Sevimli

​Soliq to`lamagan soliqchilar

Jinoyat 10.04.2017, 15:34
Теглар: Jinoyat
​Soliq to`lamagan soliqchilar

Xalq orasida bosar-tusarini bilmay qolgan, dimog`dor insonlarga nisbatan “O`zi xon, ko`lankasi maydon” degan ibora qo`llaniladi. Jasur Shodmonovning (ism-familiyalar o`zgartirilgan)ham o`zini xonday tutishiga bir qancha sabablar bor edi, qolaversa, uning soyasiga salom berib, manfaat ko`rayotganlar soni ham kam emasdi. Viloyat Davlat soliq boshqarmasida 2012 yil may oyidan 2016 yil aprel oyiga qadar soliq organlarida xavfsizlik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo`limi boshlig`i lavozimida ishlab kelgan Jasur Shodmonov zimmasiga yuklatilgan mas`uliyatli vazifani bajarishdan ko`ra o`z shaxsiy manfaatlarini ustun qo`yadi, yanayam aniqrog`i, eng uchida ish bitirishni odat qilib oladi. Kimsan, falon joyning rahbari, degan ta`rifning o`ziyoq uning oyog`ini erdan uzilishiga sabab bo`lgandi. Qolaversa, tanish-bilish, qarindoshlar orasidagi mavqei, obro`sini amaldagi ishi bilan bog`liq, deb bilardi. Oqibatli kuyov shu tarzda qarindoshlariga yordam qo`lini cho`za boshlaydi.

“SOLIQChI”NING KIRDIKORLARI

Hayitqulovlar oilasini Gurlan tumanida ko`pchilik tanishi tabiiy. Boisi ancha yillardan buyon tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanib kelayotgan oila a`zolari “Tadbirkor” va “Turkiston” xususiy firmalari hamda “Gurlankinovideo” MChJi orqali biznes ishlarini yildan yilga kengaytirib, aholiga turli xil xizmatlarni ko`rsatib kelayotgan edilar.

“Turkiston” xususiy firmasining asosiy ish faoliyati neft mahsulotlarini savdosi, shahar va shaharlar aro yo`lovchi tashish faoliyati bilan bog`liq bo`lsa, “Gurlankinovideo” MChJ ma`naviy-madaniy dam olish ob`ekti sifatida faoliyat yuritishi uchun investisiya kiritish sharti bilan nol qiymatda berilgan edi, ammo binoda buning mutlaqo aksini ko`rish mumkin, ya`ni, bino tadbirkorlarga ijaraga berilib, yonida avtomobillar to`xtash joyi tashkil qilingan. Xizmat ko`rsatishdan tushgan pullar esa nazorat kassa mashinasiga kirim qilinmagan. Bu o`z-o`zidan pullar bank muassasalariga topshirilmaganligini ko`rsatadi. Xizmatlar va tushumlar birlamchi buxgalteriya hujjatlarida qayd etilmasdan daromad egasiga etib boravergan. Xo`sh, nega bu holatga ko`z yumilgan? Vaqtida tegishli tashkilotlarga hujjat taqdim etish, soliq to`lash kabi majburiyatlarni bajarmagan firma va jamiyat rahbarlarini kim panohiga olgan? Albatta, Saidbek Javlonov! U soliq xodimlariga yaqin qarindoshlariga tegishli bo`lgan firma va jamiyatning noqonuniy faoliyatini fosh qilmaslik, hisob raqamlaridagi pul aylanmalarini to`xtatmaslik, rejadan tashqari tekshiruvlarga tushirmaslik kabi og`zaki topshiriqlarni berib, amaldagi rahbarlari boshqa bo`lgan xususiy firma va korxonalarning faoliyatini muntazam nazorat qilib boradi. Bunga birgina misol, “Tadbirkor” xususiy firmasi 2010 yil yanvar oyida soliq organlari xodimlari tomonidan o`tkazilgan taftish yakuniga ko`ra 587 million 129 ming 300 so`m miqdordagi moliyaviy jarimaga tortiladi. Jarimani to`lamaslik maqsadida firma rahbarlari apellyasiya shikoyati bilan sudga murojaat qilishadi, ish qayta ko`rib chiqiladi, biroq, o`zgarishsiz qoldiriladi. Saidbek Javlonov hamda Olmosboy Hayitqulovlarning nima qilib bo`lsayam bir yo`lini topish kerak, degan urinishlari bekor ketmaydi. Jarimani to`lamaslik uchun firmani qasddan bankrot holatiga olib kelish maqsadida firma rahbari Rasulbek Haydarov, bosh hisobchi Furqat G`anievlar bilan birgalikda jinoiy reja tuzishadi. Firmaning soliqdan qarzdorligi yo`qligi to`g`risidagi ma`lumotnomani olishib, notarial idoraga taqdim etishadi hamda firma balansida turgan 10-sonli hamda 54-sonli avtomobillarga yoqilg`i quyish shahobchalarini “Turkiston” xususiy firmasiga hadya qilishadi. Keyinchalik Javlonovning sa`y-harakatlari bilan “Tadbirkor” xususiy firmasi balansida bo`lgan umumiy er maydoni 2510,0 kv.metr bo`lgan savdo va xizmat ko`rsatish shahobchalarini “Olmos Hayitqulov” fermer xo`jaligiga hadya etishadi. Bu ishlardan keyin firmani bankrot deb topish uchun Gurlan davlat soliq inspeksiyasi orqali xo`jalik sudiga ariza bilan murojaat qilishadi. Sud tomonidan bu ishga sud tugatuvchi boshqaruvchisi G`anijon Masharipov tayinlanadi.

