my5
Sevimli

Me`da faoliyatining buzilishi, gastrit va oshqozon yarasi haqida batafsil...

Salomatlik 21.12.2016, 14:13
Теглар: Salomatlik, Kasallik, Kasalxona
Me`da faoliyatining buzilishi, gastrit va oshqozon yarasi haqida batafsil...

Endigina tandirdan uzilgan yumshoq non hidi ishtahangizni qitiqlayaptimi? «Bir tatib ko`ray», deysiz-u, biroq oshqozoningiz bu fikringizga qo`shilmayapti. Sababi issiqqina egilukdan so`ng unda og`riq va behuzurlik boshlanadi. Bilsangiz, bunday belgilarning tez-tez takrorlanishi me`da kasalliklaridan darakdir. Bugungi sahifamizda aynan oshqozon va uning faoliyati bilan bog`liq eng «ommalashgan» kasalliklar haqida fikr yuritamiz.

«Voy, qornim....»

To`sh ostida noxushlik, vaqti-vaqti bilan ko`ngil aynishi, behuzurlik, qorin dam bo`lishi, yoqimsiz hidli kekirik, og`iz bemazaligi kuzatilayaptimi? Ehtimol bu gastritdir? Gastrit-me`da shilliq qavatining yallig`lanish kasalligi bo`lib, yuqorida aytilgan belgilar uning o`tkir turida qayd etiladi. Odatda o`tkir turdagi gastrit ovqatlangandan so`ng 2-3 soat o`tib yoki och qoringa ham xuruj qilishi mumkin. Bunda ko`p so`lak ajralishi, o`qchiq tutishi, umumiy holsizlik kabi holatlar ham kuzatiladi. Shuningdek, bu turdagi gastrit Helicobacter piroli infeksiyasi, organizmning zaharlanishi (mahsulotlar bilan), tartibsiz ovqatlanish sabab ham yuzaga kelishi mumkin.

Davolash: shifokor tomonidan o`tkazilgan tekshiruvlardan so`ng aniqlangan xulosaga ko`ra muolaja belgilanadi. Jumladan, infeksiya ta`siri qayd etilsa, uni bartaraf etish uchun mo`ljallangan dori preparatlari hamda me`da shilliq qavatini me`yorlashtiruvchi vositalar tavsiya etiladi. Muolaja 5-10 kungacha davom etishi mumkin.

Taomnomaga qaynatilgan, bug`da pishirilgan, yumshoq va engil qovurilgan taom va eguliklar kiritilishi mumkin. Oz-ozdan bir kunda 4-5 martagacha tanovul qilish lozim.

Yo`l-yo`lakay ovqatlanmang!

O`z vaqtida ovqatlanmaslik, quruq (xot-dog, gamburger) eguliklar, o`ta achchiq yoki issiq taomlar, luqmani yaxshi chaynamaslik me`da shirasining etarlicha ajralmasligiga olib keladi. Bu holatning tez-tez takrorlanishi esa gastritning surunkali ko`rinishini keltirib chiqaradi. Shuningdek, ayrim dori preparatlari (aspirin, prednizolon)ni uzoq muddat va tartibsiz qabul qilish ham surunkali gastrit sababchilaridan biri. Bordiyu organizmingizda murtak bezlarining yallig`lanishi, o`t pufagi, me`da osti bezining surunkali yallig`lanish holatlari takror kuzatilsa, bu holatlar ham gastritning avj olishi uchun asos bo`lib xizmat qiladi. Agar qorin yuqori qismining g`ijimlab og`rishi, tez-tez qorin dam bo`lishi, jig`ildon qaynashi, ich buzilishi (dam ich ketadi, dam qabziyat) kabi belgilar oshqozondagi davomli og`riq bilan birga kuzatilsa, darhol shifokorga murojaat eting. Sababi bu kasallikning surunkali ko`rinishi boshlanishidir.

Davolash: shifokor tomonidan me`da shirasining me`yoriy ajralishini normallashtiruvchi, og`riqlarni kamaytiruvchi hamda oshqozon faoliyatini tiklovchi preparatlar tavsiya qilinadi. Muolaja davomiyligi shifokor tomonidan belgilanadi.

Taomnomadan yog`li, o`ta qovurilgan, dudlangan va marinadlangan taomu eguliklarni chiqaring. Kam-kamdan 4-5 mahal ovqatlaning.

«Hech nima emasam, og`riydi...»

