Долзарб мавзулар E`tirof - 2016

Xoja Ahror Valiyning pok ruhlari Bobur Mirzoni qanday qo`llagani xususida

Бўлимлар: Moziydan sado
Теглар:

Zahiriddin Muhammad Bobur bir gal naqd o`limdan qolgan. Buni “Boburnoma”ning 1502/1503 yil voqealari bayon etilgan bobidan bilib olamiz. Xudoning bu inoyatini  muallif bevosita tasavvufga, aniqrog`i, Xoja Ahror Ubaydulloh Valiy ruhi madadiga bog`laydi.

Buni to`liq tushunib, his qilib olish uchun mazkur  bobdagi voqealarni bir boshdan tahlil etib borish – shart.

Bobur “kichik xon dodasi”, ya`ni tog`asi Sulton Ahmadxonni kutib olish uchun barcha qarindoshlar Toshkent bilan Sayram o`rtasidagi Yag`o (bir nusxada Yag`mon) qishlog`iga peshvoz chiqqanlarini yozar ekan: “Ibrohim ota va Ishoq otaning qabri andadur” deya qistirib o`tishni esdan chiqarmaydi. Bu ham – uning tasavvufga alohida e`tiboridan bir dalolat. 

Tarixdan bilamizki, Sulton Ahmad Tanbal bilan Bobur o`rtasida Farg`ona yurti uchun ko`p kurashlar bo`ldi.  Bobur, noiloj, ona  tarafdan qarindoshlari – mo`g`ul xonlari bilan birlashdi. Tanbal Shayboniyxon bilan ittifoq tuzish maqsadida uning oldiga akasini yuborib, o`ziga so`zsiz  bo`ysunishini bildirdi: “Tanbal Shayboqxong`a og`asi Bek Telbani yiborib, itoat izhori qilib, tilab edi. Bu fursatta Shayboqxonning nishonlari (xatlari) keldi: “Yuruymen”, – deb bitibdur” 

Bobur bu janglarda, o`zi yozganidek, “betajribalikdin” ko`p “o`sallar” (168), ya`ni mag`lubiyatlar  ko`rdi.  

Bir safar Bobur  Farg`ona vodiysining tog`larida – Chustning Karnon qishlog`ida dushmandan qochib, yolg`iz o`zi qolgan payti aldanib, qopqonga tushganini obdon anglab etdi. Yoniga dushman tarafdan vakil bo`lib kelgan Yusuf dorug`a uning qoshida ikki tizzasi bilan bukilib, gapning borini aytdi-qo`ydi:“Ne yashuray Sulton Ahmadbekning xabari yo`qtur, Shayx Boyazidbek sizning xabaringizni topib, meni yibordi” 

Shayx Boyazidbek dushman tarafda edi. Uning gapini eshitib, ya`ni yov uning bu “gadoytopmas” erda chiqib ketolmas bir holatda ekanini bilganidan xabar topib, butkul tamom bo`ldi. 

Voqeaning bu yog`ini hech kim Boburning o`zidan oshirib, ya`ni ta`sirchanroq qilib   ayta olmasa kerak: “Muni degach, manga g`arib (g`alati) holate bo`ldi. Olamda jon vahmidin (qo`rquvidan) yomonroq nima (hech narsa)  bo`lmas emish. Men dedimkim: “Rostlig`ini ayt, agar ish o`zgacharak bo`lg`udektur, xud vuzu (tahorat) qilay!” (Bu erda Bobur o`limga tayyorgarlik ko`rish ma`nosida tahorat qilishni ko`zda tutyapti – S. O.) Yusuf ontlar ichti, valek aning ontig`a kim inonadur?! O`zumda betoqatlig`e fahm qildim. Qo`ptum (turdim), bog` go`shasiga (chekkasiga) bordim. O`zum bila andisha qildim (o`yladim). Dedimkim, kishi agar yuz, agar ming yashasa, oxir o`lmak kerak:

Agar sad sol moniy v-ar yake ro`z,
Biboyad raft az in koxi dilafro`z.

(“Agar yuz yil tursang ham, bir kun kelib bu ko`ngilochar saroydan, ya`ni dunyodan ketishga to`g`ri keladi”.)