O`zaro kelishuv asosida ish ko`rgan G`.Masharipov vazifasiga sidqidildan yondoshish o`rniga Saidbek Javlonov hamda firma rahbari Rasulbek Haydarov, bosh hisobchi Furqat G`anievlar iltimosini bajarishni afzal deb biladi, ya`ni, shu tarzda firma bankrot deb topilishiga erishiladi.

...DAVOMI BOR

Bu ishda qo`limiz baland keldi, deb o`ylagan guruh a`zolari navbatdagi rejalarini ham amalga oshira boshlashadi. Bu ishda ularga Gurlan tuman Davlat soliq inspeksiyasida jismoniy shaxslarga soliq solish bo`limi boshlig`i lavozimida ishlab kelgan Ikrom Hayitqulov ko`maklashadi. Aslida Ikrom Hayitqulov ham bu oilaga begona emasdi. Hayitqulovlarga, ya`ni, o`zlariga tegishli bo`lgan xususiy firma hamda mas`uliyati cheklangan jamiyatga rahbarlik qilganlar qog`ozda boshqayu, amalda boshqa bo`lgan. Ikrom Hayitqulov hamda Saidbek Javlonovlarning soliq tizimida ishlashlari firma faoliyatini boshqarishda qo`l keladi. Soliq va boshqa majburiy to`lovlarni to`lamaslik, noqonuniy boylik orttirish maqsadida kuyovi Saidbek Javlonov, qarindoshi Javlon Sayitmetov va tanishlari Rasulbek Haydarov hamda Furqat G`anievlarning yordamidan foydalangan Ikrom Hayitqulov daromad olishning turli yo`llarini izlab, topganlarini amalda qo`llay boshlaydi. Aniq dalillarga to`xtalamiz. “Gurlankinovideo” MChJga tuman hokimi qarori asosida 200 kv metr er ajratilgan bo`lsa-da, amalda 2479,0 kv metr er maydonidan foydalanib kelgan ustamon tadbirkor o`tgan yillar mobaynida jami 254 million 439 ming 300 so`mlik soliq to`lovlarini to`lashni go`yoki unutadi. Aslida madaniy hordiq chiqarishga mo`ljallangan bino esa bir qancha tadbirkorlarga ijaraga berilib, hujjatlarda soliq to`lovlarini kamaytirib ko`rsatilganligi sababli yagona soliq to`lovlari uchun jami 53 million 689 ming 700 so`m miqdoridagi mablag` ham to`lanmaydi. Qonunchilikdan yaxshi xabardor bo`lgan, o`zlari aynan soliq sohasida ishlayotgan qarindoshlarning bu kabi qilmishlari yoqilg`i quyish shahobchasi faoliyati bilan ham bog`liq edi. Benzin yoqilg`isini vaqtida olish uchun unga Transportdagi IIB Respublika temir yo`llarida neft mahsulotlari tashilishini kuzatish bo`yicha alohida milisiya bataloni Urganch temir yo`l bekatiga xizmat ko`rsatish bo`yicha beshinchi otryad milisioneri lavozimida ishlagan Shokir Mansurov beminnat ko`makchi bo`ladi. Vaqtida benzin yoqilg`ini etkazish uchun Ikrom Hayitqulovdan 1200 AQSh dollari miqdoridagi pulni pora tariqasida olgan Mansurov keyinchalik yana 800 AQSh dollari so`raydi, ammo bu gal o`ylagani amalga oshmaydi.

