my5

Sut mahsulotlari – yoshartiradi va ozdiradi!

Salomatlik 13.12.2016, 15:17
Теглар: Mahsulot, Salomatlik, SUGDIYONA
14320
Sut mahsulotlari – yoshartiradi va ozdiradi!

Ko`pchilik ayollar bel va oyoq og`rig`idan shikoyat qilishadi. Organizmdagi bunday bezovtalikka o`zlaricha tashxis qo`yib, “Tuqqandan keyin shunaqa bo`ladi”, “Kuni bilan harakatdaman, charchagandirman”, “Yoshim o`tib boryapti-da” deya e`tiborsizlikka beriladilar. Aslida, bu shifokor nazoratini talab qiladigan holat. Bo`g`imlardagi og`riqning sabablari turlicha bo`lishi mumkin. Ulardan biri kalsiy etishmasligidir. Sut mahsulotlarini doimiy va to`g`ri iste`mol qilish esa organizmda kalsiy muvozanatini ta`minlaydi. Natijada, suyak va tishlarimiz mustahkamlanadi.

 

Sigir suti. Kuniga yarim litrdan sigir suti ichib turilsa,  organizm vitamin va minerallarga to`yinadi. Chunki ushbu mahsulot tarkibidagi laktoza yurak, jigar va buyrak faoliyatini yaxshilaydi. A vitaminiga boyligi  bolalarning jismoniy o`sishiga ko`maklashadi. Sutni yotishdan avval ichsak, asablar tinchlanib, kechki uyqu sokin kechadi.

Sutning kundalik iste`moli infarkt va insultga chalinish xavfini 37 foizga qisqartirishi aniqlangan. Shuningdek, oshqozon bilan bog`liq kasalliklarga, xususan, me`da yarasi va gastritga chalinganlar ko`p sut ichishlari kerak. Bundan tashqari, sut jaziramada chanqoqni qondirishi bilan birga terlaganda chiqib ketadigan mineral tuzlarning ham o`rnini to`ldiradi. Unda immunitetni ko`taruvchi bakteriyalar mavjud. Shuningdek, zararli bakteriyalarga qarshi kurashadi ham. Sutning semirtirishi haqidagi taxminlar esa noto`g`ri.

Yodda tutish kerakki, sutdagi barcha vitaminlarni saqlab qolish uchun uni uch daqiqadan ortiq qaynatmaslik kerak.

 

Echki suti. Immunitetni ko`tarishi bilan mashhur. Ayniqsa, yuqumli xastaliklarning oldini olishda echki suti “vaksina” vazifasini o`taydi. Ayol kishi echki sutini ichsa va kosmetik niqob sifatida ishlatsa, teri yosharadi, yuzga ajin tushishining oldi olinadi va yuz ranggi tiniq bo`ladi. Echki sutida D vitamini va kalsiy sigir sutiga qaraganda anchayin ko`p. Shuningdek, u sigir sutidan ko`ra yog`li bo`lishiga qaramay, tez hazm bo`ladi. Qandli diabet, artrit, bronxit, anemiya, diatez, sil kasaliga chalinganlar echki sutidan davo topadilar. Uni yoshiga to`lmagan bolalarga ham berish mumkin. Bir yoshdan keyin echki sutini ko`p ichgan bolalar sog`lom va baquvvat bo`ladilar. Echki suti ich ketishiga olib kelmaydi, aksincha, ichni qotirish xususiyatiga ega. Raxitga chalingan bolalar uchun ham echki suti zaruriy ozuqalardan biridir.

 

Qatiq. Tarkibida juda ko`p miqdordagi lakto va bifidobakteriyalarni jamlagani bois sutdan afzal hisoblanadi. Tez hazm bo`lib, vitamin va menarallari  boshqa sut mahsulotlariga qaraganda oson o`zlashtiriladi. Qatiqni doimiy ravishda ichib yurish orqali organizmdagi oqsil muvozanati ta`minlanadi. Kattalar va bolalardagi ichak mikroflorasi yaxshilanib, ovqat hazm qilish tizimi barqarorlashtiradi. Qatiqda oshqozonni tozalash xususiyati borligi sabab, uni ich qotishi, ko`ngil aynishi, disbakterioz va toksikoz mahali dori o`rnida qo`llash mumkin. Qatiq iste`moli organizmni turli kasalliklar, jumladan, shamollash hamda virusli infeksiyalardan asraydi va zararli mikroorganizmlardan himoyalab turadi. Emizikli bolalarga 8 oylikdan boshlab berish mumkin.

