Bosh og`risa, dori ichamiz, biroz orom olamiz, o`tib ketadi. Ammo tish og`rig`iga dosh berishning o`zi emas. Ayniqsa, tunda?.. Yana kuz kelishi bilan ham ko`pchilikda tish bilan bog`liq bezovtaliklar kuzatiladi. Bugun ushbu mavzu yuzasidan sizni qiziqtirgan savollarga birgalikda javob izlaymiz.
Mutaxassis — oliy toifali shifokor-stomatolog, Ulug`bek MUHAMEDXO`JAEV.
«PARODONTOZNING DAVOSI BORMI?»
— Menda milk yallig`lanishi kasalligi — parodontoz bor. Har zamon muolaja olib turaman. Ammo bezovtaliklar takrorlanaveradi. Ayniqsa, og`izdan noxush hid kelishi juda noqulay. Ushbu xastalikdan batamom tuzalish mumkinmi?
Anvar Mullaxo`jaev, Toshkent shahri
— Parodontoz suyakka o`tmagan bo`lsa, batamom sog`ayish ehtimoli yuqori. Aksi bo`lganida esa u suyak kasalligi hisoblanadi. Milk yallig`lanishi bir martalik muolaja bilan davolanmaydi. Zarur choralar ko`rilgan taqdirda ham yiliga ikki marta (olti oyda bir), albatta, shifokor ko`rigidan o`tib, muolaja olib turiladi.
YoRIQLAR...
— Yoshim 28da. Tish emalimda mayda yoriqlar paydo bo`lgan. Buning sababi nima? Davolasa bo`ladimi?
Komila Sattorova, Namangan shahri
— Tish emalidagi yoriq qaysi sohada joylashgan, pastki yoki yuqorigi tish qatorimi, bu kabi savollarga javob olish uchun mutaxassis ko`rigi zarur. Ba`zida tishdagi yoriqlar tabiiy jarayon bo`lib, ortiqcha bezovtalik tug`dirmaydi. Agar yoriq bor tishlarda issiq-sovuq harorati sezilsa, bezovtalik kuzatilsa, zont apparati yordamida muammo aniqlanib, davolaniladi.
«SARIQLARNI OQARTIRISh MUMKINMI?»
— O`smirligimdan tishlarimda sarg`ishlik bor. Ikkinchi tug`ruqdan keyin esa old qatordagi tishlarimdagi sarg`ishlik yaqqol ko`zga tashlanayapti. Tish emalini qayta oqartirsa bo`ladimi?
Hilola Mo`minova, Samarqand shahri
— Homiladorlik va emizikli davrda tish to`qimasi noziklashib qoladi. Shu bois ham mazkur holatlarda tish emalini oqartirish muolajasi bajarilmaydi. Homiladorlikni rejalashtirmasdan oldin yoki bolani ko`krakdan ayirgach, emal qavatidagi sarg`ishlikni davolash mumkin. Ayni dam tishlaringiz holatiga ko`ra tish karashlarini tozalasa bo`ladi. Uyda esa maxsus oqartiruvchi tish pastalaridan foydalanish tavsiya etiladi.
«TISh IMPLONTANTLARI NIMA?»
— Hozir hammaning og`zida tish implontantlari. Bu o`zi qanday muolaja? Kimlarga mumkin, kimlarga tavsiya etilmaydi. Masalan, menda qandli diabet bor. Men ham ushbu muolajadan foydalansam bo`ladimi?
Salima Igamberdieva, Qo`qon shahri
— Tushib ketgan tishlar o`rniga, yonidagi boshqa tishlarga tegib ketmasligi uchun milk ochilib, suyak ichiga, tish implontantlari qo`yiladi. Bu usulda yondagi tishlarni chaxlashga hojat qolmaydi. Implontant tishlar ko`priksimon protez yordamida o`rnatilib, bitgach, qoplama kiydiriladi. Hozirda mazkur usulda qo`llanilayotgan xomashyolar organizmda nojo`ya ta`siri yo`qligi bilan e`tirof etilmoqda. Muolaja natijasi bir umrga etadi. Agar keyinchalik ichki a`zolarda xastalik kuzatilmasa, albatta. Implontantlar tish tushib ketishi, kattalarda umuman tish qolmasligi, tanglay tish taqishni istamaganlar uchun tavsiya etiladi. Suyak etarli darajada implontantni ko`tara olmasa, yupqalashib ketgan bo`lsa, qo`llab bo`lmaydi. Shuningdek, tepa-past jag`lardagi nerv tolasi yaqin joylashgan bo`lsa, buqoq, diabetning birinchi turi, homiladorlar va emizikli ayollarga ham mumkin emas.
«QIZIMNING TIShLARI QORAYIB KETDI...»
— Endigina to`rtga kirgan qizimning tishlariga qarab bo`lmaydi. Yuqori va pastki old tishlar yuzasi qorayib ketgan. Shirinliklarni unchalik yoqtirmaydi. Sut tishlari tushsa, yangilarida ham shunday bo`lmaydimi?