O`z vaqtida ovqatlanmay, yo`l-yo`lakay tamaddi qilish natijasida me`da shirasida kislotalilik muhiti o`zgarib, me`yoriy holati buziladi. Aslida me`da shirasi ovqatni o`zlashtirishda muhim omil bo`lib, uning tarkibidagi xlorid kislota ovqat luqmalarini namlab, parchalaydi. Agar oshqozonda og`riq xuruj qilgan vaqt asabiylik, ko`p terlash, holsizlik yuzaga kelsa, sizda me`da shirasi kislotaliligining yuqoriligi taxmin qilinadi. Yuqori kislotalilik me`da shilliq qavatining emirilishiga olib kelib, kislota ishlab chiqarilishi me`yordan tezlashadi.

Davolash: zond apparati orqali kislotalilik miqdori yuqoriligi aniqlansa, shifokor tomonidan me`da shirasini me`yorlashtiruvchi preparatlar hamda albatta parhez tavsiya etiladi.

Taomnomaga bug`da tayyorlangan, sut-qatiq mahsulotlari, yog`siz tvorog va smetana, sabzavotli sho`rvalar kiritilishi mumkin. Karam, mayiz, oshirma xamirdan tayyorlangan eguliklarni bir muddat iste`mol qilmay turgan ma`qul.

Ovqatning turib qolishi...

Eyilgan ovqatning yaxshi hazm bo`lmasligi, tanovuldan so`ng og`irlik hissining paydo bo`lishi, simillagan og`riq kabi belgilarni sezsangiz, bilingki, me`da shirasining kislotalilik muhiti pasaygan. Ya`ni kislotali muhit etarli darajada fermentlarni ishlab chiqarolmay, eyilgan ovqatni parchalolmaydi. Mazkur kasallik sababi esa avvalo noto`g`ri ovqatlanish tartibini yuritish va bilib-bilmay dori preparatlarini qabul qilishga borib taqaladi.

Davolash: shifokor ko`rigida oshqozon kislotalilik muhitining pastligi aniqlansa, bu holatni me`yorlashtiruvchi preparatlar va qat`iy parhez turiga rioya etish tavsiya etiladi.

Taomnomada tvorog, qaynatilgan tuxum, sariyog`, sabzavotli bo`tqalar, meva sharbatlari, quruq pechene kabilar tavsiya etilsa, uzum sharbati, gazlangan ichimliklar, marinadlangan eguliklar va xolva istisno qilinadi.  

Shifokor ko`rigida...

Oshqozondagi bezovtalik bilan murojaat qilsangiz, dastlab shifokor tomonidan umumiy ahvolingiz va shikoyatlaringiz o`rganilib, so`ng quyidagi tekshiruvlar belgilanadi:

  • umumiy qon tahlili;
  • axlat tahlili;
  • tomirdan olinadigan qon tahlili (Helicobacter piroli bakteriyasining mavjudligini aniqlash uchun);
  • ezofagogastroduodenoskopiya (maxsus zond apparati orqali oshqozon kislotalilik muhitining yuqori yoki pastligi aniqlanadi);
  • shilimshiq qavatning biopsiya tahlili (zond orqali tekshiruvda onkologik turdagi holatlarga taxmin qilinsa, qo`shimcha tahlil sifatida o`tkaziladi).

Qanday preparatlar tavsiya etiladi?

Me`da faoliyatining o`zgarishi bilan bog`liq kasalliklarda shifokor tomonidan quyidagi turdagi dori preparatlari tavsiya qilinadi:

  1. oshqozon muhitida ortiqcha kislota ishlab chiqarishni berkituvchi preparatlar;
  2. me`da shilliq qavatini suvab, ishlab chiqariladigan kislotani neytrallashtiruvchi preparatlar;
  3. spazm-og`riqlarni bartaraf etuvchi preparatlar;
  4. hazm faoliyatiga yordam beruvchi preparatlar.

Asoratlari xavflimi?

Har qanday kasallik asorati o`z ortidan jiddiy o`zgarishlarni olib keladi. Jumladan, me`da kasalliklarining o`z vaqtida yoki to`g`ri davolanmagani surunkali gastrit, oshqozon va 12 barmoqli ichak yarasi, me`da saratoni, jigar faoliyatining buzilishi, ichaklarga ta`sir etishi mumkin.

Oshqozon yarasi qanday yuz beradi?