 

Qaymoq. Sut mahsulotlari ichida eng yog`lisi hisoblanmish qaymoqni ayollar homiladorlik va go`dakni ko`krak bilan emizish davrida iste`mol qilsalar, koni foyda. Chunki unda bolaning o`sishi va rivojlanishi uchun kerakli vitaminlar majmuasi mavjud. Boshqa sut mahsulotlariga qaraganda kaloriyasi yuqoriligi bilan ham ajralib turadi.  

 

Tvorog. Parhezbop egulik sanaladi. Oshqozon, ichak, buyrak, jigar, yurak va o`pka sohalarida muammosi bor bemorlar uni taomnomalariga kiritishlari mumkin. Tvorogda temir miqdori ko`p bo`lgani bois gemoglabinni oshiradi. Ortiqcha vazndan qiynaladigan odamlar yog`siz tvorogni iste`mol qilishlari kerak, unda ham barcha vitaminlar saqlanib qoladi.

Tvorog qondagi xolesterin miqdorini kamaytirish xususiyatiga ega. Kuniga 300 grammdan tvorog egan kishi organizmini oqsil bilan etarlicha ta`minlay oladi. Sochlari uzun bo`lishini xohlagan qizlar tvorogni ko`p iste`mol qilishlari darkor. Homilador ayol tvorogni sevib iste`mol qilsa, o`zi va tug`ilajak bolasi organizmi kalsiyga to`yinadi. Klimaks payti injiqliklarini engishda ham ushbu mahsulot yordamga keladi. Bundan tashqari, tvorogni yuzga kosmetik niqob tarzida ishlatib, terini oziqlantirish va taranglashtirish mumkin.

 

Pishloq. To`yimli mahsulot. Organizmning umumiy holati, ayniqsa, miya faoliyatini yaxshilaydi, tishlarni kariesdan himoyalaydi, qon bosimini me`yorida ushlab turadi. Uyqusizlik va stress holatlarida ham pishloq eyish naf beradi. Pishloqning ishtahani ochish, ko`z nurini yaxshilash, moddalar almashinuvini faollashtirishda hissasi katta. Pishloqdagi oqsil miqdori go`sht va baliqnikidan ko`p. Jismoniy mehnat bilan shug`ullanuvchilar pishloqni ko`p eyishlari kerak, chunki u sarflangan kuchning o`rnini to`ldiradi. Shuningdek, chekuvchilarga ham pishloqni ko`p iste`mol qilishlari kerak. Sababi, tamaki tarkibidagi nikotin inson organizmidan kalsiyni haydab chiqaradi. Qattiq pishloqni bolalarga bir yarim, ikki yoshdan boshlab berish mumkin.

Durdona ALIMOVA tayyorladi.

Шарҳлар

​​Aholi salomatligi uchun mahsulotlar xavfsiz yoki zararli ekanligini ko`rsatuvchi belgilar bilan tamg`alanadi

11.11.2020, 21:22

"Aholining sog`lom ovqatlanishini ta`minlash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida" gi Prezident qarorida qayd etilishicha, oziq-ovqat mahsulotlarining tarkibida tuz, qand va yog` miqdori inson sog`lig`i uchun xavfsiz...
YuTINGANDA QULOQ OG`RIG`I?!

26.12.2017, 13:12

— Uch yashar o`g`lim ovqat chaynab yutayotganida qulog`ini ushlab, og`riyotganini aytdi. Shifokorga ko`rsatsam, otit deb tashxis qo`ydi. Bu qanday kasallik? Uni uyda davolasa bo`ladimi? Nazira...
DIATEZ QAYTALAMASIN DESANGIZ…

26.12.2017, 13:08

— Emizikli chaqalog`im ekssudativ diatez kasalligi bilan og`rigandi. Hozir sog`aygan bo`lsa-da, ayrim taomlarni iste`mol qilganimda uning badanida qizg`ish dog`lar paydo bo`ladi. Go`dakda diatez qaytalamasligi uchun...
FARZANDINGIZNI MAKTAB KASALLIKLARIDA ASRANG!

26.12.2017, 11:36

Uzoqni ko`ra olmaslik;skolioz (umurtqa pog`onasining qiyshayishi);gastrit;ruhiy-asab tizimi buzilishlari kabilarni maktab kasalliklari sirasiga kiritish mumkin. Statistikaga ko`ra, har besh bolaning biri umurtqa pog`onasi muammolaridan qiynalsa, har...