my5

Siz majbur emassiz... O`zingizni oqlashingiz shart bo`lmagan 12 holat

SUG'DIYONA 16.12.2016, 12:15
Теглар: Aktyor, SUGDIYONA
2158
Siz majbur emassiz... O`zingizni oqlashingiz shart bo`lmagan 12 holat

«Uni qilishim kerak, bunday qilmasam bo`lmaydi, odamlar nima deydi?» O`ylab qarasangiz, butun umrimiz ana shunday o`yu tahlika bilan o`tib ketayapti. Aslida, insonning Yaratgandan qarzi bor, xolos. Qolganlari esa faqat o`zining va yaqinlarining manfaatiyu baxti uchun qilishi yoki qilmasligi kerak bo`lgan amallardir. Demak, SIZ MAJBUR EMASSIZ!


1. Turish-turmushingiz, sharoitingizni birovga tushuntirishga.

Yoshingiz o`ttizga etsa hamki, hamon oila qurmaganingiz yoki oilangiz bilan u uydan bunisiga ijaraga ko`chib yurishingiz, yo bo`lmasa, qaynota-qaynonangizdan ro`zg`oringizni bo`lak qilmayotganingiz — bularning bari sizning shaxsiy hayotingiz. Nega boshqacha emas, aynan shunday yo`l tutayotganingizni hech kimga izohlab o`tirishga majbur emassiz. Turmushingizni shu holda saqlab qolayotganingizning sabablari bor va ular faqat sizga taalluqli masalalardir.


2. Nimani ma`qul ko`rasizu nimani yo`q — birovga izohlashga.

Yaqinlaringiz yoki o`zingizning baxtingiz uchun nimalar qilishingiz keragu nimalarni ma`qul topmaysiz, bu — sizning xohishingiz. Har bir inson ana shu hayotiy prinsiplari bilan o`ziga xosdir. Hammaning o`z orzu-niyati, intilishu rejasi bor va ular hammada har xil. O`z maqsadlaringizni o`zingiz belgilaysiz va birovning oldida hisob berishga majbur emassiz.

 

3. Agar pushaymon bo`lmasangiz, kechirim so`rashga.

O`zingizni haq deb bilsangiz, qilgan ishingizdan afsuslanmasangiz, kimdir sizga nohaqlik qilganiga amin bo`lsangiz yoki kechirishlariga unchalik zor bo`lmasangiz, uzr so`rashingiz shart emas. Ko`pchilik og`riqli mavzuni yopish, vaziyatni tekislash, muammoga chek qo`yish uchun kechirim so`rab qo`yaqolishni ma`qul ko`radi. Ammo bu yara hali tuzalishga tayyor bo`lmasa-chi? Yuzaki tekislab qo`yganingiz bilan ichdan maddalab, keyin sizga uzoq azob bersa-chi? Shuning uchun darhol kechirim so`rashga shoshilmang, vaqt hammasini davolaydi.
 

4. Ma`lum vaqt yolg`iz qolishni istasangiz, buning uchun bahona qidirishga.

Ko`pchilik, shunchaki ,yolg`iz qolish, dam olish yoki yaxshi kitob o`qib hordiq chiqarish uchun qandaydir tadbirga borishni istamasa, u yoki bu uchrashuvni bekor qilsa, osmon erga uzilib tushadigandek his qilishadi. Bundan qo`rqmaslik kerak, har bir insonning hayotida shunday daqiqalar bo`ladi va bu tabiiy hol. Sizni «yovvoyi», «odamovi»ga chiqarishlaridan cho`chimang. Zarur paytda bemalol yolg`iz qoling va buni izohlab o`tirmang.


5. Hammaning shaxsiy fikriga qo`shilishga.

Kimdir ehtiros bilan o`z mulohazalarini bayon eta ketsa, qo`shilmasangiz ham bosh irg`ab o`tirishga majbur emassiz. Agar uning g`oyalari sizga yot bo`lsa, ma`qullash o`zingizga va atrofdagilarga nisbatan adolatsizlik bo`ladi. Yaxshisi, fikringizni odob bilan bayon qilib, noroziligingizni ichingizga yutmang.

 

6. Doim «ha» deyishga.

Agar rozi bo`lish uchun jiddiy sabab topolmasangiz, «yo`q» deyishga to`la huquqingiz bor. Hayotda o`z manfaatlariga zid o`rinlarda rad javobini bera olganlar muvaffaqiyatga erishishadi. Boshqalarning mehru-oqibatini qadrlang, minnatdorchilik bildiring, ammo asosiy maqsadingizdan chalg`itadigan ishlarni dadil «yo`q» deya rad eting.

 

7. Tashqi ko`rinishingiz uchun o`zingizni oqlashga.

Ozg`in yoki semiz, novcha yoki past bo`yli bo`lishingiz mumkin, balki go`zaldirsiz, balki unchalik emas — shunchaki oddiy insonsiz. Biroq buning uchun o`zingizni kamsitilgan yo aybdor his qilishingiz va birovlarga izoh berib o`tirishingiz kerak emas. Qiyofangiz hech istisnosiz faqat sizning shaxsiy ishingiz va bu borada faqat o`zingizga hisob berishingiz mumkin. Tashqi ko`rinishingiz sabab sizga baho berishlariga yo`l qo`ymang. Ruhingizni ham tushirmang.


