O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Rayhon G`anieva 20-25 fevral kunlari “Istiqlol” san`at saroyida o`zining navbatdagi shou dasturini taqdim etmoqda.
Shou dasturda namoyish etilgan sahna ko`rinishlari, raqslar va qo`shiqlar uzoq muddat tomoshabinlarning yodida qolishi shubhasiz. Sababi, konsertni tomosha qilar ekansiz, unda hamma detallar hisobga olingani, sahna bezaklari, raqqoslarning liboslariyu, hatti-harakatlari bir-biriga mutanosib tarzda uyg`unlashganing guvohi bo`lasiz. Konsert dasturida qadim Yunoniston tarixiga murojaat qilindi, milliy blokda o`zbek milliy raqslari ijro etildi, rep yo`nalishida esa sahnada AQSh san`ati jonlangandek bo`ldi, hindcha raqslar namoyishi esa tomoshabinlarni olis va betakror Hindiston tomon chorladi.
Rayhon konsertlarida o`ziga xos trazda paydo bo`lishga odatlangan. Bu safar ham xuddi shunday bo`ldi. Sahna chiroqlari yoqilib, parda ko`tarilgach, havodagi o`rindiqda o`tirgan Rayhon “Xalos et” qo`shig`ini kuylagancha paydo bo`ldi. Birin-ketin sahnada yotgan raqqoslar “jonlana” boshladi. Muxlislar mazkur sahna ko`rinishini olqishlar bilan qarshi oldi.
Ikkinchi blokda yunon tarixi aks etgan sahna ko`rinishlari namoyish etildi. Sahnaga o`rnatilgan yirik monitorlarda qadimgi Yunonistonning diqqatga sazovor joylari aks ettirildi. Yunon jangchilari ko`rinishida kiyingan raqqoslar Rayhon kiyimini almashtirib chiqquniga qadar, tomoshabinlarni zeriktirmay turishdi.
Konsert 80 foiz jonli ijroda o`tdi.Milliy blokni doira sadolari ostida raqsga tushayotgan raqqosalar boshlab berdi. Rayhonning o`zi ham milliy raqslarni ijro etishda raqqosalardan qolishmasligini namoyon etdi. Halima Ibragimova bilan ijro etilgan “Omon yor” dueti mazkur blokda ijro etildi.
Rayhonning yangi Vatan haqidagi qo`shig`i ham yaxshi kutib olindi. Qo`shiq avvalida Rayhon tomoshabinlarga “mana shunday jannatmakon Vatanda yashayotganimiz katta baxt” ekanligini aytib o`tdi.
Konsertda bolalar raqs ansambllarining chiqishlaridan ham unumli foydalanilgan. “Chupra dalli” , “Kel,o`yna” kabi qo`shiqlar jajji qizaloqlarning raqslari bilan o`ziga xos joziba kasb etdi.
Rayhon yangi shou-dasturida olti hamkasbi bilan duet ijro etdi. Sardor Rahimxon, Ziyoda, Munisa Rizaeva, Shahriyor, Halima Ibragimova, Jahongir Poziljonovlar bilan ijro etilgan duet taronalarning barchasi tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olindi. Ayniqsa, Jahongir Poziljonov va “Bojalar” guruhi ishtirokidagi “Bachchan ansambli”ning chiqishi muxlislarga a`lo kayfiyat baxsh etdi.
Rayhon konsertda “Duv-duv gap” deb nomlangan yangi taronasini ijro etdi. Mazkur qo`shiq orqali xonanda muxlislarga murojaat etib, uning hayoti haqida asossiz mish-mishlar chiqarmasliklari va g`iybat qilmasliklarini so`radi.
Chiqish davomida Jahongir Poziljonov “ayni damda Bojalar guruhining konsert dasturi bo`lib o`tayotgani va unda mehmon sifatida ishtirok etayotgan xonanda Rayhon uch daqiqada 22 ta qo`shiq kuylab berishga kelgani”ni aytib hammani kuldirdi.
Konsertni hindcha blok yakunlab berdi. Mazkur blokda “Namaste”, “Habibi” kabi xit taronalar ijro etildi. Jahongir Poziljonov bilan ijro etilgan xazil duet ham ushbu blokdan o`rin oldi.
Dastur davomida xonandaning muxlislaridan biri Rayhonning yangi albomi diski bilan taqdirlandi. O`z navbatida muxlis ham Rayhonga o`z sovg`asini taqdim etdi. Bu xonandaning onasi, marhum aktrisa Tamara Shokirovaning portreti edi. Portretni ko`rgan Rayhon onasi besh yil burun vafot etganini aytib, bir muddat sukut saqladi va muxlisiga minnatdorchilik bildirdi.