Bundan bir muddat avval dzyudo bo`yicha O`zbekiston terma jamoasi harbiylar o`rtasidagi Jahon chempionatida ishtirok etish uchun Fransiya poytaxti Parij shahriga jo`nab ketishgandi.
Shu kunlarda jahonning eng kuchli harbiy dzyudochilari chempionlik uchun kurash olib borishmoqda. Kecha start olgan musobaqaning dastlabki kunidayoq ikki nafar o`zbekistonik jahonda tengsiz ekanligini isbotladi.
Xususan, -52 kg vazn toifasida O`zbekiston sharafini himoya qilgan kadetlar o`rtasida jahon chempioni Diyora Keldiyorova endi harbiylar o`rtasida ham jahon chempioniga aylandi.
Turizm va sport vazirligining qayd etishicha, u to`g`ridan-to`g`ri yarim finaldan bahslariga qo`shilgan. Bu bosqichda fransiyalik Cheenne Munierni, finalda esa yana bir mezbonlar vakilasi Julie Veyll Dit Moreyni mag`lubiyatga uchratgan.
Erkaklar o`rtasidagi musobaqaning -60 kg vazn toifasidagi bellashuvlarida tatamiga chiqqan Dilshodbek Baratov esa avstriyalik Daniel Leutgeb, eronlik Muhammad Hoseyn, finalda esa fransiyalik Jolan Florimontdan ustun kelib shohsupaning eng yuqori pog`onasiga ko`tarilgan.
Eslatib o`tamiz, 40-marotaba tashkil etilayotgan mazkur musobaqa 4 noyabrgacha davom etadi.