Galdagi suhbatdoshimiz ijod va oilani “tarozi pallasi”da teng ushlay olishni uddasidan chiqadigan, ayni damda to`rtinchi bor onalik baxtiga erishish ostonasidagi xonanda Nilufar USMONOVA...
— Nilufar, nasib etsa, to`rtinchi bor onalik baxtiga erishish arafasidasiz. Judayam qiz farzand ko`rishni niyat qilardingiz, qiziqishingiz ustunlik qilib, jinsini aniqlashtirgandirsiz?
— Albatta! Lekin baribir tekshiruv natijasiga to`la ishonch hosil qilmadim. Chunki ba`zi tanishlarimda tekshiruv natijasining aksi kuzatilgan. Biroq ta`kidlaganingizdek, qizlik bo`lishni judayam istayapman.
— "Qiz va o`g`il farzandga homiladorlik har xil kechadi", deyishadi-ku…
— To`g`ri, "o`g`il bo`lsa, onaning husniga husn qo`shiladi, qizda esa aksincha", deyishadi. Tashqi ko`rinish, ovqatlanishda o`zgarish sezmadim. Lekin dangasa bo`lib qolganman (kuladi).
— Nasib bo`lsa, onangizni boy qilarkansiz. Yana bir karra buvi bo`lishdan sevinchi ichiga sig`mayotgan bo`lsa kerak? Axir "danagidan mag`zi shirin", deb bejiz aytishmaydi-ku!
— Xursand bo`lishdan ham ko`ra avvalo sog`ligimni o`ylaydilar. Xavotirlanganlaridan "Ko`zing yorib bo`lganidan keyin ayt, ungacha lom-mim, dema", deyaveradilar.
— O`g`illaringiz tug`ilguniga qadar ham onangizga aytmaganmisiz?
— Avvalo, birinchi bo`lib onamdan suyunchi olib, xursand qilgim keladi. Va albatta onamni sog`ligini o`ylab, o`g`illarim dunyoga kelgunga qadar aytmaganman. Onam "Bir marotaba ona bo`lish azobini totib ko`rganman, etadi", deydilar. Qayg`urib, yuragi yomon bo`lib qolishidan juda qo`rqaman.
— Ciz buvingizning bolasi bo`lgansiz. Farzandlaringiz ham "buvisining bolasi" bo`lishini istaysizmi yo ota-onasining?
— O`g`illarim "buvisining bolasi", bunga qarshiligim yo`q. Uyda buvi, buva, otasi, qisqasi mendan boshqa hamma erkalatadi. "Onangga aytib beramiz", deyishsa, sho`xliklari birdan yodidan chiqadi, axir kimdandir qo`rqishi kerak-ku. Jahlimni chiqarishsa, urmayman, urishmayman, xafa bo`lib nasihat qilaman, keyin yuragim yomon bo`lib qoladi, yig`lab ham beraman. Sirimni ochaman, buning hammasi sahnalashtirilgan "tomosha" bo`ladi. O`g`illarimga shu "tomosha"mning o`zi etadi (kuladi).
— Internet saytlariga bergan intervyungizdan birida tug`ilmagan farzandingiz nobud bo`lganini aytgandingiz. Ko`pchilik esa bu ma`lumotni endi tug`ilajak farzandingiz bilan bog`ladi, ko`nglingizga og`ir botgandir?
— Nimasini aytasiz, xuddi shunday bo`lishini tilayotgandek tuyularkan odamga. O`qiganimda juda qattiq ranjidim, keyin barini orqaga tashladim. Gaplarimni boshqacha talqin qilganliklari uchun ham intervyu bermaydigan bo`lib qoldim.
— Instagram tarmog`idagi shaxsiy sahifangizga qo`yayotgan rasmlaringizdan ma`lumki, avvalgiga nisbatan e`tiboringizni farzandlaringizga qaratgansiz. Buning gashti ijodnikidan totliroqdir-a?
