Shavkat Mirziyoev “Transport va moliya sohalaridagi ayrim huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun ma`muriy jazolar liberallashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi Qonunni imzoladi.
Hujjatga ko`ra:
– haydovchilarga transport vositasini boshqarish vaqtida uyali aloqaning xavfsiz va qo`lni band qilmaydigan texnik vositalaridan (quloqchin, bluetooth) foydalanishga ruxsat berilmoqda;
– transport vositasini boshqarish paytida salonning old qismiga o`rnatilgan monitordan tele-, videodasturlarni tomosha qilishga qo`yilgan taqiqni saqlab qolgan holda, monitorni o`rnatganlik uchun javobgarlik bekor qilinmoqda;
– MJtKning 4 ta moddasi bo`yicha jazo miqdori huquqbuzarlikning xavflilik darajasi va xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda maqbullashtirilmoqda. Jumladan, aholining ayrim qatlamlari uchun moddiy-ijtimoiy ahamiyatga ega bo`lgan, avtomobilda yo`lovchilar tashish faoliyati bilan lisenziyasiz shug`ullanganlik uchun (fuqarolar uchun – 27 mln so`mdan 1,9 mln so`mgacha, mansabdor shaxslar uchun – 40 mln so`mdan 8,1 mln so`mgacha kamaytirilmoqda) va boshqalar;
– transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlar haydovchining yonida bo`lmaganligi uchun javobgarlikka tortish tartibi bekor qilinmoqda. Bunda, haydovchining yonida shaxsini tasdiqlovchi hujjati (pasport, ID-karta) mavjud bo`lishining o`zi etarli ekanligi belgilanmoqda.