Sevimli

​“Qabohat ko`chasidagi qondoshlar”

Jinoyat 27.03.2017, 11:14
Теглар: Jinoyat, Giyohvandlik moddasi
​“Qabohat ko`chasidagi qondoshlar”

Serqatnov ko`cha harakatida mashinalar ham, odamlar oqimi ham to`xtamaydi. Kimdir zarurat yuzasidan, kimdir ishga, ba`zilar mehmondorchilikka yo`l olishadi. Demak, bu harakatdan har kimning ko`zlagan maqsadi bor. O`ylagan rejasini amalga oshirish uchun tashlanayotgan qadamlar, afsuski, har doim ham to`g`ri harakat bo`lavermaydi. Samarqandlik Jamshid Razzoqovning (ism-familiyalar o`zgartirilgan) ham tanlagan yo`li uni jinoyat ko`chasiga etaklagandi.

Ishonchli sherik...

Birdaniga ko`p miqdordagi pulga ega bo`lish istagi Jamshid Razzoqovga tinchlik bermasdi. Ko`p va uzoq o`ylagandan naf yo`q, biron bir aniq reja tuzib, uni amalga oshirish kerak, xolos. O`ylarini oxir-oqibat rejaga aylantirgan Jamshid bu ishda ishonchli sherik topishi lozim edi. Uzoqdan qidirishga hojat qolmadi. Akasining taklifiga osongina rozilik bildirgan Sadriddin bu ishda unga qanot va beminnat yordamchi bo`la oldi.

Pul topishning usul va yo`llari ko`p. Muhimi kim qaysi yo`lni tanlashida. To`g`ri yo`ldan yurib, halol mehnat bilan daromad topishning gashti bo`lak, qolaversa, halollikda hikmat ko`p deyishadi. Bu tushunchalarni anglab etmagan aka-ukalarning gapni bir joyga qo`yib, ish boshlashlari sirtdan qaraganda hech kimda shubha uyg`otmasdi. Qo`ni-qo`shni, mahalladoshlari ham ularni oilasi uchun elib-yugurib yurishibdi, deb o`ylaganlari rost. Erkak kishining gardanida bo`lgan bir qancha vazifalar, jumladan, oila tebratish burchi ularni ham chetlab o`tmagandi. Bolam hech kimdan kam bo`lmasin yoki farzandimga yaxshi edirsam deyman, oilamda kamchilik bo`lmasin, deya qilingan harakat halol mehnatga asoslangan bo`lsa-ku yaxshi, biroq, qing`ir ishlardan topilgan pul bilan oila boqish to`g`rimikan?

Savolni boshqacharoq mazmunda berish ham mumkin: xo`sh, aka-uka Razzoqovlarning bu yo`lni tanlashlariga nima sabab bo`lgan? Javob bitta, nafsga do`st tutingani!

Xalqimizda “Birovga choh qazisang, o`zing yiqilasan” degan maqol bor. Bu bejizga aytilmagan. Aka-uka Razzoqovlarning birgalikda qazigan chohlari qancha insonlarning umriga, sog`ligiga jiddiy ziyon etkazmagan, deysiz.

Oq ajalning qora kulfatlari haqida ko`p eshitganmiz. Uni iste`mol qilish sog`likka o`ta zararli, sotish esa jinoiy harakat ekanligi ma`lum. Bu gaplardan Razzoqovlarning xabari bo`lmagan, deb o`ylashimiz xato. Faqatgina ularda osongina mo`may pul topish istagi har narsadan ustun bo`lgan.

Daromadli “ish”ning foydasi...

Aniqlangan holatlarga e`tibor qaratamiz. 2014 yilning yoz oylarida Sadriddin Razzoqov Sabohat ismli ayoldan 750 gramm opiy giyohvandlik moddasini 8500 AQSh dollariga sotib olib, tanishlariga 10 000 AQSh dollariga o`tkazadi. Bu ishdan olgan daromadi 1500 AQSh dollarini tashkil etadi, keyinchalik yana dekabr oyida 900 gramm miqdoridagi opiy giyohvandlik moddasini 25 million so`mga sotib olib, uni Navro`z ismli shaxsga 36 million so`mga pullab yuboradi.

