my5
Sevimli

Voy, boshim!.. Migrenni engish mumkinmi?

Salomatlik 20.12.2016, 14:23
Теглар: Salomatlik, Kasallik
Voy, boshim!.. Migrenni engish mumkinmi?

Agar sizni tez-tez bosh og`rig`i, ko`z tinishi va umumiy holsizlanish bezovta qilayotgan bo`lsa, vaqtni o`tkazmay, shifokor huzuriga boring. Chunki bu migren alomatlari bo`lishi mumkin. Xo`sh, migren qanday xastalik? Uning oldini olish, asoratlarini bartaraf etish, umuman, davolash uchun nima qilish kerak? Shular haqida batafsil so`z yuritamiz.

 

Bosh qattiq og`risa...

“Uzoq yillardan buyon kuchli bosh og`rig`i tinchlik bermasdi. Bu azob bilan o`n ikki yoshimdan buyon kurashaman. Birinchi marta onam bilan uzoq safarga ketayotganimizda, poezdda kuchli og`riq bezovta qilgandi. Onam shosha-pisha dori izlab, menga qanday yordam berishni bilmay qolganida biz bilan birga ketayotgan ayol osongina “tashxis” qo`ydi:  “Bu —  migren, tezda og`riq qoldiruvchi dori berib, issiq choy damlang, derazalarni oching, toza havo kirsin!”

Dilrabo Hayitova, Surxondaryo viloyati.

Ming bir sabab  

Ha, bosh og`rig`i barchamizga tanish dard. Er yuzida uning 130 dan ziyod turlari tarqalgan. Migren ular ichida eng sirlisi bo`lsa, ajab emas. Na tomografiya tahlilida, na ensefalogrammada aniqlab bo`ladigan bu dardga chalingan bemorlarning bosh og`rig`i sababini bilish anchagina qiyin. Ustiga-ustak, xastalik xurujining sabablarini sanab, adog`iga etib bo`lmaydi. Asabiylashish yoki bir joyda uzoq o`tirib qolish, to`yib uxlamaslik yoxud kech uyg`onish, ko`p ovqat eb qo`yish, ochiqish... Ayniqsa, ob-havo o`zgarishlari — yomg`ir, qor, bulut, xullas, tabiatning barcha injiqliklaridan avval darrov “xabar” keladi.

Hatto tibbiyot ham ojiz

Migren xastaligining asl sababini zamonaviy tibbiyot hali aniqlaganicha yo`q. Kimdir ushbu kasallikka shokolad, pishloq, choy, qahva, sitrus mevalari sabab bo`ladi, desa, boshqa birov doimiy asabiylashish yoki genetik moyillikni vaj qilib ko`rsatadi. Yana bir taxminga ko`ra, organizmdagi gormonal o`zgarishlar ham xurujga sabab bo`lar ekan. Shuning uchun hayz kunlari arafasida ko`pchilik ayollarni bosh og`rig`i bezovta qiladi.

Migren va hayot

“Mening bosh og`rig`imga, asosan, kasbim sabab bo`lar edi. Qattiq charchaganimdan bo`lsa kerak, og`riq qoldiruvchi dorilar ham ta`sir qilmayapti, deb “Tez yordam” chaqirar, shifokor tomirimga tinchlantiruvchi dori yuborgach, biroz o`zimga kelardim. Ammo ertasiga yana shu ahvol...

Bu darddan nihoyatda charchagach, salomatligim haqida qayg`ura boshladim. Tibbiy tekshiruvlardan so`ng qon bosimim pastligidan boshqa biror xastalik belgisi aniqlanmadi. Nevropatolog esa kasbimni o`zgartirib (maktabda o`qituvchi bo`lib ishlardim), tez-tez sayrga chiqishim, to`laqonli dam olishim kerakligini ta`kidladi.  Ammo men sevimli ishimni tashlay olmasdim...”

Zarnigor YuSUPOVA, Namangan shahri.

 

Shifokor dalili

Turli mamlakatlarda o`tkazilgan ilmiy tadqiqotlar natijasiga ko`ra, er yuzidagi aholining 3-16 foizi migren xastaligidan aziyat chekishi ma`lum bo`ldi. Ushbu xastalik ayollarni erkaklarga nisbatan uch baravar ko`proq bezovta qiladi. Ayollarning, asosan, 40 yoshdan keyin, erkaklarning esa 35 yoshda migrenga duchor bo`lishlari aniqlangan. Avvallari shifokorlar 40 yoshdan keyin mazkur kasallik o`z-o`zidan yo`q bo`ladi, deb ishontirishgan bo`lsa, bugun bu fikr butkul o`zgardi.

Izlagan imkon topar!

