sevimli
Sevimli

O`zbekiston va Belarus ijodkorlari ikkita harbiy film suratga oladi

Madaniyat 23.11.2021, 14:57
O`zbekiston va Belarus ijodkorlari ikkita harbiy film suratga oladi

O`zbekiston Kinematografiya agentligi va «Belarusfilm» kinostudiyasi o`rtasida hamkorlik to`g`risidagi bitim imzolanib, shartnoma doirasida harbiy yo`nalishdagi ikkita – "Osiyo arsloni" («Aziatskiy lev») va «Uzbechka» filmlari suratga olinadi.

Belarus poytaxti – Minsk shahrida XXVII «Listapad» xalqaro kinofestivali bo`lib o`tmoqda, unda O`zbekiston delegasiyasi faol ishtirok etmoqda.

Kinofestival doirasida Belarus va O`zbekiston o`rtasida kinematografiya sohasidagi hamkorlik dasturining taqdimoti uchun alohida kun ajratildi. Uchrashuvda har ikki mamlakat kinoijodkorlari ishtirok etdi. O`zbekiston Kinematografiya agentligi va «Belarusfilm» milliy kinostudiyasi o`rtasida hamkorlik to`g`risida bitim imzolandi.

Birinchi film — "Osiyo arsloni" («Aziatskiy lev») to`liq metrajli badiiy filmi. "Belarusfilm" kinostudiyasi xarajatlarning 50 foizini qoplab beradi. Mazkur film Farg`ona viloyatida tug`ilgan, urushda partizan sifatida ishtirok etgan Sovet Ittifoqi Qahramoni Mamadali Topvoldiev haqida suratga olinadi. Fashistlar uni «Aziatskiy lev" deb atashgan, belarus partizanlari esa unga «Kazbek» nomini berishgan. Ba`zi ma`lumotlarga ko`ra, jasur askarni qo`lga olish uchun Adolf Gitler shaxsan katta pul mukofoti e`lon qilgan. Film qahramonining prototipi g`ayrioddiy epchillik va jasorat bilan ajralib turar edi, film qahramoni ham shu kabi fazilatlarga ega bo`ladi.

Ayni paytda film ssenariysini yozish ishlari yakunlanmoqda. Suratga olish ishlari O`zbekiston va Belarusda bo`lib o`tadi. Filmga yaqinda “Men terrorchi emasman” filmini suratga olgan Muhammad Ali Iskandarov rejissyorlik qiladi. “Men terrorchi emasman” filmi "Listapad" kinofestivalida namoyish etildi va turli mamlakatlardan kelgan mehmonlar va kino ijodkorlarida katta taassurot qoldirdi.

O`zbekiston Kinematografiya agentligi va «Belarusfilm» milliy kinostudiyasi tomonidan suratga olinadigan ikkinchi film “Uzbechka” filmi ham Ikkinchi jahon urushi voqealariga bag`ishlangan. Film real voqealar asosida suratga olinadi. Rejisser Akbar Bekturdiev tomonidan suratga olinishi rejalashtirilayotgan filmda vatanini mardonavor himoya qilgan mergan qiz haqida hikoya qilinadi. Film bosh qahramonining prototipi yuzlab fashistlarni yo`q qilgan afsonaviy Zebo G`anieva.

Har ikki film ham urush sahnalariga boy bo`ladi.

– Quvonarlisi, Kinematografiya agentligi bilan hamkorligimiz faol rivojlanmoqda. Jumladan, «Belarusfilm»da «Ilxaq» filmining urush sahnalari suratga olindi, «Meros», “Muxabbat baxori” filmlari ham hamkorligimiz samarasi edi, Mamadali Topivoldiev haqidagi hujjatli film ustida ish boshlandi. Ijodiy guruhlar allaqachon Minskka etib kelgan va hozirda belaruslik hamkasblari bilan birgalikda ssenariy ustida ish olib borishmoqda. Va hozirda biz umumiy tarixiy xotiramiz, g`alabamiz va albatta urush qahramonlariga bag`ishlangan filmlarni birgalikda yaratishni boshlayapmiz, — dedi «Belarusfilm» kinostudiyasi bosh direktori Vladimir Karachevskiy.

– «Belarusfilm» kinostudiyasi bilan birgalikda suratga olinayotgan ikki film yoshlar qalbida vatanparvarlik, o`z Vataniga muhabbat tuyg`ularini tarbiyalash, ularni tarix, uning qahramonlari bilan yaqindan tanishtirishi bilan g`oyat muhim. Biz qadimiy davr va o`rta asrlar tarixiy qahramonlarining harbiy jasorati haqida filmlar suratga olish bilan bir qatorda Ikkinchi Jahon urushi frontlarida va front ortida jasorat ko`rsatgan ota-bobolarimiz haqida ham hikoya qilishimiz kerak. – dedi O`zbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov.

Eslatib o`tamiz, «Listapad» kinofestivalida O`zbekiston delegasiyasi tomonidan Jahongir Ahmedovning «Ilhak», Xilol Nasimovning «Meros», Muhammad Ali Iskandarovning “Men terrorchi emasman” va boshqa filmlar namoyish etiladi. Film namoyishlari Minsk bilan bir qatorda hududlarda ham o`tkaziladi.

«Listapad» xalqaro kinofestivali Belorussiyadagi kino sohasidagi eng yirik va eng nufuzli tadbir bo`lib, 27 yildan beri o`tkazib kelinadi. Har yili noyabr oyida «Listapad» kinofestivali doirasida Minsk shahriga butun dunyodan eng yaxshi filmlar olib kelinadi. Badiiy va hujjatli filmlarning asosiy tanlovlari MDH davlatlari, Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyo, Boltiqbo`yi mamlakatlari, Sharqiy va Markaziy Evropada yaratilgan yangi filmlarga qaratilgan.

 

Шарҳлар