O`zbekistonlik FIFA referisi Vladislav Seytlin 45 yoshni qarshi olishi munosabati bilan xalqaro turnirlardagi hakamlik faoliyatini yakunlaydi. Bu haqda O`FF matbuot xizmati ma`lum qilmoqda.
Ma`lumki, FIFA hakamligida yosh chegarasi 45gacha qilib belgilab qo`yilgan. Shuning uchun, endilikda Vladislav Seytlin OFK va FIFA istruktorligi faoliyatini boshlaydi.
Ushbu munosabat bilan Osiyo Futbol Konfederasiyasi o`zbekistonlik hakamga uzoq yillar davomida hakam sifatida ko`rsatgan xizmatlari uchun minnatdorchilik bildirish va bo`lajak instruktor sifatida uni tanishtirish maqsadida 2017 yilning 19 yanvar sanasida Kuala-Lumpurga taklif etdi.
“Vladislav Seytlin xalqaro musobaqalardagi hakamlik faoliyatini yakunlashiga qaramay, O`zbekiston chempionati va kubok bahslarida hakam sifatidagi faoliyatini davom ettiradi. O`zbekistonda hakamlar uchun yosh chegarasi 48 qilib belgilangan”, - deydi O`zbekiston Futbol Federasiyasi hakamlar va inspektorlar departamenti boshlig`i Noil Lutfulin.
Ta`kidlash kerakki, Seytlin shu yilning 10 – 19 may hamda 20 – 27 oktyabr kunlari UEFAning hakamlar mahoratini oshirish markazining maxsus dasturi doirasidagi istruktorlik o`quv-kurslarida tahsil olib qaytgan edi.