sevimli
Sevimli

Koronavirusga chalingan bolani kompyuter tomografiya tekshiruvidan o`tkazish mumkinmi?

Salomatlik 26.10.2021, 15:38
Koronavirusga chalingan bolani kompyuter tomografiya tekshiruvidan o`tkazish mumkinmi?

SSV Matbuot xizmati koronavirus infeksiyasining yosh bolalarda kechishi, ularni izolyasiya qilish tartibi haqida batafsil ma`lumot olish maqsadida Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bosh shifokori Abdumannop ABDUQAYuMOVga murojaat qildi:  

— Ma`lumki, bahor va kuz oylarida ko`pchilik bolalar mavsumiy gripp kasalligiga chalinadi, — deydi A. Abduqayumov. — Koronavirus infeksiyasining klinik ko`rinishlari ularda xuddi ana shu gripp kabi kechadi. Kasallik og`irroq o`tayotgan bo`lsa, tana haroratining 37,5-39 S° darajagacha ko`tarilishi, holsizlik va bosh og`rig`i kuzatilishi mumkin. Kamdan-kam hollarda esa gastrointestinal shaklda — ko`ngil aynishi, qusish, qorin og`rig`i, diareya kabi belgilar aniqlanadi.

Kuzatuvlardan shu narsa ma`lum bo`lmoqdaki, koronavirusning yangi shtammlari ba`zi bolalarda juda og`ir o`tmoqda. Shu bois, ota-onalar farzandlari salomatligiga doimo e`tiborli bo`lishlari zarur.

— Ayrim ota-onalar farzandida tana harorati biroz ko`tarilgudek bo`lsa, bolani darhol shifoxonaga yotqizishga harakat qiladi. Bu qanchalik to`g`ri?

— Avvalo, shuni aytish kerakki, bolada tana haroratining ko`tarilishiga bir necha omillar sabab bo`ladi. Misol uchun, bir yoshgacha bo`lgan go`daklarda tish chiqayotgani uchun, katta yoshli bolalarda o`tkir respirator kasalliklarda ham tana harorati ko`tariladi.

Shu bois ota-onalar dastlab farzandining nega issig`i chiqayotganini bilish uchun uchastka shifokoriga murojaat qilishlari lozim. Shifokor bolani tekshiruvdan o`tkazish orqali isitma chiqishi sabablarini aniqlaydi va kerakli davo muolajalarini tayinlaydi. Qolaversa, tana haroratining 37 S° daraja ekani isitma ko`tarilganini anglatmaydi. Ya`ni, ota-onalar bolaning immun tizimini kasallikka qarshi kurashishiga qo`yib berishlari kerak.  

Qayta-qayta isitmani tushiruvchi dorilarni ichirish esa undagi termoregulyasiya markaziga salbiy ta`sir etadi. Agar ona bolasiga tez-tez suyuqlik berib, uning holatini doimiy nazorat qilib borsa, ma`lum muddatdan so`ng tana harorati pasayadi.

— Koronavirusga chalingan bolani uyda izolyasiya qilish tartibi qanday?

— Bola “izolyasiya” degan so`zning ma`nosini tushunmaydi. Unga “ko`chaga chiqma” deya qayta-qayta aytaverish bilan bolani kasallikdan himoya qila olmaysiz. Aksincha, ko`p narsani taqiqlayverish bilan u depressiyaga tushib qolishi mumkin. Shu bois bolaga izolyasiyani qo`rqitish bilan emas, o`yin tarzida tushuntirish maqsadga muvofiq.

Shuni unutmaslik kerakki, bolalarda koronavirus faqatgina engil shaklda kechgan holatdagina uy sharoitida davolanadi. Kasallik o`rta va og`ir darajada o`tayotgan bo`lsa, shifoxonaga yotqizish zarur. Agar bolaning fibril tutqanog`i bo`lmasa, tana harorati 38-38,5 C° darajadan past bo`lganda isitmani tushirishga hojat yo`q. Shundan ortsagina “Parasetamol” yoki “Ibuprofen” (bolalar uchun eritma) berish mumkin.

Isitma 5 kundan ortiq davom etsa va pasaymasa, pnevmoniya bor-yo`qligini tekshirish uchun o`pka rentgeni va kompyuter tomografiya tekshiruvini o`tkazish kerak. Kompyuter tomografiya tekshiruvida pnevmoniya aniqlangan taqdirda (qanday og`irlik darajasi bo`lishidan qat`i nazar) bolani shifoxonaga yotqizish lozim.

 

 

Шарҳлар