Ovqatlangandan keyin ko`nglim aynib, qayt qilish istagi paydo bo`ladi. Avvaliga oshqozonga botadigan biror nima tanovul qildimmikan degandim. Ahamiyat bersam, bu holat tez – tez takrorlanayapti. Bezovtalikning sababi nima bo`lishi mumkin?
Murod, Toshkent viloyati
Oshqozon, jigar, o`t qopi va hazm qilish a`zolaridagi o`zgarishlar ko`ngil behuzurligini paydo qilishi mumkin. Shu bilan birga qattiq qovurilgan, yog`li, ko`p miqdorda ziravor qo`shilgan taom va eguliklar ham yoqimsiz holatni keltirib chiqaradi. Bezovtalik boshlanganida ovqat hazm qilishiga ko`maklashuvchi preparatlarni sinab ko`ring. Piyoda yurish, kam-kamdan tanovul qilish va taomnomani yangilashga urinib ko`ring. Shunda ham o`zgarish sezilmasa shifokorga murojaat etib, me`da va jigar ishini tekshirtiring.