— Haqsiz, gashti o`zgacha. O`g`illarim hozir aqlini tanigan, voyaga etganida, "onam vaqtini biz bilan o`tkazardi", deb eslab yurishadi. O`zim o`g`illarimning yoshida bo`lgan paytimni eslayman, har bir voqea kinotasmasidek ko`z oldimda qolgan. Bor e`tiborimni o`g`illarimga qaratishimning yana bir sababi, ko`zim yorigach, chaqaloq bilan ovora bo`lib qolaman. Farzandlarimning qaytarib bo`lmas onlaridan zavqlanib yashagim kelyapti. Ulg`ayishganidan keyin istasam ham ularning vaqtini topolmayman. O`g`illarim onasining baxtli ayol ekanini ko`rib ulg`ayayotganidan ham xursandman. Onaning baxtini ko`rmay ulg`aygan o`g`illar ertaga rafiqasini qanday baxtli qiladi? Bu jihatlarni ham unutmaslik kerak!
— Shaxsiy hayotda yuz foiz baxtliman, deyolasizmi?
— Shubhasiz! Ota-onam, turmush o`rtog`im, farzandlarim yonimda. Har bir kunim va bergan ne`matlariga shukr qilaman. Nolisam, noshukrlik bo`lib qoladi. Nazarimda, xalqning duosi bilan shu kunlarga etib keldim.
— Onangiz Yulduz Usmonova, siz va yana bir qator xonandalar TV, radiodagi reklamalarsiz ham reytingni bir maromda ushlab turish mumkinligini isbotladingiz. Nima deb o`ylaysiz, haqiqiy ijodkorga "proma" kerakmi o`zi?
— Haqsiz, Yulduz Usmonova 10 yillik tanaffusga, Ozodbek Nazarbekov tinmay klip suratga olmaganiga qaramay, hanuz sevimli. Lekin o`zimni sira bu ro`yxatga qo`shmagan ekanman. Agar shunday bo`lsa, shukr va benihoya xursandman. Aslida mendek kayfiyat va ko`ngil amriga qarab ishlash kerak emas. Lekin ko`ngilingizda kechayotgan tug`yonlarni shoirga aytib, hamkorlikda ishlash ham yaxshi natija beradi. Masalan, Yakzon, Shuhrat Nuraliev bilan shu tarzda ishlagan juda ko`p qo`shiqlarimiz yuraklarga etib borgan. Shuhrat Nuraliev ham "Unutgin", "Kel ikkimiz" kabi ko`plab qo`shiqlarimning muallifi. Aslida to`rtta albomim deyarli tayyor, lekin hozir ishni nihoyalashga imkonim yo`qligi sabab, to`xtab turibdi. Savolingizga aniq javob bersam, sevimli ijodkorga "proma" kerakmas!
— "Kel ikkimiz" qo`shig`ini klipi bilan taqdim etganingizga hech qancha vaqt bo`lmay, o`z muxlislarini topib ulgurdi. Tan olish kerak, qo`shiq dard bilan kuylangan, kimning dardi ekani esa barchaga birdek qiziq?
— Aslida bu qo`shiq 10 yillik sevgimiz tarixi egasi — turmush o`rtog`imga romantik sovg`a sifatida yozilgandi. Klip ssenariysini yozish uchun qo`shiqni Yolqin To`ychievga bergandim, klip voqealarini shu tarzda tasavvur qilibdi. Mehnatini qadrlaganim uchun ssenariyni o`zgartirmay suratga oldik. To`g`ri, klipda qisman mening ham hayotim aks etgan, lekin to`liq emas.
— O`g`lingiz Saida`zamxon ham bu qo`shig`ingizni ko`p tinglar ekan, sababi bilan qiziqqanmisiz?
— Qiziqmagan ekanman. Ochig`i, o`zbek tilini yaxshi tushunmaydi. Saida`zamxon "qo`shiq chiroyli kuylangan", deydi xolos. Ijroim yoqqani uchun tinglasa kerak. Ibrohimxon arabcha qo`shiqlarni yaxshi ko`radi. Sulaymonxon buvisining muxlisi.
