Fransiya poytaxti Parij shahrida o`tayotgan dzyudo bo`yicha harbiylar o`rtasidagi jahon chempionatidan xushxabar davom etmoqda.
Davlat Bobonov delegasiya hisobiga navbatdagi oltin medalni taqdim qildi. Bu haqda O`zbekiston Milliy Olimpiya qo`mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, -90 kg vazn toifasidagi bellashuvlarda O`zbekiston sharafini himoya qilgan Bobonov hal qiluvchi final bahsida braziliyalik Godoy De Machedoni mag`lubiyatga uchratgan.
Ma`lumot uchun, Davlat Bobonov finalga qadar Avstriya, Rossiya va Slovakiya dzyudochilaridan ustun kelgan edi.
Shuningdek, bugungi bellashuvlar davomida Muzaffarbek To`raboev (-100 kg) ham chempionlik uchun tatamiga chiqsa, Bekmurod Oltiboev va Shohruh Baxtiyorov (ikkalasi ham +100 kg) bronza medallari uchun Finlyandiya va Slovakiya vakillariga qarshi kurash olib borishadi.
Eslatib o`tamiz, kechagi bellashuvlar yakunida Dilshod Baratov (-60 kg) va Diyora Keldiyorova (-52 kg) ham oltin medalni qo`lga kiritishgan edi.