Bu dastyorlik galdagi reja bilan ham bog`liq edi. Bozor gavjum joy. Bu erda odatda birov bilan birovning ishi yo`q. Oldi-sotdi uchun ayni muddao bo`lgan erda aka-ukalarning savdosi bo`lishi turgan gap edi.

O`tgan yilning 4 avgust kuni Nodira ismli ayoldan 90 million so`mga sotib olingan 1 kg. opiy giyohvandlik vositasini navbatdagi xaridorga 100 million so`mga sotayotgan mahali milliy xavfsizlik xizmati Xorazm viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan qo`lga olingan Razzoqovlarning qilmishlariga shu tarzda chek qo`yildi.

Qilmish-qidirmish

Bu hayotda kim ham xato qilmaydi deysiz. Ammo, bilib-bilmay qilingan xatti-harakat javobsiz, jinoyat esa jazosiz qolmaydi. Jinoyat ishlari bo`yicha Xorazm viloyat sudi hukmiga ko`ra, Jamshid Razzoqov 12 yil muddatga, Sadriddin Razzoqov 14 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

Adashdim, xatoimni endi tushunib etdim, degan so`zlar, qilmishidan pushaymonlik, afsuski, endi hech narsani o`zgartirolmaydi. Oilaga tirgak bo`lish, farzandlarni tarbiyalash, bir-birlarini qo`llab-quvvatlab, hayotda to`g`ri yashash o`rniga nafs qurboni bo`lgan kimsalar aka-uka degan nomga ham noloyiq.

Axir, ota-onalari ularni shu niyatda katta qilmagan. Sadriddinning oila qurganiga hali ko`p vaqt bo`lmagan, u hademay ota bo`lish arafasida. Otalik baxtini ko`rish, chaqaloqni qo`lga olib erkalash quvonchidan o`z-o`zini mahrum etgan Sadriddinning pushaymoni cheksiz.

“O`g`limning ismini Ozodbek deb qo`yaman. U ozod bo`lsin! Xatolarimni tushunib etdim”, deya pushaymon bo`layotgan Sadriddin qaniydi bu qilmishining oqibatini o`z vaqtida anglab etganida edi umrining ma`lum yillarini behuda sarflanishiga yo`l qo`ymasdi. Odatda biron narsaning qadriga uni yo`qotgach, etamiz, lekin umrning qadri, yaqinlar mehrini anglash uchun boshimiz devorga urilishini kutish shart emas.

“PUL QO`LNING KIRI”

Suhbat davomida bu iborani ko`p bora eshitganmiz. Gap hozir aynan bu iboraning qachon va nima maqsadda aytilganida emas, odamlarning pul topishga bo`lgan munosabati bilan bog`liq.

Samarqandlik Rajab Ibragimov nafaqa yoshiga etib, nevaralar qurshovida o`tirish o`rniga belni mahkam bog`lab pul topishga kirishadi. Tanishlarining iltimosiga ko`ra har gal bir gramm opiy giyohvandlik vositasini 100 ming so`mdan pullab kelgan Ibragimov keyinchalik uning miqdorini oshiradi.

Fozil hamda Hofiz ismli shaxslarga 2013 yil dekabr oyida 15 gramm opiy giyohvandlik moddasini 1,5 million so`mga sotadi. Bu ishda unga jiyani “Kattaqo`rg`onariq” qishlog`ida yashovchi Alisher Tagiev ko`maklashadi. Tog`a-jiyanlarning bu hamkorligi ishda yaxshi samara bera boshlaydi. Jinoiy guruhning yana bir a`zosi Tohir Xudoyorov esa so`ralgan miqdordagi giyohvandlik vositalarini Alisherga o`z vaqtida etkazib berish vazifasini bajaradi.

Jinoiy guruh a`zolari giyohvandlik vositalarini sotishdan tashqari uni muntazam ravishda iste`mol qilib kelishgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan o`tkazilgan tekshiruvlar chog`ida Rajab Ibragimovning yashash xonadonidan 185 tup ko`knori o`simligi hamda giyohvandlik vositasini iste`mol qilishga mo`ljallangan moslama topilgan.

