Qozog`istonning Mangistau viloyatidagi neft ishlab chiqaruvchi kompaniyalardan birida payvandlovchi-ishchi bo`lib ishlovchi erkakka 2 dekabrning erta tongida bo`ri hujum qildi, deb xabar berdi “Tengrinews.kz” nashri.
Yirtqich ishlab chiqarish bazasi hududiga kirib, o`z vazifasini bajarayotgan 1972 yilda tug`ilgan erkakka hujum qilgan. Hodisa guvohlarining ma`lum qilishicha, bo`ri cho`ponlar tomonidan otib o`ldirilgan. Jabrlangan ishchi kasalxonaga yotqizilgan.
“Erkakni qalin kiyimlari o`limdan asrab qolgan, faqat oyog`i tish zahridan ko`kargan. Unga quturish kasalligiga qarshi vaksina qo`yilib, tibbiy yordam ko`rsatildi. Yirtqich tekshiruv o`tkazish uchun veterinar laboratoriyaga yuborildi”, deb xabar berdi kasalxona vrachi.
Bu kompaniya hududida ro`y bergan ilk noxush voqeadir.