Loyihaning galdagi mehmoni komik rollari bilan o`z muxlislariga ega bo`lgan aktyor Asqar HIKMATOV...
1. Asqar, “lallaygan, baqiroq, og`zidagi oshini oldirib yuradigan”, qisqasi bir xil rollardan charchamadingizmi?
— Rejissyorlar shunday rollarni berib charchamayapti-ku, men ham ijro etib beraveraman. Rejissyorlarga “bu rolni o`ynamayman”, demayman, chunki “Mening do`stim jin”ni inobatga olmaganda, o`ynagan rollarim u qadar yomon emas.
2. Rejissyor Jahongir Ahmedov sizni komik aktyor sifatida kashf etdi. Lekin nega qolgan rejissyorlar Asqar Hikmatovni “plastilin” qilib foydalana olmayapti yo bitta “qolip”da yurish o`zingizga yoqyaptimi?
— Bitta “qolip”da yurish o`zimga ham yoqmaydi, albatta. Rejissyorlar meni “plastilin” qilib ishlatsin. Hatto suratga olish maydonchasiga borganimda ham rejissyorlarga “mendan foydalana olmayapsizlar”, deb takror-takror aytaman. “Nega? Shu rol bo`ladi”, kabi mujmal javoblarni eshitaman. Rejissyor Ozod Shamsning “Voy-dod-2” filmida suratga tushganimda ham bu borada e`tiroz bildirganman. Rejissyor Bahrom Yoqubovning “Boyvachcha kuyov” filmini suratga olish jarayonida esa o`z ijroimdan qoniqmagandim. Bahrom aka “Film tayyor bo`lsa ko`rasan”, deya ijroim ko`ngildagidek ekaniga ishontirgandi. Katta ekranda o`zimni ko`rganimda haqiqatda rolim o`zimga manzur bo`ldi. Shu ikkita filmdagi rolimni solishtirib, rejissyorlar mendan qay darajada foydalana olgan yo aksi ekanini bilib olish qiyin emas. Balki rejissyorlar meni jiddiy rolda ko`ra olmayotgandir? Lekin bu xato xulosa. Hech bo`lmasa kastingga chaqirib, sinab ko`rishsin. Ishonasizmi, umrimda bir marotabagina “Avtotest” serialining kastingiga chaqirishgan, xolos.
3. Yillar o`tib, aktyor Asqar Hikmatovni qaysi filmi orqali eslasharkin?
— “Tundan tonggacha”, “Tilim qursin” filmlaridagi rollarim va Mirpiyoz rolim bilan, bu aniq!
4. Komediya va bachkanalik chegarasi qachon buziladi?
— Chegarasini bilmaymanku-ya, lekin ozgina ortiqcha xatti-harakat, mantiqsizlik bachkanalikka o`tadi. Muhimi, oradagi me`yorni saqlay bilish. Misol bilan aytib, qaysidir aktyorni xafa qilib qo`yishdan qo`rqaman. “Tundan tonggacha” filmidagi miltiq sahnasini bir eslang. Matyoqub Matchonov, Alisher Uzoqov va men rolni jiddiy o`ynaganmiz, lekin tomoshabin miriqib kuladi. Rejissyor Jahongir Ahmedov mendan “Buratino”dagi Pero singari oshiq yigitni ijro etishimni talab qilgan. Agar ortiqcha “ixtiro” qilganimda, aniq komediya chegarasidan o`tib, bachkanalikka qadam qo`yardim.
5. Komediya janrida o`z muxlislarini topgan Murod Rajabov, Muhammadiso Abdulxairov, Zuhra Solievaga nega ko`pchilik muxlislar “bachkana” degan tamg`ani qo`yib qo`yishgan?
— Murod akaning rollarida bachkanalikni ko`rmaganman. Muhammadiso Abdulxairov borasidagi gaplarda jon bor. Rejissyorlarning aybi bachkana rollarga chaqirayotgani, Muhammadiso akani aybi esa shunday rollarga rozi bo`layotgani. Rejissyorlarimiz Muhammadiso Abdulxairovni istalgan ampluada rol o`ynay oladigan iste`dodli aktyor ekanini unutmasin. Rejissyorlar bu aktyordan unumli foydalana olmayapti. Zuhra opani ham o`z yo`nalishiga mos xatti-harakati, kulishi bor, bachkana emas.
6. Davlat filmlariga takliflar yo`qmi yo rejissyorlar Jahongir Ahmedov bilan Iqbol Meliqo`zievga sodiq aktyor bo`lish istagidamisiz?
— Hali davlat filmlaridan taklif bo`lganicha yo`q. Aktyorman, istalgan rejissyorning filmida rol ijro etaman. Rejissyorlar Ayub Shahobiddinov va Rustam Sa`diev bilan ishlab ko`rish niyatim bor.
7. Kinoda siz uchun ideal “rafiqa” bu — Sevara Solieva, Shahzoda Muhammedova yoki...
— Sevara Solieva. Tashqi ko`rinish, chapani fe`l-atvor jihatdan to`la bir-birimizga mos tushamiz.
8. Suhbatlarimizdan birida “Uyda kam bo`ladigan o`g`il, mehribon akaman”, degandingiz. Endilikda qanday turmush o`rtoqsiz?
— Bir qo`lida shokolad, ikkinchi qo`lida qamchisi bor turmush o`rtoq, shunday qilmasa bo`lmaydi (kuladi). Rafiqam hozircha shokoladdan ko`p eb qo`ydi. O`zimning ham niyatim qamchini ishlatmaslik.
9. Etarli darajada rashkchi ekaningizdan xabarim bor. Rafiqangiz bu borada sizni ortda qoldirmayaptimi?
— Rafiqam ham rashkchilik bobida tengsiz. Aktrisa Sevara Solievadan boshqa hamma “partnyor”larimdan rashk qiladi. Qolaversa, mehribonligi, hazilkashligi, ishlarni bilib-bilib qilishi jihatdan ham bir xilmiz. Va bir qo`lida shokolad, ikkinchi qo`lida qamchisi borligidan meni bexabar, deb o`ylaydi o`zicha. “Qamchini baribir ishlatmayapsan, tashlab yuboraver. O`rniga yana bitta shokolad ol”, deganman o`ziga.
— Nega o`z ustingda ishlamay qo`yding? Balki bunga oxirgi paytda “yulduzlik kasali”ga chalinganing sababdir? Faqat o`zingni oqlama!
— Jahongir aka “o`chib” qolsak, shunday tanqidlar bilan ruhlantirib turasiz. Ustoz, anchadan beri yoningizga borolmayapman, tan olaman oila bilan ovora bo`lib qoldim, o`zimni oqlamayapman. “Yulduzlik kasali”ga kelsak, sal noto`g`ri qadam bossam, birinchi bo`lib yo`limni to`g`irlab qo`yadigan o`zingizsiz-ku (kuladi)! Mendan ko`proq narsani kutasiz, bu talabchanligingizni qadrlayman.
Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi.