my5

«Homilam bilan qonimiz to`g`ri kelmaydi, nima qilay?..»

Salomatlik 15.12.2016, 11:13
Теглар: Ayol, Bola, Ona va bola, SUGDIYONA
7199
 «Homilam bilan qonimiz to`g`ri kelmaydi, nima qilay?..»

Er-xotinning qon guruhi va rezus omili (rezus faktor) bo`lajak homiladorlikda va bola to`g`ri rivojlanishida muhim ahamiyatga ega. Turmush qurgan har bir yigit-qiz o`z qon guruhi va rezus omilini bilishi lozim... Xo`sh, rezus omil nima?

Rezus omil — eritrositlar sirtidagi oqsil. Statistikaga ko`ra, Er yuzi aholisining 85 foizi musbat rezus omil sohibi, qolgan 15 foizida esa bu oqsil yo`q va ular rezus manfiy omil egasi.

Rezus ziddiyat qachon sodir bo`ladi?

Rezusi omili manfiy bo`lgan kishi qoniga musbat rezusli eritrositlar tushsa, ular immun tizimi tomonidan begona deb qabul qilinadi. Va organizmda ularga qarshi antitanalar ishlab chiqarila boshlaydi. Natijada rezus ziddiyat kelib chiqadi.

Ota-ona va bola

  • Ota-onaning qaysi rezus omilga egaligi bo`lajak bola uchun ham muhim. Ota ham, ona ham musbat rezus omilga ega bo`lsa, bu bola ham musbat rezus omilli degani.
  • Ota-ona rezus manfiy omil sohibi bo`lsa, bolaning rezus omili ham manfiy bo`ladi.
  • Onada rezus omili musbat, otada esa manfiy bo`lganda ham homiladorlik davri qiyinchiliksiz kechadi.
  • Ona rezus manfiy, ota rezus musbat omilga ega bo`lganda esa rezus ziddiyat yuzaga kelib, homiladorlikka xavf tug`diradi. Rezus ziddiyat bunday homiladorliklarning 75 foizida yuzaga keladi.

Nimaga olib keladi?

Rezus manfiy omilga ega bo`lgan homilador ayolning organizmi rezus musbat omilli homilaga qarshi antitanalar ishlab chiqara boshlaydi. Homiladorning immun tizimi boladagi rezus musbat omilga ega bo`lgan eritrositlarni begona deb qabul qiladi. Rezus antitanalar yo`ldoshga singib, homilaning eritrositlarini buzishga tushadi. Bunda qonda bilirubin miqdori oshadi va bola tanasi sariq rangga kiradi. Emirilib borayotgan eritrositlar o`rnini to`ldirish uchun jigar va taloq tezlik bilan ishlay boshlaydi va hajmi kattalashadi. Ammo buning uddasidan chiqa olmaydi. Natijada bolada kamqonlik, intoksikasiya (toksinlar bilan zaharlanish), muhim a`zolar faoliyatining buzilishi kabi holatlar yuzaga kelishi mumkin. Bular gemotologik kasalliklar deb ataladi. Xastaliklar bola tug`ilgach rivojlanib, unga rezus manfiy qon qo`yish talab qilinadi.

Oldini olish mumkinmi?

To`g`ri muolaja yordamida bir qarashda dahshatli bo`lib tuyulgan bu holatning oldini olish mumkin. Bunda ayolning avvalgi homiladorlik davri qanday kechgani inobatga olinadi. Ayolda bola tushish holatida 3‑4 foiz, tug`ruqdan so`ng esa 10‑15 foiz holatlarda qonda antitanalar hosil bo`ladi. Ya`ni, bu homilaning qancha eritrositlari onaning qon aylanish tizimiga o`tib ulgurganiga bog`liq. Barcha holatlarda rezus ziddiyatning oldini olish choralarini ko`rish lozim.

Birinchi homiladorlik bo`lsa…

Bu holatda rezus manfiy omilga ega bo`lgan onaning qonida antitanalar yo`qligi sabab homila bilan rezus ziddiyat kelib chiqmaydi. Birinchi homiladorlikda organizm antitanalarni ko`p miqdorda ishlab chiqarib ulgurmaydi. Shunga qaramay, ayol organizmida «xotira to`qimalari» bo`lib, keyingi homiladorlik davrida ular tezda rezus omilga qarshi antitanalar ishlab chiqarishni boshlab yuboradi. Shuning uchun rezus manfiy qonga ega bo`lgan homilador ayollarda doimiy ravishda antitana miqdori o`lchab turiladi. Bola sog`lom tug`ilishi uchun homiladorlik davrida kerakli muolajalar o`tkazilishi va homilador ayol doimiy ravishda shifokor nazoratida bo`lishi lozim.

Tug`ruqdan so`ng…

Rezus manfiy omilga ega bo`lgan homilador ayol tug`ishi bilan bolaning rezus omili hamda biluribin miqdori tekshirib ko`riladi. Agar bolaning qoni musbat rezus omilni ko`rsatsa, onaga 72 soat ichida kechiktirmasdan antirezus immunoglobulini ukoli qilinadi. Bu ayolning keyingi homiladorligida rezus ziddiyat kelib chiqish xavfining oldini oladi. Bu homilasi tushganlarga, shuningdek, bachadondan tashqaridagi homiladorlikni boshdan kechirganlarga ham tegishli.

Akusher-ginekolog Munira TOJIXO`JAEVA tavsiyalari asosida Madina LUQMONOVA tayyorladi.

Шарҳлар

Navoiylik ayolning uyiga kelgan mehmonlardan biri boshqasini pichoqladi

13.12.2019, 10:00

Joriy yilning 5 dekabr kuni soat 13:00larda Navoiy shahrida yashovchi, 1974 yilda tug`ilgan L.A. ismli ayolning uyiga tanishlari mehmonga keladi.Ulardan biri 1972 yilda tug`ilgan D.K....
Oqqo`rg`onda mehmonga kelgan ayol mast holda mezbonni pichoqlab o`ldirdi

12.12.2019, 16:01

Toshkent viloyatining Oqqo`rg`on tumanida mudhish voqea ro`y berdi, deya xabar berdi “Postda”Shu tumanda yashovchi fuqaro M.R. tanishi D.X.ni o`z uyiga taklif qiladi. Ulfatchilik avjiga chiqqan bir paytda...
Surxondaryo chegarasida tadbirkor ayol bojxona xodimini urdi

03.12.2019, 11:22

Bojxona xodimiga ayol kishi tomonidan qarshilik ko`rsatish holati aniqlandi. Bu haqda “darakchi.uz”ga Bosh prokuratura Matbuot xizmati ma`lum qildi.Aniqlanishicha, Surxondaryo viloyati, Sariosiyo tumanidagi "Chumchuqlijar" chegara bojxona...
Navoiyda 27 yoshli tadbirkor ayol erini pichoq bilan bir necha marta urib o`ldirdi

02.12.2019, 11:05

Navoiy viloyatida er va xotinning urishi erkakning o`limi bilan yakun topdi. Bu haqda “darakchi.uz”ga Bosh prokuratura Matbuot xizmati ma`lum qildi.Aniqlanishicha, 2019 yil 30 noyabr kuni...