Bilasizmi, tibbiy dori-darmonlarsiz ham grippdan himoyalanish mumkin. Buning uchun uyingizdagi “xavfli hudud”larni tozalashni kanda qilmang.
Dezinfeksiya vositalari bu borada qo`l keladi. Ammo xlordan foydalanishni tavsiya etmaymiz. Yaxshisi, do`konlarda sotiladigan mikrotolali sochiqlardan foydalaning. Chunki ular chayilganda chang va mikroblarni o`zida saqlab qolmaydi.
* Tez-tez foydalaniladigan buyumlar: telefon, eshik tutqichlari va televizor pultini, ayniqsa, ko`proq artib turish kerak. Chunki ularda millionlab mikrob zarralari yig`ilib qoladi.
* Kun davomida xonani shamollatib turish lozim. Mutaxassislarning fikricha, gripp virusi shamollashdan ham ko`ra, ko`proq uyda yig`ilib qolgan havo-tomchi zarralari orqali yuqadi.
* Shuningdek, xonani ultrabinafsha nur tarqatuvchi lampalar yordamida infeksiyalardan tozalash mumkin. Faqat bu mahal xonada hech kim bo`lmasligi va amaliyotdan so`ng bir necha daqiqaga derazani ochib qo`yish talab etiladi.
* Agar uyda yosh bola bo`lsa, o`yinchoqlar tozaligiga ham ahamiyat bering. Elim o`yinchoqlarni sovunli eritmada tozalash mumkin, yumshoq o`yinchoqlarni esa sellofan xaltalarga solib, bir kecha muzlatgichda saqlasangiz yoki izg`irin kunlari tashqariga chiqarib, shamollatsangiz, sovuq harorat ta`sirida virus va bakteriyalar yo`q bo`ladi.
* Idish yuviladigan lattani har etti-o`n kunda bir o`zgartirib turish kerak. Vaqti-vaqti bilan uni sterillash ham foydadan holi bo`lmaydi. Buning uchun lattani sodali suvda yarim soat qaynatasiz.
* Sovuq kunlar boshlanishi bilan, tabiiyki, qo`shimcha isitish vositalariga ehtiyoj sezamiz. Natijada xona isish bilan birga uning havosi ham quruqlashadi. Shuni inobatga olib, zamonaviy ishlab chiqaruvchilar havo namligini ta`minlovchi va turli infeksiyalarga qarshi kurashuvchi ion tarqatadigan moslamalarni taklif etishayapti. Ionlashtiruvchi vositalar yordamida ham grippning oldini olish mumkin.
* Uyingizda namlik bir me`yorda saqlanib, yoqimli ifor taralib turishini istasangiz, dokani sovuq suvda namlab, ichiga paxta soling va 3-4 tomchi apelsin yoki yalpiz moyidan tomizib isitgich, ustiga qo`ying.