AsosiySport

Shaxrullo Mahmudov: “Jahon chempionatida Xitoyning ishtirok etmasligi musobaqa nufuziga ta`sir qilmaydi”

'Shaxrullo Mahmudov: “Jahon chempionatida Xitoyning ishtirok etmasligi musobaqa nufuziga ta`sir qilmaydi”'ning rasmi

Xabaringiz bor, shu yil 7-17-dekabr kunlari Toshkent shahrida og`ir atletika bo`yicha kattalar o`rtasida jahon chempionati bo`lib o`tadi. Bungacha poytaxtimizda o`smirlar va yoshlar o`rtasida jahon chempionati, kattalar o`rtasida Osiyo chempionati, Islom birdamlik o`yinlari kabi yirik musobaqalar o`tkazilgan, biroq Toshkent kattalar o`rtasidagi jahon chempionatidek nufuzli musobaqaga mezbonlik qilmagandi. E`tiborli jihati, bu yangi Olimpiada siklidagi birinchi jahon chempionati hisoblanadi. Shu bois unda yangi nomlar va yangi iste`dodlar kashf etilishi ehtimoldan xoli emas.

Bugun poytaxtimizdagi “Yunusobod” sport majmuasida jahon chempionati oldidan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda Xalqaro og`ir atletika federasiyasi bosh kotibi Muhammad Jalud, O`zbekiston og`ir atletika federasiyasi raisining birinchi o`rinbosari Shahrullo Mahmudov, terma jamoamiz bosh murabbiyi Bahrom Mendiboev hamda mahalliy va xorijiy OAV vakillari ishtirok etishdi.

Dastlab Sh.Mahmudov musobaqa oldidan o`z fikrlari bilan o`rtoqlashdi.

“Hukumatimizning qo`llab-quvvatlashi bilan ilk marotaba Toshkent kattalar o`rtasidagi dunyo birinchiligini qabul qilmoqda. Musobaqada 90ga yaqin mamlakatdan 500 nafarga yaqin sportchi ishtirok etishi kutilyapti. O`z navbatida Turizm va sport vazirligi, Sog`liqni saqlash vazirligi, Milliy Olimpiya qo`mitasi va boshqa hamkor tashkilotlarga tashkiliy ishlardagi yordami uchun alohida minnatdorlik bildiraman. Musobaqada o`z davlatidagi karantin talablari sabab Xitoy va yana bir qator mamlakatlar ishtirok eta olmaydigan bo`ldi. Biroq, bu musobaqa nufuziga hech qanday salbiy ta`sir o`tkazmaydi. Chunki bu jahon chempionati va unda dunyoning eng kuchli davlatlaridan eng kuchli sportchilar ishtirok etishadi”.

O`zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi B.Mendiboev esa atletlarimizning bo`lajak musobaqaga tayyorgarligi borasida to`xtalib o`tdi:

“Tokio-2020 yozgi Olimpiya o`yinlaridan so`ng qisqa muddatga tanaffus qildik va darhol jahon chempionatiga hozirlikni boshlab yubordik. O`quv-mashg`ulot yig`inlarini dastlab Chirchiqdagi bazamizda boshladik, so`ngra Turkiyada, keyin Ukrainada yig`in tashkil qildik. Hozirda barcha sportchilarimiz musobaqaga shay. Musobaqada yigitlarimizdan 10 nafar, qizlarimizdan esa 4 nafar sportchi yurtimiz sharafini himoya qilishadi”.

Matbuot anjumanida Xalqaro og`ir atletika federasiyasi bosh kotibi Muhammad Jalud ham tashkilotchilik masalalariga yuqori baho berdi:

“O`zbekiston doimo har qanday musobaqani yuqori saviyada tashkil etib kelgan. Bugun ham kattalar o`rtasidagi jahon chempionati yuqori saviyada tashkil etilganiga guvoh bo`lib turibmiz. Bunda O`zbekiston hukumatiga, Turizm va sport vazirligi va MOQga Xalqaro og`ir atletika federasiyasi nomidan tashakkur bildiramiz. Quvonarlisi, hamon dunyoda pandemik vaziyat hukm surayotgan bo`lishiga qaramay biz barcha musobaqalarni o`z vaqtida va yuqori saviyada tashkil etdik. Qolaversa, Tokio-2020 Olimpiadasi va undan keyin ham hech qaysi musobaqada atletlarimizda doping chiqmadi. Bu sportimizning halol raqobat sari muhim qadam tashlayotganini bildiradi”.

Eslatib o`tamiz, 2018-yilgi jahon chempionati Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida o`tkazilgan, bir yildan keyin dunyoning eng yaxshi atletlari Tailandning Pattayya shahrida jam bo`lishgan edi. 2021-yilgi jahon birinchiligi Peruning Lima shahrida o`tkazilishi rejalashtirilgan edi. Ammo, Perudagi pandemiya va karantin choralari sabab, bundan 3 oy oldin Xalqaro og`ir atletika federasiyasi (IWF) turnirni Toshkentga ishonib topshirdi. Musobaqa doirasida 20-21-dekabr kunlari poytaxtimizdagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida Xalqaro og`ir atletika federasiyasining Kongressi ham o`tkaziladi.

Jahon chempionatida O`zbekiston terma jamoasi sharafini quyidagi sportchilarimiz himoya qilishadi:

Ayollar:

-49 kg: Zuhra Otajonova,

-55 kg: Jamila Panfilova,

-71 kg: Kumushxon Fayzullaeva,

-87 kg: Tursunoy Jabborova.

Erkaklar:

-67 kg: Adhamjon Ergashev, Doston Yoqubov,

-81 kg: Muhammadqodir Toshtemirov,

-89 kg: Otaxon Imomov, Sarvarbek Zafarjonov,

-96 kg: Hojiakbar Olimov, Qurbonmurod Namozov,

-109 kg: Ruslan Nurudinov, Akbar Jo`raev.

+109 kg: Mirhosil Mirzaboev.

Boshqa yangiliklar