Aslida, kamqonlikning sabablari ko`p. Lekin surunkali qon yo`qotishdan so`ng kelib chiqadigan kamqonlik ayollarda ko`p uchraydi. Masalan, homila tushganda, hayz ko`rish cho`zilib ketsa, tug`ruqda, bachadon va tuxumdon kasalliklari tufayli qon ketishi, ko`pincha, anemiyaga olib keladi. Shuningdek, tug`ruqlar oralig`idagi interval yaqinligi, ayniqsa, homiladorlikda organizmning temir moddasiga to`yinmasligi kabilar kamqonlikka olib keladi. Ushbu xastalikni parhezshunos mutaxassislar tavsiya etgan taomlar bartaraf etishi mumkin. Bunday eguliklarning ayrimlari haqida bilib olganingiz ma`qul.
Tovuq go`shti va sabzavotli salat
Qaynatib pishirilgan tovuq go`shtining yumshoq terisiz joylari olinadi. Bodringni somoncha shaklida, pomidorni halqa qilib, oshko`klarni esa mayda to`g`raladi. Tayyor mahsulotlar yaxshilab aralashtirilgach, ustidan biroz qaymoq quyiladi. Bu salat oqsil, yog` va uglevodlarga boyligi uchun ham kamqonlikda shifodir.
Qaynatilgan qovoq
To`q sariq rangli, ta`mi shirin qovoq suvda qaynatiladi. Pishgach, olib sovutish, so`ng mayda to`rtburchak qilib to`g`rash lozim. Ustidan shakar sepib, biroz qaymoq quyiladi va taomdan avval iste`mol qilinadi.
Suzmali salat
Tozalab yuvilgan oshko`klar – shivit, kashnich, rayhon, rediskani mayda to`g`rang, bodringni parraklang. Masalliqlarning barini suzmaga aralashtiring. Ustidan tuz va murch sepib, dasturxonga torting.
Lavlagili darmondori
Lavlagini suvda qaynatib, yumshagach, po`stidan tozalang. To`rtburchak to`g`rang-u, idishga soling. Bir-ikki osh qoshiq qaymoq yoki shuncha miqdorda o`simlik yog`idan qo`shib, aralashtiring. Bu xushxo`r salat qonni ko`paytirish xususiyatiga ega.
Na`matakli damlama
Quritilgan na`matak mevalaridan 1 osh qoshig`ini 1 stakan suvga soling va past olovda o`n daqiqa qaynating. Yarim soatcha damlab qo`yasiz. So`ng ovqatdan avval ichib turishingiz kerak. Ushbu damlama tarkibida S vitamini miqdori juda ko`p bo`lib, oziq-ovqatlardagi temirning organizmda o`zlashtirilishiga yordam beradi.
Turshak ivitmasi
O`rikning quritilgan (turshak)i kamqonlikni davolovchi bebaho ozuqa sanaladi. Bir hovuch turshakni 1 litr qaynoq suvda ivitgach, suvini kun davomida ichib yursangiz, bardam va tetik bo`lasiz.
Va yana...
Suvda qaynatilgan behini iste`mol qilish, qirg`ichdan o`tkazilgan sabzi va turp sharbatini oz-ozdan ichib turish ham kamqonlikda davo bo`ladi. Shuningdek, olmada temir moddasi serobligi bois uni eyish va sharbatidan ichib turish foydalidir.
G. JAMILOVA tayyorladi.