Bugun odam savdosi davr muammosiga aylanib ulgurdi. Inchinun bunday “faoliyat” bilan shug`ullanuvchilar orasida o`z farzandini ham sotib yuborayotganlarning uchrayotganligi juda achinarli. “Huquq” gazetasining joriy yildagi 45-sonida Orzigul Jumaeva (ism va familiyalar o`zgartirilgan)ning tuban qilmishi misolida bunga yana bir bor amin bo`lasiz.
Orzigul 1993 yilda g`uzorlik Ergash ismli yigitga turmushga chiqib, to`rt nafar farzandli bo`lganda bolalarining barchasini eriga tashlab ajrashib ketdi. 2014 yilda ishlash uchun Novosibirskka ketib, o`sha erda dehqonobodlik bir erkak bilan tanishib, birga yashadi. Undan homilador bo`lib qolgach, 2015 yilning boshida uyiga qaytdi. Oylar o`tib, farzandi Ravshan tug`ildi va Orzigul onasining uyida yashay boshladi. Tirikchilik tashvishlari ko`payib, do`konlardan qarzga botdi va Orzigul yana safar taraddudiga tushdi. Ammo ...
QULOQQA XUSh YoQQAN BAShORAT
— Rossiyaga yana ishga ketishim kerak, — bemor bolasini folbinga ko`rsatgani kelgan Orzigul noliy ketdi.
— Bolangiz bilan qiynalib qolmaysizmi? — dedi Nigora folbin uning qo`lidan hali ikki oylik ham bo`lmagan chaqaloqni olib.
— Bilmasam, — chaynaldi Orzigul...
Bolaning issig`i baland, qorni dam bo`lgan, tagliklari to`lgan, kiyimlari ham bir ahvolda edi.
— Rahima kecha bir dugonasini etaklab kelibdi, deya gapida davom etdi Orzigul. — Buxorodan, deydi. Keyin bilsam, Kosondan ekan. Tirnoqqa zor emish. Bolangizni baribir boqa olmaysiz, unga bering, xarajatlarini beramiz, deydi. Boshim qotdi. O`ylab ko`ray, ertaga xabar olinglar, dedim...
— Bolangiz sizga emas, boshqa ayolga ko`rinayapti, — dedi Nigora folbin konfetlar bilan fol ko`rib. — Rahimaning gapi to`g`ri. Baribir bu ahvolda bolangizni boqa olmaysiz. Sizga ortiqcha yuk bo`ladi. Ularga berib yuboring. Tashvishidan qutulasiz...
2 MLN. 800 MINGGA BAHOLANGAN TIRIK JON
Kosonlik Adolat Bo`ronova turmush o`rtog`i Mansur bilan o`n sakkiz yil birga yashashdi. Shu yillar davomida ularning xonadonida chaqaloq yig`isi eshitilmadi. Ajrashib ketish juda og`ir edi.
Shunday kunlardan birida muboraklik tanishi Rahimadan qishloqlarida Orzigul ismli bir ayol Rossiyada ish¬lab kelib, farzandli bo`lgani, bolasini boqishga imkoniyati yo`qligi haqida eshitib, ichi chiroq yoqilganday yorishib ketdi. Darhol Ra¬hima bilan yo`lga otlanishdi.
Orzigulni qidirib borgan ikki ayol uni folbinning uyidan topishdi. Eshigi ochilib, Rahima, uning izidan Adolat kirdi.
Gurung uzoq davom etdi. Ra¬hima yana "o`sha masala"da kelishganini aytdi. Adolat ko`ziga yosh olib yalindi. Nigora folbin ham ularga qo`shilib, baribir bolasini boqa olmasligini, bu ahvolda nobud qilib qo`yishini aytib, Adolatga bersa yaxshi bo`lishini ta`kidladi.
Orzigul biroz o`ylanib turib, Rossiyaga ketish uchun hujjat to`g`irlash, qarzlaridan qutulish uchun 2 mln. 800 ming so`m kerakligini aytdi. Ado-lat sumkasidan 1 mln. 300 ming so`m va 300 AQSh dollari chiqarib berdi. Orziguldan bolani o`z ixtiyori bilan berganligi, bu haqda hech qaerga shikoyat qilmasligi to`g`risida tilxat yozdirib oldi.
SO`NGGI PUShAYMON
Orzigul puldan 300 ming so`mini olib, do`konlarni aylanib, qarzlarini berdi. Ko`z o`ngidan chaqalog`i ketmadi, uni yana ko`rgisi keldi. Uzoq o`ylanib, Nigora folbinning uyiga qaytdi. Pullarni olib, bolasi-ni qaytarib berishlarini so`radi. Ammo folbin unga endi buning iloji yo`qligini aytdi.
Orzigulning ko`ziga dunyo qorong`u bo`lib ketdi. Oyog`ini qo`liga olib, uchastka inspektoriga yugurdi. Unga bo`lgan voqeani oqizmay-tomizmay gapirib berdi. Qilmishidan pushaymonligini bildirib, bolasini qaytarib olib berishlarini so`radi.
O`YLAMAY BOSDIM TIKANNI...
Sudning qora kursisidagi bu to`rt ayol ikki oylik norasidaning ojiz ahvolidan foydalanib, uni bir buyum yo hayvonday baholab, taqdiri ustidan hukm chiqarib qo`yishdi. Ammo sud chaqaloqfurushlar ustidan o`z hukmini e`lon qildi. Jinoyat kodeksining te¬gishli moddalariga ko`ra, Orzigul Jumaeva hamda Adolat Bo`ronovaga 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazo shartli hisoblanib, 3 yil sinov muddati belgilandi. Nigora Murodova hamda Rahima Jovlieva esa 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Ularga ham jazo shartli hisoblanib, 2 yil sinov muddati belgi¬landi. Jinoyatga jazo muqarrarligi aniq, ammo go`dakning “Mehribonlik uyi”da qolishiga sababchi bo`lgan bu ona endi o`zini kechira olarmikin?