaz” AJ “Ai-80” avtobenzin narxini ichki bozorga katta hajmda realizasiya (intervensiya) qilinishi hisobiga bir maromda ushlab turishga erishilmoqda.
Ma`lumot uchun: Brent markali neftning jahon birjalaridagi kotirovka narxi 1 barreli uchun 83-85 AQSh dollarni tashkil etib, yil boshiga nisbatan 1,7 barobarga oshgan bo`lsa, tasarrufdagi AYoQSh larda 1 litr asosiy ishlab chiqariladigan “Ai-80” avtobenzini 5 900 so`m chakana narxda (Toshkent sh.) sotilmoqda yoki yil boshiga nisbatan 1,15 barobarga oshdi.
Shu bilan birga, shuni alohida ta`kidlash o`tish kerak ishlab chiqarilayotgan “Ai-91”, “Ai-92”, “Ai-95” markali avtobenzinlarning asosiy hajmi import xomashyosidan ishlab chiqariladi yoki tayyor holda bozor kon`yunkturasidan kelib chiqib jaxon kotirovkalariga bog`langan holda import qilinadi. Shuning uchun, mazkur turdagi avtobenzin narxlari nisbatan yuqoriroq.
“O`zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati