sevimli
Sevimli

Qandli diabetdan хalos bo`lish uchun nima qilish lozim?

Salomatlik 14.11.2021, 21:36
Qandli diabetdan хalos bo`lish uchun nima qilish lozim?

Bugun, ​14 noyabr — Xalqaro diabetga qarshi kurash kuni! 

Qandli diabet nafaqat xalqaro maydonda, balki O`zbekiston aholisi orasida ham keng tarqalgan kasalliklardan biri. Xastalikning turlaridan qat`iy nazar uning belgilari bir xilda bo`ladi. Bu haqda Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi diabetologiya bo`limi shifokori, tibbiyot fanlari nomzodi Feruza TOHIROVA ham aytib o`tdi va tegishli tavsiyalarini berdi.

 "Qandli diabetning bir necha turlari bor, aholi orasida uning 2-turi ko`proq tarqalgan",-deydi shifokor. 

"Xavflisi 1-turi hisoblanadi. Sababi u ko`proq bolalar va o`smirlar orasida uchraydi. Agar o`z vaqtida davolash choralari ko`rilib, nazoratga olinmasa, koma holatiga olib kelishi mumkin. Diabetning 2-turining esa oldini olsa bo`ladi. Agar insonda diabet oldi holat kuzatilsa, metformin dori vositasini qabul qilish tavsiya qilinadi. Eng avvalo, qandli diabet bilan og`rigan bemor har yarim yilda stasionar sharoitda davolanib turishi kerak. Qandli diabet kasalligining davo choralari ko`p. Bemor doimiy ravishda parhezda bo`lishi, qand miqdorini pasaytiruvchi vositalarni iste`mol qilib borishi, jismoniy faollikni oshirishi zarur. 

Diabetga chalingan kishilarda yoshidan qat`i nazar, u yoki bu darajada jismoniy yuklama bo`lishi lozim. Qondagi qand miqdori sutka davomida doimo to`liq me`yorida yursagina qandli diabetning asoratlarining oldini olish yoki kechiktirish mumkin. Aks holda stasionar davolanish ham bu kasallikda yordam bera olmaydi. Bemor yilda ikki marotaba tibbiy ko`rikdan o`tishi, umumiy qon, umumiy peshob va biokimik tahlillarni o`z vaqtida o`tkazishi zarur. 

Qandli diabet bilan kasallangan bemorlar, avvalambor, endokrinolog nazoratida bo`lishi lozim. Ehtiyoj bo`lganda kardiolog, nevropatolog, nefrolog, xirurg mutaxassislari bilan maslahatlashgan holda davolanish choralarini ko`rishi kerak. Bemor bilan suhbatda bo`lgan shifokor shubhali belgilarni sezsa, och qoringa barmoqdan qon olish (qandli diabetga), glyukoza uchun peshob tahlili, qondagi insulin va glikozil gemoglabin darajasini aniqlashga kirishadi. Qandli diabet belgilarini aniqlash uchun ushbu tekshiruvlar etarli. Agar diabetning aniq belgilari bo`lmasa, lekin siz xavf guruhida bo`lsangiz, yilda bir marta qandli diabetga qon topshiring. Sog`lom odamlar esa bunday tekshiruvdan uch yilda bir o`tishlari kerak",-deydi tibbiyot fanlari nomzodi.

Шарҳлар