Kecha BAA poytaxti Abu-Dabi shahrida o`tkazilgan dzyudo bo`yicha “Katta Dubulg`a” turkumiga kiruvchi musobaqa o`z yakuniga etdi.
Musobaqaning ikkinchi kunida terma jamoamizning to`rt nafar vakili medallar hamda qimmatli reyting ochkolari uchun tatamiga chiqishdi. Bular – Davlat Bobonov (-90 kg vazn toifasida), Muzaffarbek To`raboev, Aqlmurodbek Xudoyberdiev (ikkalasi ham -100 kg) hamda Shohruh Mamarasulov (+100 kg).
-100 kg vazn toifasidagi iste`dodli dzyudochimiz Muzaffarbek To`raboev kutilmaganda ilk bellashuvdayoq germaniyalik Folk Petersilkaga yutqazib qo`ydi.
Shu vazn toifasidagi yana bir sportchimiz Aqlmurodbek Xudoyberdiev esa ¼ finalda kanadalik Shadi Elhanasga qo`shimcha daqiqalarda vazari bahosi bilan imkoniyatni boy berdi. So`ngra u bronza medali yo`lidagi o`tish bahsida jahon reytingida 8-o`rinni egallab turgan niderlandiyalik Mixael Korrelga ham yutqazib qo`ydi. Natijada Xudoyberdiev musobaqani 7-o`rin va 260 reyting ochkosi bilan yakunladi.
+100 kg vazn toifasidagi polvonimiz Shohruh Mamarasulov bahslarga ikkinchi davradan qo`shilgan bo`lsa-da, o`zining ilk bellashuvida mo`g`ulistonlik Tsesensengelga imkoniyatni boy berib, u ham musobaqadagi ishtirokini yakunladi.
Kechagi bahslarda tatamiga chiqqan sportchilarimizdan birgina Tokio-2020 Olimpiadasi sovrindori Davlat Bobonov nisbatan muvaffaqiyatli ishtirok etdi. U avvaliga ¼ finalda tojikistonlik Jahongir Majidovni qo`shimcha daqiqalarda ippon bahosi evaziga mag`lubiyatga uchratdi. Biroq, Bobonov yarim finalda rossiyalik Mansur Lorsanovga qarshi tatamiga chiqdi va qo`shimcha daqiqalardagi vazari evaziga imkoniyatni boy berdi.
Bronza medali uchun kechgan bahsda esa Davlat fransiyalik Fransis Damierga qarshi tatamiga chiqdi va raqibini ippon bahosi bilan mag`lubiyatga uchratdi. Bu g`alaba evaziga Bobonov bronza medali bilan birga 500 reyting ochkosini ham qo`lga kiritdi.
Shu tariqa, dzyudo bo`yicha mavsumning so`nggi turnirida terma jamoamiz a`zolari bittadan kumush va bronza medaliga sazovor bo`lishdi. Eslatib o`tamiz, shanba kungi bahslarda hamyurtimiz Hikmatillo To`raev kumush medal sohibiga aylangan edi.