Dzyudo bo`yicha O`zbekiston terma jamoasi Fransiya poytaxti Parij shahri mezbonligida davom etayotgan Harbiylar o`rtasidagi jahon chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi Axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, Ulug`bek Azizov va Tohir Fayziev murabbiyligidagi dzyudochilarimiz ikki kunlik bahslar yakuniga ko`ra 4 ta oltin, 1 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida birinchi o`rinni egallashdi. Diyora Keldiyorova (-52 kg), Dilshodjon Baratov (-60 kg), Davlat Bobonov (-90 kg) va Muzaffarbek To`raboev (-100 kg) jahon chempioniga aylangan bo`lsa, Shohruhxon Baxtiyorov (+100 kg) bronza medaliga sazovor bo`ldi.
Umumjamoa hisobida ikkinchi o`rinni braziliyalik dzyudochilar 3 ta oltin, 4 ta kumush, 4 ta bronza medali bilan band etgan bo`lsa, kuchli uchlikka mezbonlar - Fransiya terma jamoasi 3 ta oltin, 3 ta kumush, 4 ta bronza medali bilan yakun yasadi. Avstriya 2 ta oltin, Rossiya va Slovakiya terma jamoalari 1 tadan oltin medalni qo`lga kiritishdi.