Dubai Opera sahnasida "Lazgi — qalb va muhabbat raqsi" balet postanovkasining premerasi o`tkazildi.
Bu haqda Saida Mirziyoeva o`z ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ma`lum qildi.
Qayd etilishicha, spektaklga BAA Federal milliy kengashi spikeri Sakr Bin Gubash Said Gubash Janobi Oliylari, Dubay hukumati Mediaofisi Bosh direktori Mona Ganem Al Marri Janobi Oliyalari, BAA Ijtimoiy rivojlanish vaziri Hessa Bint Essa Buxumaid Janob Oliyalari tashrif buyurishgan.
Premerani shaxsan kuzatgan Saida Mirziyoeva hayajonini yashirmadi.
"Yurtimiz madaniyati xorijda qanchalik iliq, hayajon bilan qabul qilinayotganini ko`rib, ruhlanib ketaman. Biz jahon jamoatchiligiga eng asl durdonalarimizni taqdim etar ekanmiz, ular butun dunyoning mulkiga aylanadi",-deydi u.
Shuningdek, u so`zining yakunida bu O`zbekiston san`atining salohiyatini kengaytirishi, boy madaniyatini namoyon etish va O`zbekiston imidjini yanada yuqori darajaga ko`tarishga yordam berishini ta`kidlab o`tdi.