Baroridan kelmagan “ov”

Qarindoshlarning navbatdagi rejasi 18 million so`mga baholangan galdagi ish bilan bog`liq edi. Xonadonimizga kirib kelgan mehmonga hurmat va izzat ko`rsatish o`zbekona odatlarimizdan sanaladi. Rajab Ibragimov ham mehmondorchilik odobiga rioya qilib, uyidagi mehmonini siylash niyatida sekin-asta gap ochadi. Dastlab mehmoniga bir million so`mga molini o`tkazgan mezbon galdagi oldi-sotdi ishlarida narx va miqdorni o`zgartiradi. 18 million so`m kam miqdordagi pul emas, uni tezroq qo`lga kiritish ilinjida jiyani Alisherga qo`ng`iroq qilib, kelishilgan miqdordagi giyohvandlik vositasini uyga olib kelishini tayinlaydi. Alisher esa har doimgiday Tohir Xudoyorovga qo`ng`iroq qiladi. Kelishilgan vaqtda Ibragimovning xonadoniga 200 gramm giyohvandlik moddasini olib kelishgan Tohir hamda Alisherlar uni o`lchab, xaridorlarga pullashga harakat qilishadi. Alisherning ehtiyotkorligi, har bir harakatga shubha bilan qarashi har gal uni qo`lga tushishdan saqlardi. Ammo bu gal unday bo`lmadi. Milliy xavfsizlik xizmati Xorazm viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan jinoyat ustida qo`lga olingan qarindoshlar ko`za kunida sinishini kech bo`lsada tushunib etishdi.

Jinoyat ishlari bo`yicha Xorazm viloyat sudida og`ufurushlarning jinoiy harakatlariga nisbatan tegishli tartibda jazo tayinlandi. Unga ko`ra, Rajab Ibragimov 8 yil, Alisher Tagiev 10 yil, Tohir Xudoyorov 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Kimdir boshqa birovga pand bersa begonada, qoni boshqa, shuning uchun yomonlik qilgan, degan xulosaga kelinadi. Akaning ukasini jinoyatga boshlashi, tog`a bilan jiyanining jinoiy sherik bo`lishi aslida qabohatdan boshqa narsa emas! O`zingdan chiqqan bu baloga davo topish ham mushkul. Balodan hazar qilish nafsni tiyish degani. Nafsimizga qul bo`lmaylik!

Nargiza Bo`ronova,

jurnalist

Шарҳлар

Namanganda 21 yoshli yigitni qotiliga aylangan blogerga nisbatan qamoq jazosi tayinlandi

10.01.2022, 21:58

Namanganda 150 ming so`m evaziga Instagram sahifasidagi obunachilarini ko`paytirish ortidan ikki bloger o`rtasida kelib chiqqan kelishmovchilik qotillik bilan tugadi.Qayd etilishicha, hodisa Chust tumanida o`tgan yilning...
Termizda qidiruvdagi qochqin qo`lga olindi

10.08.2021, 17:29

Termizda qidiruvdagi qochqin qo`lga olindi. Bu haqda Surxondaryo viloyati IIB xabar berdi.Ma`lum bo`lishicha, Termiz tumani “Sh.Rashidov” mahallasida yashovchi fuqaro X.Ilhom 2021 yil 29 iyun kuni...
Yilning 6 oyida har 100 ming aholiga nisbatan 132 ta jinoyat to`g`ri kelgan

10.08.2021, 16:44

2021 yil 6 oyida har 100 ming aholi soniga nisbatan 132 ta jinoyat to`g`ri kelgan. Bu haqda AOKAda o`tkazilayotgan  matbuot anjumanidan maxsus muxbirimiz Abdukarim Zaripov...
Senat raisi: Talabimiz – mahallalarda jinoyat bo`lmasin

30.07.2021, 16:07

Avval xabar berilganidek, ayni daqiqalarda Senatning o`n ettinchi yalpi majlisi o`tkazilmoqda. Yalpi majlisni olib borayotgan parlament yuqori palatasi Raisi Tanzila Narbaeva o`z nutqida bir qator dolzarb...