Kuchli hayajon, stress, Helicobacter piroli infeksiyasi ta`sirida, tartibsiz ovqatlanish, irsiy moyillik, kimyoviy moddalar va ba`zi dori preparatlari (aspirin, gormon)larni betartib iste`mol qilish kabilar oshqozon yarasi paydo bo`lishi uchun asos bo`ladi. Yara kasalligida asosan to`sh sohasida og`riq, tungi bezovtaliklar, ishtahaning pasayishi, ko`ngil aynishi, jig`ildon qaynashi va qayt qilish kabi belgilar kuzatiladi. Yaraning joylashishiga qarab, ovqatlangandan so`ng 2 soat yoki undan keyin og`riq boshlanishi mumkin.

Davolash: tahlil natijalariga ko`ra, shifokor tomonidan aniqlangan infeksiyani bartaraf etish, shilliq pardaning faol yallig`lanishini pasaytirish, yara va eroziyalarni bitiruvchi, yara kasalligi xuruj qilishining oldini oluvchi preparatlar qo`llaniladi. Muolaja davomida shifokor nazoratida bo`lish, qat`iy parhezga rioya qilish tavsiya etiladi.

Etarlicha davolanmaslik...

  • Yaraning qonashi — hushdan ketish, ba`zan ichakdan qon ketishi yoki qon qusish, buning natijasida esa kamqonlik yuzaga keladi;
  • yaraning teshilishi — qorinda xanjar suqqandek og`riqning paydo bo`lishi, hushdan ketish kabi belgilar kuzatilib, bemor zudlik bilan shifoxonaga etkazilishi va jarrohlik amaliyoti o`tkazilishi kerak;
  • yaraning boshqa a`zolarga o`tishi — eng xavflisi, malegnizasiya, ya`ni saraton kasaliga aylanib ketish kabi jiddiy asoratlari ham mavjud.

Parhez muhimmi?

Muolaja shartlarining asosiysi dori preparatlari bilan bir qatorda parhezga rioya etishdir. Parhez davomiyligi umumiy ahvolning o`nglanishi hamda shifokor ko`rsatmasi asosida belgilanadi. Bunda taomnomaga kiritilishi shart bo`lgan va istisno qilinadigan bir qator mahsulotlar mavjud. Jumladan:

  • yog`siz go`shtlar (mol,baliq va tovuq go`shtlari);
  • sabzavot va mevali bo`tqalar, meva sharbatlari;
  • sut-qatiq mahsulotlari, yog`siz tvorog;
  • suyuq damlangan choy va gazsiz suv kabilar tavsiya etiladi.

Mumkin emas!

  • Yog`li go`shtlar;
  • tuzlangan va dudlangan mahsulotlar;
  • achchiq, sho`r, o`ta issiq va yaxna eguliklar;
  • gazli, spirtli ichimliklar;
  • uzum sharbati, sabzavotlardan — piyoz, sarimsoq piyoz, bulg`or qalampiri kabilar.

Oliy toifali shifokor-gastroentrolog Nodira ABDUVALIEVA tavsiyalari asosida

Samira ULUG`BEKOVA tayyorladi

Шарҳлар

YuTINGANDA QULOQ OG`RIG`I?!

26.12.2017, 13:12

— Uch yashar o`g`lim ovqat chaynab yutayotganida qulog`ini ushlab, og`riyotganini aytdi. Shifokorga ko`rsatsam, otit deb tashxis qo`ydi. Bu qanday kasallik? Uni uyda davolasa bo`ladimi? Nazira...
DIATEZ QAYTALAMASIN DESANGIZ…

26.12.2017, 13:08

— Emizikli chaqalog`im ekssudativ diatez kasalligi bilan og`rigandi. Hozir sog`aygan bo`lsa-da, ayrim taomlarni iste`mol qilganimda uning badanida qizg`ish dog`lar paydo bo`ladi. Go`dakda diatez qaytalamasligi uchun...
FARZANDINGIZNI MAKTAB KASALLIKLARIDA ASRANG!

26.12.2017, 11:36

Uzoqni ko`ra olmaslik;skolioz (umurtqa pog`onasining qiyshayishi);gastrit;ruhiy-asab tizimi buzilishlari kabilarni maktab kasalliklari sirasiga kiritish mumkin. Statistikaga ko`ra, har besh bolaning biri umurtqa pog`onasi muammolaridan qiynalsa, har...
INFARKTDAN SO`NG TIKLANIShINGIZGA YoRDAM BERADI!

25.12.2017, 11:25

Infarktdan so`ng tiklanishingizga yordam beradigan dorivor aralashma: 3 litrli shisha bankaga yarim stakandan oq atirgul va gladiolus gulbarglarini soling. 2 osh qoshiq oq binafsha (fialka)...