PUChGA ChIQQAN REJA

Bu vaqtda unga so`ralgan miqdordagi pulni berishi kerak bo`lgan Ikrom Hayitqulovning o`zi qo`l ostidagi xodimlaridan pora olgan mahali qo`lga tushadi.

O`sha vaqtda mehnat ta`tilida bo`lgan Ikrom Hayitqulov, dam olish o`rniga yana pul topishni o`ylaydi. Viloyat Davlat soliq boshqarmasiga hisobotlarni topshirish bahonasida xodimlarning har biriga ellik ming so`mdan pul yig`ishni topshiradi, biroq, bugungi kunda hisobot topshirish elektron pochtalar orqali yagona baza tizimida amalga oshirilishini hisobga olmaydi. E`tibordan chetda qoldirgan bu holat, qolaversa, ochko`zlik balosi oxir-oqibat uni chohga qulatadi.

BOYGA BALO URARMIDI?!

Hayitqulovlarning shu tarzda davom etgan tadbirkorlik faoliyatidan davlat manfaatiga etkazilgan zararlar miqdori oshib boraveradi. Eshik qoqib hech kim kelmasa, ishingni birov tekshirmasa, topganing o`zingniki bo`lsa, hatto mushugingga birov pisht demasa bundan kim ham sevinmaydi. Darvoqe, bu erkalikdan yanada taltaygan Saidbek Javlonov boshqa tadbirkorlar faoliyatiga ham o`z ta`sirini o`tkaza boshlaydi. 2014 yil noyabr oyida tadbirkor B.Normurodovdan qimmat narxdagi erkaklar ustki kiyimini olgan Javlonov pulning ma`lum qismini beradi, xolos. Yo`l transporti hodisasi natijasida yirtilgan ustki kiyimini Turkiya davlatiga borganida to`g`rilatib kelganligi uchun yana shu tadbirkordan 100 AQSh dollari miqdorida qarzdor bo`lgan Javlonov nimagadir hisob-kitob qilishni esdan chiqaradi. Yo`l transporti hodisasi ro`y berganidan “Lasetti” rusumli avtomashinasini O`rinovga sotib yuborgan Saidbek Javlonov pulini oladiyu, mashinani yangi egasining nomiga o`tkazishdan o`zini olib qochadi. Bu kabi holatlar yana boshqalar bilan ham ro`y beradi.

BUNISI HALI HOLVA...

