Sevimli

Bahouddin Naqshbandning ustozi haqida bilasizmi?

Moziydan sado 23.11.2021, 09:01
Bahouddin Naqshbandning ustozi haqida bilasizmi?

Qadimiy masjid, noodatiy qurilish uslubi va borib ko`rishga arzirli ziyoratgoh. Navoiy viloyatidagi navbatdagi manzilimiz Karmana tumanining Hazara qishlog`ida joylashgan Mavlono Orif Deggaroniy masjidi bo`ldi. 

                                             Qozon yasovchi

"Mavlono Orif Deggaroniy atoqli tarbiyachi, xojagon-naqshbandiya tariqati rivojiga muhim hissa qo`shgan sohibi karomat zot bo`lgan. U kishi Bahouddin Naqshband hazratlaridan olti yosh katta bo`lib, ul zotga ustozlik qilgan", deydi masjid imom-xatibi Saydulla Bobonazarov.  Mavlono Orif XIV asrda, taxminan 1313-1380 yillar atrofida yashab o`tgan. Masjid yaqinida u zotning maqbarasi ham joylashgan."Deggaron” esa so`zi forscha “qozon yasovchi” ma`nosini bildirib, qishloqda o`sha davrlarda shu ish bilan shug`ullanuvchi hunarmandlar istiqomat qilishgan ekan.

                            Ustunlar zardushtiylar davriga oidmi?

"Masjidning qachon qurilganligi to`g`risida turli taxminlar bor", deya imom-xatib tarixiga to`xtalib o`tdi. Uning aytishicha, masjid binosi VI-VII asrlarda barpo qilingan va zardushtiylarning ibodatxonasi bo`lgan bo`lishi mumkin. O`sha paytlarda u bino ko`rinishida emas, faqat to`rt ustun ushlab turgan gumbazli ayvon shaklida bo`lgan. Hududga islom dinining kirib kelishi bilan ibodatxona atroflari paxsa devorlar bilan o`ralib, u masjidga aylantirilgan va turli davrlarda qismlarga bo`lib, ta`mirlanib kelgan. Ustunlar o`z holicha saqlanib qolgan. Sobiq Sovet Ittifoqi davrida esa bu ulug` maskan omborxona vazifasini o`tagan. Shu sababli bino ustunlariga biroz zarar etgan.

Boshqa taxminlar ham bor

Turli manbalarda mazkur masjidning qurilish davriga oid turlicha qarashlar keltiriladi. Xususan, rus olimlari Yakubovskiy, Varoninalar, 1936-1937 yillarda tadqiqot olib borgan Shishkin va Massonlar bu masjid IX-X asrlarda bunyod etilgan, deya fikr bildirishgan. 1951 yilda yana qayta o`rganish ishlarini olib borgan Varonina “Deggaron” masjidi XI asr yodgorligi degan so`nggi xulosani bergan.

                                  Rivoyat qilishlaricha...

Abul Muhsin Boqir ibn Muhammad Alining “Bahouddin Balogardon” nomli risolasida Mavlono Orif Deggaroniy haqida quyidagilar bayon qilingan: “Amir Sayyid Kulol aytgan edilar: “Mening yoronlarim orasida mana shu ikki kishi, ya`ni Xoja Bahouddin va Mavlono Orif Deggaroniyga o`xshagan hech kim yo`q, qaddasallohu sirrahumo. Bular hammadan o`zib ketib, valiylik darajasiga erishdilar”. Xoja Bahouddin Naqshband Amir Sayyid Kulol tarbiyasidan so`ng, yana etti yil Mavlono Orif Deggaroniyning xizmati va mulozamatida bo`ldilar. Bu mulozamatda xilma-xil riyozat va jiddu jahdni o`z bo`ynilariga oldilar. Deggaron va uning atroflarida yurdilar. Ko`p vaqtlar Mavlono Orif bilan birga Raboti Malik qurilishida xizmat qildilar. Ajib va g`arib voqealar boshlaridan o`tar edi. Mavlono Orifning hurmati uchun mulozamat va xizmatni davom ettirar edilar. Shu etti yil davomida ariq labiga tahorat uchun borsalar-da, Mavlonodan yuqorida tahorat olmas edilar. Yo`lda ketayotganlarida ularning qadamlarining izi ustiga oyoqlarini qo`ymas edilar".

                                                                                            Sardorbek RAHMONQULOV,

                                                                                              Toshkent-Navoiy-Toshkent

Шарҳлар