sevimli
Sevimli

"Elektron poliklinika"ning qanday afzalligi bor? Navbatda turishga toqati yo`qlar uchun muhim ma`lumot

Salomatlik 08.11.2021, 18:08
"Elektron poliklinika"ning qanday afzalligi bor? Navbatda turishga toqati yo`qlar uchun muhim ma`lumot

Sir emas, ko`pchilikning shifoxona yoki poliklinikalarda kutishga, navbatda turishga sira toqati yo`q. Aksariyat odamlar har bir ishini tez va oson bitishini xohlaydi. Ayniqsa, agar u bemor bo`lsa... O`zi bemor bo`la turib shifokor qabuliga kirish uchun navbatga turish, buning oqibatida kelib chiqadigan asabbuzarliklar har qanday insonning dilini xufton qilishi aniq.

Shu sababli bugun O`zbekistonda tibbiyot tizimini raqamlashtirishga  jiddiy e`tibor qaratilmoqda. Xususan, Prezidentning tegishli qarorlari bbian birlamchi tizimda “Elektron poliklinika” axborot tizimi yo`lga qo`yilmoqda.

Biroq ushbu tizim sog`liqni saqlash sohasiga qanchalik samarali tatbiq etilmoqda? Uning bemorlar va shifokorlar uchun afzalliklari nimada?

 Chilonzor tuman tibbiyot birlashmasi boshlig`i Ra`no NOSIROVA ayni shu savollarga javob berdi. 

"Aksariyat kasalliklarning ildizi asab buzilishlariga borib taqalishini ko`pchiligimiz yaxshi bilamiz. Biroq bu noxush holat aynan tibbiyot muassasalarining o`zida yuzaga kelsa, har qanday insonning ko`nglini xira qilishi, aniq. To`g`ri-da, joni azobda og`riyotgan qaysi bemorga uzundan-uzoq navbat kutishlaru ortiqcha ovoragarchiliklar yoqadi. Albatta hech kimga.

E`tiborlisi, bugungi kunda tumanimizdagi 7 ta oilaviy va 1 ta ko`p tarmoqli markaziy poliklinikada fuqarolarning elektron ro`yxatini bosqichma-bosqich shakllantirish orqali bunday noqulayliklarga barham berilmoqda. Jumladan, belgilangan tibbiy xaritaga muvofiq, oilaviy poliklinikalarni raqamlashtirish maqsadida tumanmizdagi markaziy ko`p tarmoqli poliklinikada birinchi bo`lib, “Elektron poliklinika” dasturi yaratildi va barcha shifokorlarni ushbu dastur yordamida faoliyat olib borishi yo`lga qo`yildi.

Bundan tashqari, oilaviy poliklinikalar va ko`p tarmoqli markaziy poliklinika yuqori tezlikdagi internet tarmog`iga ulandi. Natijada “Elektron poliklinika” dasturi ortiqcha qog`ozbozliklarga chek qo`yib, barcha ishlarni tizimli ravishda olib borishga, tezkor va aniqlikda ishlashga, eng asosiysi, shifokorlarni bemorlar uchun ko`proq vaqt ajratishiga sharoit yaratmoqda.

Birgina misol, odatda oilaviy poliklinika shifokori laborator tekshiruviga yuborish uchun bemorga bir dunyo tibbiy analizlar ro`yxati yozilgan qog`oz tutqazadi. Ahamiyatlisi, “Elektron poliklinika” dasturi orqali bu ishlarning barchasi juda tez va oson bitadi. Ya`ni ushbu dastur orqali shifokor tomonidan kerakli tibbiy tahlillar belgilanib, laboratoriyaga yuboriladi. Laboratoriya xodimi esa ushbu ma`lumotlarga asoslanib, bemordan kerakli tahllilarnigina oladi va qayta shifokorga yuboradi. Bu esa bemor va shifokor vaqtini tejab, tibbiy ma`lumotlarni xavfsiz saqlashga yordam beradi.

Ya`ni mazkur tizimning afzalligi, barcha tibbiy xujjatlar elektron shaklda bo`ladi, aholiga yuqori sifatli tibbiy xizmat ko`rsatiladi. Qolaversa, “Elektron” poliklinika” onlayn ro`yxat asosida fuqarolarni qabul qilish, masofaviy diagnostika, bemor salomatligini masofadan monitoring qilish, tibbiy kartalarning tarmoqli tizimi, virtual tibbiy ko`rikdan o`tish, virtual shifoxona xizmati, elektron reseptlar, telemetriya va zarur tibbiy yordamni uyda olishga imkon yaratadi.

Bir so`z bilan aytganda, ushbu loyiha sog`liqni saqlash muassasalari o`rtasida tibbiy ma`lumotlar almashinuvi uchun dasturiy muhit yaratish, tibbiyot tizimini zamonaviy, davr talablariga moslashtirish orqali uni modernizasiya qilishga katta yordam bermoqda",-deya bu yangilikdan mamnunligini bildiradi shifokor.

Шарҳлар