AsosiyJamiyat

BMT maxsus ma`ruzachisi – Milliy markazda bo`ldi

'BMT maxsus ma`ruzachisi – Milliy markazda bo`ldi'ning rasmi

Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo`yicha kengashining Terrorizmga qarshi kurashda inson huquqlarini rag`batlantirish va himoya qilish masalalari bo`yicha maxsus ma`ruzachisi Fionnuala Ni Aolayn bilan bo`lib o`tgan uchrashuvda mo``tabar mehmonga Milliy markazning faoliyati haqida muxtasar so`zlab berdi. Bu haqda Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi
Milliy markazi matbuot xizmati xabar berdi. 

Ta`kidlanishicha, keyingi besh yilda Milliy markazning BMT Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissari Boshqarmasi va uning Markaziy Osiyo mintaqaviy bo`linmasi bilan hamkorlik munosabatlari boshqa davlatlar uchun namuna bo`lishga munosib yuksak bosqichga ko`tarildi. Bunday izchil hamkorlik o`zining ulkan natijalarini bermoqda. 

Xususan, O`zbekiston BMTning Inson huquqlari bo`yicha kengashi a`zoligiga saylandi va 2021 yil 1 yanvardan amalga oshirib kelmoqda. O`zbekistonning Jeneva shahridagi BMT bo`linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakiliBMT Inson huquqlari bo`yicha kengashi raisi o`rinbosarligiga saylandi hamda 2022 yildan o`z vazifasini bajarishga kirishadi.

Shu ma`noda, BMT Terrorizmga qarshi kurashda inson huquqlarini rag`batlantirish va himoya qilish masalalari bo`yicha maxsus ma`ruzachisining O`zbekistonga tashrifi doirasidagi ushbu uchrashuv amaliy aloqalarning mantiqiy va izchil davomi hisoblanadi. Milliy markaz inson huquqlarini rag`batlantirish va himoya qilishsohasidagi keng ko`lamli hamkorlikdan hamisha manfaatdordir.

O`z navbatida, F. Ni Aolayn o`zaro hamkorlik munosabatlari keyingi bir yildan ortiq vaqt davomida tubdan kuchayganidan mamnunligini bildirdi. O`zbekiston Respublikasi delegasiyasi 2021 yil iyul oyida bo`lib o`tgan BMT Inson huquqlari bo`yicha kengashi 47-sessiyasi, shuningdek, “Mojaroli hududlardan olib chiqilgan ayollar va bolalarni reabilitasiya hamda reintegrasiya qilish” mavzuidagi seminar ishida faol ishtirok etganiga yuqori baho berdi. 

Ma`lumki, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti topshirig`iga binoan bugungi kungacha o`tkazilgan “Mehr-1, 2, 3, 4, 5” operasiyalari doirasida Suriya, Iroq va Afg`onistonda og`ir ahvolga tushib, chorasiz qolgan besh yuz nafar ayol va bolalar O`zbekistonga olib kelindi. 

O`zbekistonning ushbu insonparvarlik harakati inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi asosiy xalqaro hujjatlar, shuningdek, xalqaro gumanitar huquq tamoyillariga muvofiq ravishda amalga oshirildi. Eng asosiysi, BMT Maxsus ma`ruzachisi ta`kidlaganidek, qurolli mojarolar davom etayotgan hududlarga borib qolgan ayollar va bolalarni o`z vataniga qaytarish, himoya ostiga olish hamda jamiyatga moslashtirish ishlari avvalo milliy darajada hal etilishi juda muhim.

F. Ni Aolaynning fikricha, bugungi kunda ko`pgina davlatlar o`z fuqarolarini mojaroli hududlardan olib chiqish bilan shug`ullanishni istamayapti. Shu nuqtai nazardan, O`zbekistonning bu boradagi milliy tajribasi o`rnak olishga munosibdir.

Muloqot chog`ida terrorizmga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlik istiqbollari ham muhokama qilindi. Bunda O`zbekistonning terrorizm va zo`ravonlik ekstremizmiga qarshi kurashish sohasida xalqaro, mintaqaviy va ikki tomonlama darajada milliy salohiyati shakllangani hamda mustahkamlanganiga e`tibor qaratildi.

O`zbekiston – xalqaro terrorizmga qarshi kurashning faol ishtirokchilaridan biri. Mamlakatimiz BMTning Global aksilterror strategiyasini qo`llab-quvvatlagan, terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurashish bo`yicha 14 ta xalqaro konvensiya hamda protokollarni ratifikasiya qilgan. Bundan tashqari, bu borada bir qancha milliy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilgan.

BMT Maxsus ma`ruzachisi O`zbekistonning qonun ijodkorligi va xalqaro hujjatlar qabul qilishda tashabbuskorlik ko`rsatish sohalarida etakchi ekanini e`tirof etgan holda, ana shu yuksak salohiyatdan “terrorizm” tushunchasiga ta`rif berishda amaliy foydalanish taklifini ilgari surdi. Binobarin, terrorizmga qarshi kurash to`g`risidagi asosiy konvensiyalar va BMT Xavfsizlik Kengashi, Bosh Assambleya hamda Inson huquqlari bo`yicha kengashning tegishli rezolyusiyalarida ushbu atamaga aniq izoh berilmagan.

Shuningdek, tomonlar inson huquqlarini rag`batlantirish va himoya qilish sohasidagi hamkorlik istiqbollarini atroflicha muhokama qildilar. Terrorizmning oldini olish,  terrorizmga qarshi kurashish sharoitida inson huquqlariga amal qilish, terrorizm jabrdiydalari va terrorizmda ayblangan mahkumlar huquqlarini ta`minlash kabi masalalar yuzasidan o`zaro fikr almashildi.    

Ma`lumot uchun: F. Ni Aolayn – BMT Inson huquqlari bo`yicha kengashining Terrorizmga qarshi kurashda inson huquqlarini rag`batlantirish va himoya qilish masalalari bo`yicha maxsus ma`ruzachisi lavozimini bajarishga 2017 yil 1 avgustdan kirishgan. Bugungi kunga qadar Belgiya (2018 yil may), Fransiya (2018 yil may) va Qozog`iston (2019 yil may) mamlakatlariga tashrif buyurgan.

F.Ni Aolayn Irlandiyada tug`ilgan, huquq bakalavri, Belfastdagi Qirollik universiteti va Kolumbiya universiteti yuridik fakultetlarining huquq magistri, Evropaning bir qator nufuzli oliy o`quv yurtlari professori hisoblanadi. U kitoblari va ilmiy tadqiqotlari uchun ko`plab akademik unvon va mukofotlar, jumladan, Fulbrayt stipendiyasi, Alon mukofoti, Robert Shuman stipendiyasi, Evropa komissiyasi mukofoti va Lolor stipendiyasi sovrindori bo`lgan.

Belfastda joylashgan Odil sudlov bo`yicha ijroiya qo`mitasi va Fuqarolarning erkinliklari bo`yicha Irlandiya kengashi a`zosi. 2010 yilda Xalqaro huquqning Amerika jamiyati ijroiya kengashiga uch yil muddatga saylangan va 2014 yili ushbu Kengashning Yillik majlisiga hamraislik qilgan. 

Bundan tashqari, F.Ni Aolayn Ochiq jamiyatlar fondlarining xotin-qizlar dasturi bo`yicha kengash raisidir. Qiynoqlar jabrdiydalariga ko`maklashish markazining Milliy maslahat kengashi tarkibidan ham joy olgan. 

 

 

    Boshqa yangiliklar