Nodira Mahmudova, Jizzax viloyati
— Aniq tashxis uchun qizingizni stomatologga olib boring. Ba`zan tishdagi qoramtir dog`lar karies hisobidan bo`lsa, ba`zida o`ta faol bolalarda ham uchrab turadi. Ya`ni bu organizmning o`ziga xosligi. Agar qoramtir dog`lar tish qattiq emalini emirmagan bo`lsa, tozalash mumkin. Sut tishlari tushib o`rniga yangisi chiqsa, dog`lar takrorlanmaydi. Yagona sharti, og`iz bo`shlig`i gigienasiga rioya qilish.
«KUMUShLASh MUOLAJASI FOYDALIMI?»
— Eshitishimcha, bolalarda kariesning oldini olish uchun tishga kumush kukuni surtilar ekan. Muolajadan keyin tish emali qorayib qoladi, deyishdi. Bu usul aslida ham foyda beradimi? Necha marta bajarish kerak?
Olmos O`ktamova, Quva shahri
— Ha, shunday muolaja turi bor. Ammo kariesning oldini olish uchun emas. Zararlangan tishlardagi karies rivojlanishini to`xtatish va boshqa tishlarga tarqamasligining oldini olish uchun qo`llanilishi mumkin. Kumushlash usuli uch marta o`tkazilib, yuza karies hamda plomba qo`yilmaganida amalga oshiriladi.
«TIShLARIM O`YILIB KETAYaPTI...»
— Yuqori qatordagi ikkita tishimning o`rtasi o`yilib qolgan. Ammo hech nima bezovta qilmaydi. Davolash zarurmi yoki xavotirlanmasa ham bo`ladimi?
Komil Tursunov, Sirdaryo viloyati
— Tish chaynov yuzasidagi yoriqlar tabiiy hol bo`lishi ham mumkin. Agar bezovtalik kuzatilmasa, jiddiy xavotirga o`rin yo`q. Tashqi taraflama yoqimsiz tuyulsa, plomba o`rnatish mumkin. Ovqatlanayotganda issiq-sovuq harorat sezilsa, shirinlik eganda og`riq bo`lsa, o`yilgan qismi karies boshlanganini bildirishi mumkin.
«TOShLARNI OLDIRISh KERAKMI?»
— Tishlarimda tish toshi yig`ilib ketgan bois tozalatdim. Shifokor «Sizda porodontozning so`nggi bosqichi, milkning deyarli yarmidan ko`pi emirilib ketgan», dedi. Ahamiyat bersam, tozalatgan tishlarimda yana tosh yig`ilayapti. Yana davolatsam, tishim tushib ketmaydimi?
Behzod Karimov, Toshkent viloyati
— Tishlarda to`plangan toshni, albatta, tozalatish kerak. Bir martalik muolajadan keyin tishlar to`g`ri tozalansa, qayta tosh yig`ilmaydi. Tish toshi tarkibida yog`, bakteriyalar va tuz bor. Tish ostida tosh yig`ilishni boshlasa, o`z-o`zidan bakteriyalar ta`siri ortib, milk yallig`lanishiga ham olib kelishi mumkin. Ammo tish tushib ketishi toshga bog`liq emas.
«KALSIY IChMOQChIMAN»
— Ovqatlanayotganimda pastki qatordagi tishlarimdan biri o`z-o`zidan sinib ketdi. Tanishlarim kalsiy ichishni tavsiya etishmoqda. Aslida tish sinishining sababi nima? Kalsiy ichsam, o`tib ketadimi?
Mansur Fayziev, Namangan viloyati
— Bu holat faqat kalsiyga bog`liq bo`lavermaydi. Ehtimol tishlarda karash yuzaga kelgandir yoki davolatganingizdan so`ng mo`rtlashib qolib, sinib tushayotgandir. Shifokor bilan maslahatlashmay, kalsiy ichishga shoshilmang.
«JAG`IMDA MAYDA TIShLAR BOR...»
— Ikki oy avval jag` tishim og`zimni tilib, noqulaylik yuzaga keltirayotgandi. Shifokorga uchrasam, «Jag` tishi yonidan ikkita mayda tish chiqqan», dedi. Olib tashlashni maslahat berdi. Ammo ikkilanayapman. O`rnidan yana chiqsa-chi?
Akmal Olimov, Toshkent shahri
— Ortiqcha tishlar mingtadan bittada uchrashi mumkin bo`lgan holat. Mutaxassislar ularni organizmning o`ziga xosligi bilan bog`lashadi. Agar bezovtaliklar ortib, taomlanayotganda og`riq, noqulaylik kuzatilsa yoki og`iz bo`shlig`ini zararlantirayotgan bo`lsa, olib tashlash lozim. Xavotirlanmang, muolaja zamonaviy dori vositalari yordamida og`riqsiz o`tkazilib, o`rnida yangisi o`sib chiqmaydi.
Samira ULUG`BEKOVA tayyorladi.