Jinoiy guruh a`zolari tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida ularning cho`ntaklari qappayadi. Noqonuniy yo`llar bilan orttirilgan daromadlarni shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflashadi. Shu tarzda jumladan, birgina firma va jamiyat buxgalteriya hujjatlarida soliq solinadigan ob`ektlar to`liq ko`rsatilmagani hamda kamaytirib ko`rsatilganligi oqibatida jami 716 million 976 ming 300 so`m miqdordagi majburiy to`lovlar to`lanmaydi. Bu mablag`larga esa ikkita sholi tegirmoni, bir nechta avtomashina sotib olinadi. Jinoiy sheriklar 2013-2015 yillar hamda 2016 yilning birinchi choragida benzin yoqilg`ilarini firmaga qarashli shahobchalarda sotmasdan, noqonuniy ravishda qo`lda sotib kelayotgan shaxslar yordamida sotib, jami 3 milliard 916 million 76 ming so`m naqd pullarni nazorat kassa mashinalariga kirim qilishni esdan chiqarsa, jamiyat binosi ijarasidan tushgan jami 112 million 19 ming 600 so`m pullarni jig`ildonga urishadi. Xullas, gapirsak gap ko`p, ammo bu ishning natijasi javobsiz qolmadi. Ushbu holat jinoyat ishlari bo`yicha Xorazm viloyat sudida ko`rib chiqilib, sudlanuvchilarga nisbatan tegishli tartibda ma`lum muddatga ozodlikdan mahrum qilish hamda ahloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Hayotda biron bir narsaga erishish oson emas, lekin uni bir zumda qo`ldan boy berish mumkin. Qilgan ishimizni to`g`ri baholay olish va xatoni tushuna bilish umrni behuda sarflashdan saqlaydi, lekin yo`l qo`ygan xato uchun qonuniy javobgarlik ham borligini unutmasligimiz lozim. Xizmat faoliyatining asosini tashkil etgan korrupsiyaga qarshi kurashish o`rniga o`zi qing`irlikka qo`l urgan Saidbek Javlonov hamda xizmat mavqeidan foydalanib, xodimlaridan “soliq” undirishga uringan Ikrom Hayitqulovning bu qilmishlarini tanganing har ikkita tomonini ko`rgandayam oqlash noo`rin.

Qilmishlaridan pushaymon ekanligini bildirib, endi halol yashashga va`da berayotgan sobiq “soliqchi”lar har bir xatti-harakat uchun qonuniy javobgarlik borligini o`z vaqtida anglab etganlarida edi, bu holatga tushishmasdi. Berilgan va`daning ham o`z qiymati bor, qachonki u bajarilsagina o`z nomini oqlaydi, bo`lmasa quruq gapdan farqi qolmaydi...

Sardor Toganov, jinoyat ishlari bo`yicha
Xorazm viloyat sudi sudyasi
Nargiza Bo`ronova, jurnalist.


Шарҳлар

Namanganda 21 yoshli yigitni qotiliga aylangan blogerga nisbatan qamoq jazosi tayinlandi

10.01.2022, 21:58

Namanganda 150 ming so`m evaziga Instagram sahifasidagi obunachilarini ko`paytirish ortidan ikki bloger o`rtasida kelib chiqqan kelishmovchilik qotillik bilan tugadi.Qayd etilishicha, hodisa Chust tumanida o`tgan yilning...
Termizda qidiruvdagi qochqin qo`lga olindi

10.08.2021, 17:29

Termizda qidiruvdagi qochqin qo`lga olindi. Bu haqda Surxondaryo viloyati IIB xabar berdi.Ma`lum bo`lishicha, Termiz tumani “Sh.Rashidov” mahallasida yashovchi fuqaro X.Ilhom 2021 yil 29 iyun kuni...
Yilning 6 oyida har 100 ming aholiga nisbatan 132 ta jinoyat to`g`ri kelgan

10.08.2021, 16:44

2021 yil 6 oyida har 100 ming aholi soniga nisbatan 132 ta jinoyat to`g`ri kelgan. Bu haqda AOKAda o`tkazilayotgan  matbuot anjumanidan maxsus muxbirimiz Abdukarim Zaripov...
Senat raisi: Talabimiz – mahallalarda jinoyat bo`lmasin

30.07.2021, 16:07

Avval xabar berilganidek, ayni daqiqalarda Senatning o`n ettinchi yalpi majlisi o`tkazilmoqda. Yalpi majlisni olib borayotgan parlament yuqori palatasi Raisi Tanzila Narbaeva o`z nutqida bir qator dolzarb...