sevimli
Sevimli

Yana qator davlatlar yopilmoqda. "Omikron" shtammi bo`yicha dunyodagi vaziyat ma`lum qilindi

Dunyo 29.11.2021, 13:42
Yana qator davlatlar yopilmoqda. "Omikron" shtammi bo`yicha dunyodagi vaziyat ma`lum qilindi

O`tgan haftadan dunyoda koronavirus pandemiyasi bilan bog`liq vaziyat yanada murakkablashdi. Bunga Janubiy Afrika milliy yuqumli kasalliklar instituti olimlari tomonidan seshanba kuni B.1.1.529, ya`ni "omicron" shtammi qayd etilishi sabab bo`ldi. Olimlarning aytishicha, bu kasallik OITSga chalingan kishida aniqlanib, mutasiyaga kirishgan, deya dunyodagi vaziyat haqida xabar bermoqda SSV matbuot xizmati. 

Shu tariqa Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti favqulodda yig`ilish chaqirdi. Bu erda jahonning etakchi olim va mutaxassislari tomonidan yangi shtamm muhokama qilindi.  

Dastlabki xulosalarga ko`ra, "omicron" juda ko`p mutasiyalarni o`z ichiga olgan va "delta" shtammidan ham ko`ra yuqumliroqdir. Eng yomoni, yangi versiya allaqachon Afrikadan boshqa qit`alarga o`tib ulgurgan.  

Masalan, o`tgan hafta so`ngida Belgiya, Germaniya, Italiya, Niderlandiya, Buyuk Britaniya, Chexiya, Daniya singari qator davlatlarda "omicron" shtammi bilan kasallanish holatlari aniqlandi.

Shu sababli Rossiya, Germaniya, Isroil, Buyuk Britaniya, Singapur, Bahrayn, Italiya, Niderlandiya, Marokash, Fransiya, Chexiya, Avstriya, Malayziya, Saudiya Arabistoni, Shveysariya, Turkiya, Kanada, AQSh, BAA, Misr, Argentina, Braziliya, Avstraliya kabi davlatlar bordi-keldida, aeroportlarda turli cheklovlar joriy qildi.  

Masalan, Buyuk Britaniyada istalgan xorijiy davlatdan kelgan kishi PZR testini topshirishi va salbiy natija olinmaguncha o`zini izolyasiya qilishi shart. Shuningdek, hukumat jamoat joylarida yana niqob taqishni joriy etadi. Bu erda vaksina olganidan buyon 6 oydan ko`p vaqt o`tgan va 40 yoshdan oshgan aholi vakillariga qayta emlanish tavsiya qilinishi ham aytilmoqda.

Rossiya esa kechadan Afrikaning qator mamlakatlari, qolaversa, Gonkongdan chet elliklarning o`z hududiga kirishini cheklab qo`ydi. Isroil hukumati o`z chegaralarini 14 kunga yopib qo`yishini e`lon qilgan bo`lsa, Quvayt 9 davlat bilan aviaqatnovni to`xtatdi. Marokash ham bu safga qo`shildi.  

Shveysariya yangi shtamm tufayli Chexiya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya va Malavidan kelgan sayohatchilarga cheklovlar joriy qildi.

Yaponiya esa 30 noyabrdan mamlakatni xorijliklar uchun yopadi.

 

Шарҳлар