8. Qaysi taomni xush ko`rasizu qay biriga tobingiz yo`q, bu haqda kimgadir hisob berishga.

Ayrim mahsulotlar sog`ligingizga to`g`ri kelmas, boshqalariga shunchaki ta`bingiz tortmas. Kimdir «Nega bunaqa narsani emaysan?» degan savollar bilan jig`ingizga tegaversa, «Bu mening ishim, qolaversa, shuni emasam ham o`zimni yaxshi his qilayapman» deb og`zini yopib qo`yishga haqqingiz bor.

 

9. Kasbingiz sizning tanlovingiz — uni birovlardan himoya qilishga.

Ba`zan ish yoki shaxsiy hayotdan birini tanlashga majbur bo`lamiz. Bir qarorga kelish oson emas. Qay birini tanlasangiz ham, bu sizning tanlovingiz va hayotingiz. Nima bo`lganda ham, buning uchun birovning oldida o`zingizni oqlashga majbur emassiz. Nima siz uchun zarur bo`lsa, o`shani qilayapsiz, tamom, vassalom!


10. Nega yolg`iz yashayotganingizni tushuntirishga.

Oila qurganmisiz yoki yolg`izmisiz? Buning begonalarga taalluqli joyi yo`q. Yolg`izlik — taqdir, shaxsning biror yomon xususiyati emas. Ya`ni siz oilaviy ahvolingizdan qat`i nazar – insonsiz. Birovning oilaviy hayoti bilan qiziqish, bu haqda savollar berish yoki uning hayotiga aralashish — odobsizlik, madaniyatsizlik va surbetlik. Bunday odamlardan uzoqroq yuring.


11. Ko`nglingiz tusamagan inson bilan shunchaki iltimos qilganlari uchun uchrashishga.

Kimnidir juda yoqimtoy va yaxshi deb ta`riflashdi, sizga u bilan uchrashib ko`rishni taklif qilishdi, keyin qat`iy so`rashdi, bora-bora bu talabga aylandi. Lekin sizning ko`nglingiz chopmayapti, uchrashishni istamayapsiz. Demak, uchrashuvga bormang. Rad etish uchun biron jiddiyroq sabab toping va qaroringizni o`zgartirmang.

 

12. Juftingiz — sizning tanlovingiz, buning uchun uyalishga.

Ba`zida ayrim odamlar shu darajada surbetlashib ketishadiki, «Nega shu odam bilan yashayapsan, senga munosib emas-ku?!» deyishgacha borishadi. Go`yoki sizlar munosib juftlik emassiz, yaxshiroq odam bilan birga yashashingiz mumkin... Nima deyishsa deyishaversin, siz bu borada faqat o`zingizga hisob berishingiz mumkin. Juftingiz bilan baxtli yashashda davom eting, bu kimgadir yoqsa yoki yoqmasa —ularning muammosi!

 

Hayotda murosayu madora degan narsa bor, bunga ham amal qilmasak bo`lmaydi. Lekin umrni faqat murosaga sarflash uni isrof qilishdir. Unutmang, oliy maqsadlar yo`lida qat`iyat ham zarur! Sizdan o`z manfaatlari yo`lida foydalanishlariga, o`z fikrlarini majburan o`tkazishlariga va boshqarishlariga yo`l qo`ymang. Mustaqil va erkin bo`ling-da, hayotdan lazzatlaning!

ShAHINA tayyorladi.

Шарҳлар

Shavkat Komilov suratga olish jarayonida aktrisani o`ldirib qo`yishiga bir bahya qoldi (video)

05.11.2019, 00:13

“Yolg`izlar”, “Ko`z yoshim”, “Dard” kabi o`n beshdan ziyod filmlari orqali tanilgan aktyor Shavkat Komilov ishtirokida video  tarqaldi...Unda aktyor, portnyori Aziza Yoqubovani chin ma`noda o`ldirib qo`yishiga...
​BORIS G`OFUROV OTASI BILAN ALOQASI UZILGANI VA 40 YoShDA OILA QURGANI HAQIDA(EKSKLYuZIV)

26.07.2017, 15:43

Shunday aktyorlar borki, ularni ekranda ko`p ko`rmasak-da, ijro etgan rollari bilan yodimizda saqlanib qolishadi. Baxtiyor G`afurov. O`zbek tomoshabinlari uni ko`proq Boris G`afurov sifatida tanishadi. Spektakl,...
​“IShDAGI IShQ” FILMI QAHRAMONLARI BUGUNGI KUNDA(FOTO)

11.07.2017, 15:07

Barchamiz birdek sevib tomosha qiladigan “Ishdagi ishq” filmining suratga olinganiga 40 yildan oshdi. Biroq, mazkur film hamon sevimli, undagi qahramonlar qadrli...Sevimli kinokartinamizda rol ijro etgan...
​YoQUB AHMEDOV. AKTYoR BO`LIShNI ISTAGAN FUTBOLChI

11.07.2017, 14:10

Uchrashuvimiz mehmonini kinodagi katta-kichik rollari orqali yaxshi taniysiz. San`atga kirib kelguniga qadar esa u sportchi bo`lgan. So`zimiz chin. Jarohat olmaganida ehtimol bugun aktyor emas, futbolchi...