sevimli
Sevimli

Toshkent tibbiyot akademiyasining 1-klinikasi negizida yangi majmua barpo etiladi

Jamiyat 29.11.2021, 20:40
Toshkent tibbiyot akademiyasining 1-klinikasi negizida yangi majmua barpo etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoev 29 noyabr kuni onkologiya va endokrinologiya tibbiyot markazlari qurilishiga oid loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati ma`lum qildi.

Bu ikki yo`nalish inson umri, hayot sifati, genofond sog`lomligini belgilaydigan dolzarb sohalardir. Shifoxonalarga murojaatlar va joylarda o`tkazilgan tibbiy ko`riklar tahlili bunday kasalliklar ko`p uchrayotganini ko`rsatgan. Bu yo`nalishdagi respublika markazlarining binolari ham eskirgan edi.

Holat bilan bevosita tanishish maqsadida davlatimiz rahbari shu yil may oyida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazini borib ko`rgan edi. Shundan kelib chiqib, 27 may kuni Prezidentning “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini ko`rsatish tizimini yanada takomillashtirish to`g`risida”gi qarori qabul qilindi. Unda Respublika onkologiya va radiologiya tibbiyot markazi uchun yangi zamonaviy binolar qurilishi va jihozlash belgilangan edi.

Shundan so`ng, xorijiy klinikalarning ilg`or tajribasi, shifokor va bemorlar uchun barcha sharoitlar hisobga olinib, loyiha ishlab chiqildi. O`tgan galgi taqdimotlarda bildirilgan fikrlar asosida u yanada takomillashtirildi.

Yangi bino 10 qavatli bo`ladi. 3 qavatli erosti qismida radiologiya va nur terapiya, pozitron-emission tomografiya, radioizotop tekshirish kabi bo`limlar joylashtiriladi. Markazda immunoterapiya, target terapiya, chiziqli tezlatkich yordamida va stereotoksik nur terapiya, radioxirurgiya kabi yangi davolash uslublari joriy etiladi. Ushbu yangi bino Toshkent tibbiyot akademiyasining 2-klinikasi hududida quriladi.

Yurtimizdagi ulkan ilmiy, diagnostik va davolash salohiyatiga ega muassasalardan yana biri Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazidir. Unda 288 o`rinli stasionar bo`lim va 250 kishiga mo`ljallangan maslahat-diagnostika klinikasi bor. Markazning hozirgi binosi 1974 yilda qurilgan, moddiy-texnik bazasi eskirgan.

Shu bois, ushbu muassasa uchun Toshkent tibbiyot akademiyasining 1-klinikasi negizida yangi majmua barpo etish rejalashtirilgan. Bu markazning sharoitlarini yaxshilab, xizmatlar turini kengaytiradi. Xususan, bugungi kunda endokrinologiya markazida 14 ta bo`lim bo`lsa, yangi majmuada yana 14 ta bo`lim ochish uchun imkoniyat yaratiladi.

Prezident qurilish loyihalarini ma`qullab, endi ish tizimini to`g`ri yo`lga qo`yish va tibbiy xizmat sifatiga e`tibor qaratish kerakligini ta`kidladi. Markazlarga xorijdan mutaxassislar jalb etish, shifokorlarni jahon tibbiyoti yutuqlari asosida qayta o`qitish, ilmiy tadqiqotlarni rag`batlantirish bo`yicha ko`rsatmalar berildi. Ushbu respublika markazlarini qurish bilan birga hududlardagi dispanser va poliklinikalarda sharoitlarni yaxshilash, zamonaviy tashxis uskunalari etkazib berish, shifokorlar malakasini oshirish muhimligi qayd etildi.

Шарҳлар