— "Gipsy Kings" bilan "Baila soledad" qo`shig`ini taqdim etdingiz. Hamkorlik taklifi kimdan chiqdi?
— Hamkorlikni "Gipsy Kings" taklif qildi. Avvaliga yo`nalishimga mutlaqo teskari-ku, degan ikkilanish bilan rozi bo`lgandim, natija yomon chiqmadi. Aslida mazkur ispan tilidagi qo`shiq mahzun edi, biz sho`x qilib ijro etdik. Klip ham tabiiy holatda suratga olingan. Hamkorlikdagi yana bir qo`shig`imiz deyarli tayyor. Ular yangi albomiga kiritiladigan oltita qo`shiqni men bilan ijro etishmoqchi. Hozircha o`ylayapman, aniq javob bermadim. Sababi, barchaga ma`lum (kuladi).
— "Yulduz Usmonova san`atga qaytdi, ana endi ancha xonandalar "elakdan o`tadi", degan gaplar quloqqa chalingandi. Bu fikrlarga qo`shilasizmi?
— To`g`ri, haqiqiy san`atni endi ko`rishadi. Yulduz Usmonovada Alloh bergan iste`dod bor, bu e`tirofni onam bo`lgani uchun aytayotganim yo`q. Xonandalarning "elakdan o`tishi" ham tabiiy. Xonandalar hech bo`lmasa, yuqori pog`onalarga chiqish uchun harakat qiladi, natijada yangi qirralari ochiladi. Cho`qqiga intilish faqat ijobiy natija beradi. Aksi bo`lsa, "elak"dan tushib qolaveradi.
— Ko`pchilik xonandalar "muxlis va san`atkor o`rtasida chegara bo`lishi kerak, yo`qsa qadring qolmaydi", degan fikrda. Siz esa muxlislar bilan to`g`ridan-to`g`ri bog`lanib, muloqot qilishni kanda qilmaysiz.
— Qadrli bo`lish tushunchasi muxlislar bilan chegara saqlash bilan o`lchanmaydi, nazarimda. Lekin to`g`ri, jonli muloqot jarayonida g`ashimga tegadigan holatlar ham bo`ladi. "Tishingizni oqartirganmisiz?", "Labingizga nima bo`lgan, tishlab olganmisiz?" deb qayta-qayta so`rayverishadi. Labimdagi qora nuqta tabiiy hol, deb tushuntirib o`tiraman (kuladi). Ba`zilar "Savolimga javob bermadingiz", deyishadi, aslida esa "salom", degan so`zdan boshqa narsa yozmagan bo`ladi.
— 2014 yilning kuzida konsert berish niyatida edingiz, biroq…
— To`g`ri, haligacha konsert bermadim. Haqiqatan konsert dasturimni taqdim qilishning vaqti keldi. Nasib bo`lsa, konsertimni jonli ijroda taqdim etaman.
— Intizorlik bilan kutamiz!
Blis:
— Ishonchingizni qozonish uchun…
— Ilk ko`rishganimda ko`nglimga yoqdimi, o`sha odamga doimiy ishonaman.
— Jahlingiz chiqqanida…
— O`g`illarim bilan o`ynayman, sevimli seriallarimni ko`raman.
— Qaysi odatingizni o`zgartirgan bo`lardingiz?
— Odamlarga bog`lanib qolishimni. Shu jihatim pand beradi.
— Do`stlaringizdagi qadrlaydigan jihatingiz?
— Meni do`stim bo`lgani uchun qadrli. Ularni boshqalar sariq chaqaga ilmasligi mumkin, lekin men ulardan kechmayman.
— Sevimli mashg`ulotingiz…
— Dam olish (kuladi).
— O`ziga xosligingiz?
— Hamma narsani chetga surib, qadrli insonlarimga borimni beraman.
— O`zingizga qolsa…
— Xudbin bo`lardim.
— Qarshingizdan Hizr chiqsa…
— Hamma yaqinimga sog`liq, imonimizni mustahkam bo`lishini so`rardim. Uchinchi tilagimni aytmayman (kuladi).
Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi.
Fotomuxbir: Islom RO`ZIEV