O`zumni o`lumga  qaror berdim (tayyorladim). O`shal bog`da  bir suv oqib keladur edi, vuzu qildim, ikki rak`at namoz o`qudum, boshimni munojotqa qo`yub, tilak tilaydur edimkim, ko`zum uyqug`a boribtur” 

Voqeaning eng qiziq joyi endi boshlandi. Uyquga ketganicha Bobur tush ko`radi: otasining piri – Xoja  Ahror Ubaydulloh Valiyning nevarasi, ya`ni Ya`qub Xoja Yahyoning o`g`li  bir ola ot minib, bir to`da otliq bilan Boburning ro`parasiga keladi-da, shunday deydi: “G`am emangiz, Xoja Ahror meni  sizga yibordilar. Dedilarkim: “Biz alarg`a (ya`ni Boburga) istionat (yordam) tegurub (etkazib), podshohliq masnadig`a (taxtiga)  o`lturg`uzubbiz. Har erda mushkil ish tushsa, bizni nazarig`a kelturub, yod etsun, biz anda hozir bo`lurbiz”. Holo (hozir) ushbu soat fath (g`alaba) va nusrat (zafar) sizning soridur. Bosh ko`taring, uyg`oning!” (175).

Shu zahoti uyg`onib, qarasaki, g`oliblik qayoqda deysiz, tamoman teskari bir holat: Yusuf dorug`a va uning sheriklari o`zaro Boburni tutib, bog`lamoq maslahatini qilib o`tirishibdi: “Bu so`zni eshitib, dedimkim: “Sizlar bu yo`sunluq so`zlarsiz, ammo, ko`rayinkim, qaysingiz mening qoshimg`a kela olursiz?” Ushbu so`zning ustida edikim, bog`ning devoridin tashqari qalin otliqning kelur ovozi keldi.  Yusuf dorug`a dedikim: “Biz agar sizni olib, Tanbal qoshig`a borsak edi, bizning ishimiz ilgari borur edi. Holo yana ko`p kishi yiboribdur sizni tutg`ali”.   Ul  yaqin (taxmin) qildikim, bu ovoz Tanbalning yiborgan kishilarining otining tovushi bo`lg`ay. Bu so`zni eshitgach, manga iztirob ko`prog` bo`lub, qilur ishimni bilmadim”  (175).

Shu dramatik, hatto, fojeiy holatda karomat yuz berishi mumkinmi?  Tasavvuf aqidasiga ko`ra, bemalol  mumkin!

Kelgan otliqlar Tanbal  yuborgan kishilar emas, Xudoga ming qatla shukrki, Boburning  o`n besh-yigirma “jon tortqon navkari” ekan: “O`shal  holda manga andoq holat bo`ldikim, go`yo manga yangi boshtin Xudoy jon berdi!” (175).

Boburning talqinicha, Xoja Ahror Valiyning karomatlari shu bilangina tugamaydi. Xo`sh, bu yigitlar Boburning aynan shu erda qamalda qolganini qaerdan bilishibdi ekan?

Kelgan navkar yigitlardan biri Qutluq Muhammad barlos edi.  Qarangki, u ham tush ko`ribdi. Tushida Xoja Ahror Ubaydulloh Valiy: “Bobur podshoh Karnon degan kenttadur (qishloqdadir). Borib, ani  olib kelingkim, podshohliq masnadi anga taalluq  bo`lubtur” (175), – debdilar.

Qutluq Muhammad barlos bu tushini Boburga yordam uchun kelgan ulug` xon, kichik xonga aytadi: “Mening besh-olti ini-o`g`lum bor, yana bir necha yigit qo`shungiz, Karnon tarafidin borib xabar olayin” (175).  Xonlar   o`n yigit beradi.  Boboyi  Parg`ariy ikki ukasi bilan bularga qo`shilib, yo`lga tushishadi, uch kun deganda shu og`ir holatida Boburni topishadi...

Bobur shu tariqa naqd o`limdan qoldi. Xon dodalari oldida to`rt oy bo`ldi.  Atrofiga uch yuzdan ortiq navkar yig`ildi. Shu (1502/1503)  yil voqealari bayoni bu buyuk zot hayotida tub burilish yasagan bir ajib  xulosa bilan yakun topadi: “Xotirimg`a keldikim, tokay bu Farg`ona viloyatida sargardon bo`lub turmoq kerak, bir tarafg`a talab qiloyin deb” .

Shundan keyin Zahiriddin Muhammad Bobur ona Vatanni tark etishga majbur bo`ldi.

Sultonmurod OLIM,
O`zbekiston Respublikasi xalq ta`limi a`lochisi.

Google+
WhatsApp
VK
Telegram