Mamlakatimizning birinchi raqamli tennischisi Sabina Sharipova Xalqaro tennis federasiyasi tomonidan Birlashgan Arab Amirliklarida o`tkazilayotgan xotin-qizlar o`rtasidagi turnirda chorak finalga chiqdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Turnirning birinchi davrasida Sabina Sharipova xorvatiyalik Jana Fettni 7:5, 6:3, yana bir tennischimiz Nigina Abduraimova esa lyuksemburglik Mendi Minellani 6:1, 7:5 hisobida mag`lubiyatga uchratdi.
Qur`a natijasiga ko`ra, musobaqaning ikkinchi davrasida Sabina va Nigina o`zaro kuch sinashdi. Keskin va murosasiz o`tgan bahsda S.Sharipovaning qo`li baland keldi va chorak finalda nederlandiyalik Lesley Kerkxove bilan raqobatlashadigan bo`ldi.
Shuningdek, Sabina Sharipova turnirning juftlik bahslarida ukrainalik Anastasiya Vasileva bilan birgalikda ruminiyalik Kristina Dinu va sloveniyalik Tadeya Mayerichni 6:4, 6:1 hisobida engdi.
Sabina va Anastasiya yarim final yo`llanmasini qo`lga kiritish uchun rossiyalik tennischilar Natela Dzalamidze va Veronika Kudermetova bilan bahslashadi.