Zarnigor YuSUPOVA yo`llagan maktubning davomi:

“... Oxir-oqibat ishimni o`zgartirishga to`g`ri keldi. Shovqin-suronli maktabimni tashlab, muzeyga ishga joylashdim. Rost, ancha engil tortdim. Doimiy ravishda fitnes bilan shug`ullanganim bir muddat kasallikni unutishimga yordam berdi. Ammo ishimni sevmasdim, uni o`zgartirgim kelaverardi. Xullas, endi meni migren va depressiya qiynay boshladi. Shifokor kerakli dori-darmonlarni tavsiya qildi. Tuzalishdan umidimni uzib, qolgan umrimni shu xastalik bilan o`tkazishga o`zimni ishontirib bo`lgan bir paytimda muolajalar samara bera boshladi. Shifokorimning aytishicha, hozir shunday dori vositalari mavjudki, kasallikni o`z vaqtida aniqlab, tezkor choralar ko`rilsa, ular yordamida dardni butunlay engish mumkin. Bunga o`zim ham  amin bo`ldim.”

Tibbiy tahlillardan ma`lum bo`lishicha...

Hisob-kitoblarga qaraganda, migrenga chalingan bemorlar qariyb ikki yil umrlarini xurujlarga dosh berib o`tkazishar ekan. Demak, umrni zoe ketmazmay, kasallik alomatlari sezilishi bilan nevropatolog ko`rigidan o`tish, xastalikka harshi kurashish darkor. Unutmang, shifokorning ilk qabuliga alohida tayyorgarlik zarur. Ya`ni bemor qanday holatlarda xuruj boshlanishi, uning qancha muddatda takrorlanib turishi, umumiy holatdagi o`zgarishlar haqida to`liq ma`lumotlarni eslab, mutaxassisga anih va batafsil ma`lumot berishi lozim.

 

Og`riqqa qarshi kurash

  • Shifokor bilan birgalikda aynan nimalar bosh og`rig`ini keltirib chiqarayotganligini aniqlash zarur.
  • Bugungi kunda og`riqni butkul bartaraf eta oladigan maxsus dori vositalari ishlab chiqarilmoqda. Ularni og`riq kuchaymasidan avval  ichish darkor.
  • Migrenga befarq bo`lish yaramaydi. Aks holda o`zingizni migrenoz insultga mubtalo qilishingiz mumkin.

 

Migren haqida 5 fakt

  • Migren — fransuz tilidan “boshning yarmidagi og`riq”, deb tarjima qilinadi. U o`zgaruvchan kuchli og`riq bilan kechadigan xastalik bo`lib, odatda, to`rt soatdan uch sutkaga qadar davom etishi mumkin. Garchi, kuchli og`riqlar bilan kechsa-da, organizmga o`ta zararli ta`siri kuzatilmagan.
  • Bosh og`rig`idan xalos bo`lish istagidagilarning ko`pchiligi oddiy og`riq qoldiruvchi vositalar, masalan, analgindan najot izlashadi.  Ammo analgin bunday paytda yordam bera olmaydi. Boz ustiga uni ko`p ichish zararli.
  • Ayrim tadqiqotlarga ko`ra ma`lum bo`lishicha, migren mushaklarning haddan ziyod zo`riqishi tufayli kelib chiqadi.
  • Kosmetologiyada ajinlarning oldini olish maqsadida qo`llanadigan botulotoksin (botoks, deb ham yuritiladi) muolajasi mushaklarni bo`shashtirish xususiyatiga ega. Shu bois u bosh og`rig`idan xalos bo`lishga yordam beradi.
  • Migren xastaligidan aziyat chekuvchilar, odatda, depressiyadan ham qiynalishar ekan. Shuning uchun bemorlarga tarkibiga serotonin moddasi qo`shilgan antidepressant vositalar ham tavsiya qilinadi.

Nevropatolog shifokor Yoqutxon MAJIDOVA

tavsiyalari asosida Saodat tayyorladi.

Шарҳлар

YuTINGANDA QULOQ OG`RIG`I?!

26.12.2017, 13:12

— Uch yashar o`g`lim ovqat chaynab yutayotganida qulog`ini ushlab, og`riyotganini aytdi. Shifokorga ko`rsatsam, otit deb tashxis qo`ydi. Bu qanday kasallik? Uni uyda davolasa bo`ladimi? Nazira...
DIATEZ QAYTALAMASIN DESANGIZ…

26.12.2017, 13:08

— Emizikli chaqalog`im ekssudativ diatez kasalligi bilan og`rigandi. Hozir sog`aygan bo`lsa-da, ayrim taomlarni iste`mol qilganimda uning badanida qizg`ish dog`lar paydo bo`ladi. Go`dakda diatez qaytalamasligi uchun...
FARZANDINGIZNI MAKTAB KASALLIKLARIDA ASRANG!

26.12.2017, 11:36

Uzoqni ko`ra olmaslik;skolioz (umurtqa pog`onasining qiyshayishi);gastrit;ruhiy-asab tizimi buzilishlari kabilarni maktab kasalliklari sirasiga kiritish mumkin. Statistikaga ko`ra, har besh bolaning biri umurtqa pog`onasi muammolaridan qiynalsa, har...
INFARKTDAN SO`NG TIKLANIShINGIZGA YoRDAM BERADI!

25.12.2017, 11:25

Infarktdan so`ng tiklanishingizga yordam beradigan dorivor aralashma: 3 litrli shisha bankaga yarim stakandan oq atirgul va gladiolus gulbarglarini soling. 2 osh qoshiq oq binafsha (fialka)...