Bundan bir muddat avval Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazida O`zbekiston Respublikasi Oliy sud raisi Qozimjon Komilov ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.
"Darakchi" muxbirlarining ma`lum qilishicha, shu kunga qadar saylovni moliyalashtirish tartibini buzish bilan bog`liq huquqbuzarliklar kuzatilmagan.
"24-iyuldan 14 oktyabrga qadar saylov komissiyalarining faoliyatiga aralashish, qarorlarini ijro etmaslik, nomzodning, ishonchli vakilining, kuzatuvchining yoki siyosiy partiya vakolatli vakilining huquqlarini buzish, yolg`on ma`lumotlar tarqatish, saylovni moliyalashtirish tartibini buzish bilan bog`liq ma`muriy huquqbuzarlik bilan bog`liq ishlar sudlarga kelib tushmagan",–deydi Qozimjon Komilov
"Ayni paytda saylov oldi tashviqot jarayoni boshlangandan buyon, ya`ni 20 sentyabrdan shu kunga qadar saylovoldi tashviqotini olib borish shartlari va tartibini buzish, saylovga tayyorgarlik ko`rish jarayonida axborot va tashviqot materiallarini qasddan yo`q qilish yoki ularga shikast etkazish bilan bog`liq bo`lgan qoidabuzarlik uchun biron-bir shaxs ma`muriy javobgarlikka tortilmagan",–deydi Oliy sud raisi.
Shuningdek, saylash va saylanish jarayonida ham hech qanday jinoyatlar aniqlamagan.
"Fuqarolarning saylash yoki saylanish, saylovoldi targ`iboti olib borish huquqlarini, ishonchli vakillarni o`z vakolatlarini erkin amalga oshirishlarida zo`rlik ishlatish, qo`rqitish, aldash yoki og`dirib olish yo`li bilan to`sqinlik qilish bilan bog`liq jinoyat ishlari ham sudlarning ish yurituviga kelib tushmaganligini ma`lum qilaman"–deydi u.