sevimli
Sevimli

“Kazbek” nomli yangi ko-produksiya suratga olinadi

Madaniyat 22.11.2021, 18:12
“Kazbek” nomli yangi ko-produksiya suratga olinadi

Taniqli o`zbek kinoijodkorlari delegasiyasi Belarus Respublikasidagi “Listapad” XXVII xalqaro Minsk kinofestivalida ishtirok etmoqda. Bu haqda Kinematografiya agentligi Axborot xizmati xabar bermoqda.

Kuni kecha Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov hamda “Belarusfilm” kinostudiyasi Bosh direktori Vladimir Karachevskiy o`rtasida yangi “Kazbek” nomli to`liq metrajli ko-produksiya suratga olish bo`yicha kelishuv imzolandi.

Mazkur film Ikkinchi jahon urushi qahramoni Mamadali Topvoldiev haqidagi biografik drama bo`ladi. U urush davrida mexanik haydovchi sifatida Qizil Armiyada xizmat qilgan. Belaruslik partizanlar uni Kazbek deya atashgan.

Filmning suratga olish ishlari O`zbekistonda va Belarusda bo`lib o`tadi. “Listapad” xalqaro kinofestivalida yangi loyihaning rejissyori Muhammadali Iskandarov ham ishtirok etmoqda.

Kinofestival dasturiga ko`ra, "Kazbek" hamda Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olinayotgan rejissyor Akbar Bekturdievning "Uzbechka" filmi loyihalarining taqdimotlari o`tkazildi. Unda filmlarning suratga olish lokasiyalari, o`zbek va belaruslik aktyorlar tarkibi, ssenariy muhokamalari bo`lib o`tdi.

Ma`lumot uchun, kinofestivalda Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan rejissyor Jahongir Ahmedovning “Ilhaq” badiiy filmi namoyish etiladi.

Шарҳлар